Juda koʻp miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda ayblangan Merey Omonboyevaga sud hukmi oʻqildi

    Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Merey Omonboyevaga nisbatan sud hukmi oʻqildi.

    Bu haqda sud hujjati bilan tanishgan Kun.uz xabar bermoqda.

    Sud hukmida keltirilishicha, Merey Omonboyeva 2022-yilning iyun oyidan 2023-yilning noyabr oyiga qadar Navoiy shahar Zarafshon mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ishlagan. U xizmat mavqeyidan foydalanib, Navoiy shahridagi tadbirkorga oʻzining Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan yaqin munosabatda ekanini aytib, goʻyoki hokim bilan tanishtirib qoʻyishni vaʼda qilgan. Bu orqali esa tadbirkordan shahar hokimi Dilmurod Ergashev nomidan qarz evaziga pul soʻrab olishni rejalashtirgan.

    Omonboyeva 2022-yil 28-oktyabrdan 2023-yil 5-sentyabrga qadar “Sarmish 9999” va “Bright industry buldings the future” MCHJ rahbari M.Rahmatovdan jami 80 mln soʻm pul mablagʻini qarz sifatida olgan. Ushbu qarzni qaytarib bermaslik va tadbirkorning boshqa pul mablagʻlariga egalik qilish maqsadida 2023-yilning oktyabr noyabr oylari davomida unga goʻyoki, oʻzini Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan yaqin munosabatda ekani, uning Xitoyga xizmat safari bilan borgan vaqtida Navoiy shahridagi ayrim tadbirkorlardan 50 ming AQSH dollari miqdorida qarz olib ketgani, ushbu qarzdorlik tadbirkorlar tomonidan talab qilinayotganiga ishontirgan. Soʻngra goʻyoki shahar hokimi tomonidan M.Rahmatovdan moddiy yordam soʻralgani haqida Telegram orqali yozishmalarni soxtalashtirib, tadbirkorga koʻrsatgan.

    Merey Omonboyeva bu orqali M.Rahmatovni Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashevga qarz berishga koʻndirgan hamda pulni oʻzi yetkazishi kerakligiga ishontirgan. Tadbirkordan hokimga qarz sifatida berish uchun 2023-yil 1-oktyabrdan 18-noyabrga qadar 56 mln soʻm va 23 ming AQSH dollari, jami 338 mln soʻm miqdoridagi pulni qoʻlga kiritgan.

    Omonboyeva sud majlisida soʻroq qilinganida aybiga iqrorlik bildirmasdan hokimning oʻzi undan pul soʻraganini, u oʻsha kuni kechqurun tadbirkorga qoʻngʻiroq qilib, pulni olganini bildirgan.

    «Vaqt oʻtgach, Mehroj aka bilan oʻrtamizda kelishmovchilik paydo boʻlgani sababli u qarz sifatida olib ketgan pullarimni qaytarishni soʻradi. Unga pullarning orasini ochib berishimni aytdim. Ammo D.Ergashevdan bu haqida hech qanday javob boʻlmadi.
    185 mln soʻm pulni D.Ergashev uchun qarz sifatida Mehroj akadan olganman. D.Ergashevdan 185 mln soʻm nima maqsadda kerak ekanini soʻramaganman. Bundan tashqari, M.Rahmatov xodimlarini elektrik, mexanik, slesar va boshqa shu kabi sohalarga oʻqitib berishim uchun 80 mln soʻm bergan, ammo oʻqitish uchun xodim yubormagan», degan u.

    Omonboyeva tergovda qoʻshimcha gumon qilinuvchi hamda ayblanuvchi sifatida himoyachisi ishtirokida soʻroq qilinganida esa aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan.

    «Goʻyoki Navoiy shahar hokimi D.Ergashevning nomiga “Shahar hokimi” nomi ostida soxta akkaunt ochib, yozishmalarni ham oʻzim yozib, soʻng skrinshot olgan holda M.Rahmatovga tashlab berdim. Unga shahar hokimi D.Ergashev M.Rahmatovdan pul mablagʻlarini qarz sifatida berishi, keyinchalik qaytarib berishi haqida soʻzlari boʻlib, ushbu ishni M.Rahmatovni ishontirish uchun qildim. Ularni M.Rahmatovga koʻrsatib, 23 ming AQSH dollarini singlisi Z.Rahmatovadan oldim. Ushbu pullarni onam avtohalokatga uchragani uchun uning sogʻligini tiklashga sarfladim. Navoiy shahar hokimi D.Ergashevning ushbu holatlardan umuman xabari boʻlmagan», degan u koʻrsatmasida.

    Jabrlanuvchi Mehroj Rahmatov suddagi koʻrsatmasida shunday degan:

    «2023-yilning dekabr oyi oxirlarida M.Omonboyeva yana qarz soʻradi. Navoiy shahridagi xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotimda gaz masalasini bahona qilib, haqiqatan pul mablagʻlari shahar hokimiga berilayotganligini bilish maqsadida Navoiy shahar hokimi qabuliga bordim. Unga dastlab goʻyoki gaz bosimi pasayganligini, shuni koʻtarishga amaliy yordam berishini aytdim. Gap orasida shahar hokimi D.Ergashevga “Soʻragan pulingizni kechga Mereyga berib yuboraman” dedim. Hokim qanday pul ekanligini soʻradi. Unga qarz sifatida 56 mln soʻm va 23 ming AQSH dollarini M.Omonboyeva orqali berganligimni maʼlum qildim. Hokim hayron boʻlib, M.Omonboyevadan hech qanday pul soʻramaganini aytdi».

    Mehroj Rahmatov Omonboyeva unga jami 136 mln soʻm va 23 ming AQSH dollari miqdorida zarar yetkazganini aytib, ushbu mablagʻni undirib berishni soʻragan.

    Sudda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev ham guvoh sifatida soʻroq qilingan. Hokim oʻz koʻrsatmasida Merey Omonboyeva va Mehroj Rahmatovdan hech qanday pul mablagʻlarini biror-bir ishini hal qilib berish yoki qarz sifatida soʻramaganligini, ulardan pul olmaganligini, uning nomidan soxta Telegram akkaunt ochilganligini maʼlum qilgan.

    Sud hukmi bilan Merey Omonboyeva Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda koʻp miqdorda firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

    Sud Merey Omonboyeva ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmaganligi, ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanayotganligi, “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangani, yetkazilgan zarar qoplanganini hisoblab, Jinoyat kodeksining 70-moddasiga (Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish) asosan jazodan ozod qilishni lozim topgan.