JSST bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    Salomatlik 31 May 2022 2282

    Joriy yil 30-mayda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda JSST va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

    L.Kuppens Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, kasalliklarni kamaytirish, pandemiya davrida aholini muvaffaqiyatli emlash, Orolboʻyi mintaqasida ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan oʻzgarishlar va islohotlar koʻlamini alohida taʼkidlab oʻtdi.

    Oʻz navbatida, S.Safoyev Orolboʻyi mintaqasida davlat rahbarining tashabbuslari va alohida topshiriqlariga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar, oʻzgarishlar va ayni vaqtdagi holatga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2021-yil 18-mayda “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb eʼlon qilingani Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi ekanligi qayd etildi.

    Xususan, 2018-yildan buyon Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar tarqalishining oldini olish maqsadida 1,5 million gektar maydonga choʻl oʻsimliklari ekildi. Joriy yilda yana 100 ming gektar maydonda oʻrmonzor barpo etish rejalashtirilganligi taʼkidlandi.

    L.Kuppens JSST Orolboʻyi mintaqasi aholisi salomatligini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida oʻzaro samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.