Ushbu holat kelgusida yana bir global muammoni keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori. Yaʼni JSST kasallanishlar soni keskin koʻpayishi bilan shifoxonalarda oʻrin-joylar yetmay qolishidan jiddiy xavotirda.

— “Omikron”ni faqat koronavirusga qarshi vaksinalar bilangina toʻxtatib qololmaymiz, — deydi T. Gebreyesus. — Boshqa ehtiyot choralarini ham kuchaytirishimiz shart. Jumladan, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, bino va xonalarni tez-tez shamollatib turish, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish zarur.

Shuningdek, JSST rahbari oʻz bayonotida “omikron”ning xavfli jihatlari hali yetarlicha oʻrganilmagani va baholanmaganini ham aytdi.

Buni boshqa mutaxassis va ekspertlar xulosalari ham tasdiqlaydi. Masalan, “Moderna” kompaniyasining bosh tibbiyot mutaxassisi Pol Burtonning aytishicha, “omikron” va “delta” shtammlari bir vaqtning oʻzida yuqib, inson tanasi hujayralariga kirgach, yangi, yanada xavfli virus turi paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Uning soʻzlariga koʻra, “omikron” koronavirusning yengilroq shtammi, deb oʻylash xatodir.

Janubiy Afrika Respublikasining eng yirik provinsiyalaridan biri — Yoxannesburgda joylashgan Vitvatersranda universiteti tadqiqotchisi Shabir Madhi ham shunday fikrda. Yaʼni “omikron” hozir bizga maʼlum boʻlganidan ham xavfliroq boʻlishi mumkin.

Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Tatyana Golikova esa jahon olimlari xulosasiga tayanib, “delta” bilan kasallangan har bir bemor bu virusni oʻrtacha 0,8 kishiga yuqtirishi ehtimolini aytdi. “Omikron”ga chalinganlarda bu koʻrsatkich 3-3,5 kishiga yetishi mumkin.

Binobarin, xitoylik olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijasida “omikron” bronxlarda “delta”ga qaraganda 70-marta tezroq koʻpayishi aniqlandi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.