Bu savolga Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) eksperti va Xalqaro tropik tibbiyot federatsiyasi prezidenti, professor Sant`yago Mas Koma javob berdi. Uning aytishicha, hamma to'liq vaktsina olib, ommaviy immunitet shakllanmagunicha kasallik xavfi yuqori bo'lib qolaveradi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, odamlar birinchi yoki ikki dozada emlangani zahoti “endi xatardan xoliman”, deya to'liq xotirjamlikka berilib, ehtiyotkorlik choralarini esdan chiqarib qo'yishmoqda. Mutaxassisning ta'kidlashicha, emlangandan so'ng tibbiy niqoblardan butunlay voz kechish, ijtimoiy masofa saqlamaslik va aholi gavjum joylarda karantin qoidalariga rioya qilmaslik yanglish xatti-harakatdir.

Qolaversa, sovuq kunlar boshlanyapti. Oldimizda qish. Bunday vaziyatda insonlar ko'proq yopiq inshootlar, masalan, oshxonayu kafelar, restoranu barlar kabi issiqroq joylarda ko'proq vaqt o'tkazadilar. Oqibatda infektsiya tarqalish ehtimoli oshadi.

Mas-Koma emlanishdan so'ng hosil bo'ladigan antitanalar faqat ma'lum muddat amal qilishini, ayniqsa, immuniteti past kishilarga vaqt o'tib COVID-19 yana xavf solishi mumkinligini tushuntirdi. “Inson tanasi koronavirusni taniy oladigan xotira hujayralarini ishlab chiqaradi, — deydi epidemiolog "Lenta. ru"ga bergan interv`yusida. —  Biroq “del`ta” shtammining yuqori yuquvchanligi sababli xotira hujayralari bunga ulgurolmay qoladi. Ya'ni ular kasallikdan himoya qilishga qodir neytrallashtiruvchi antitanalarni qayta ishlab chiqarishi uchun biroz vaqt kerak bo'ladi”.

Shunga qaramay, yaxshi xabar ham bor. So'nggi oylarda “del`ta”dan ko'ra yuqumliroq shtamm aniqlangani yo'q. “Hozir men kasallanishning yana bir kuchli to'lqini xavfini ko'rmayapman, lekin odamlar pandemiyaga qarshi individual choralar ko'rish kerakligini anglamagunlaricha holatlar soni ortib boraveradi”, — deya qayd etdi ekspert.

Sog'liqni saqlash vazirligi

matbuot xizmati.