Jurnalistika — hayotiy maslak. Shunga munosiblar yetuk kadr etib tayyorlanadi

    Fikr 24 May 2023 2327

    Bundan roppa-rosa besh yil oldin davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, Markaziy Osiyoda jurnalistika va axborot sohasida professional mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi.

    Oʻsha kezlarda rivojlanishning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻygan mamlakatimizdagi islohotlarni teran idrok etib xalqqa yetkazadigan, soʻz va fikr erkinligini amalda namoyon etadigan jurnalist kadrlarning yangi avlodiga ehtiyoj paydo boʻlganini hammamiz yaxshi eslaymiz. zero, ommaviy axborot vositalarining soni oshgani va faoliyati kengaygani sari bunday mutaxassislarga talab ortishi tajribada koʻrilgan.

    Prezidentimizning “Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida oliy taʼlim muassasamiz oldiga hal etilishi zarur boʻlgan bir qancha vazifalar qoʻyildi. Ulardan biri yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlarni tayyorlashni nazarda tutadi. Hozir universitetimizga oʻqishga kirayotgan yigit-qizlarning salmoqli qismi ikkita xorijiy tilni oʻrganib, faoliyat yuritishga tayyorgarlik koʻryapti.

    Ular shakllanib, kelgusida jahon media maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qiladigan mutaxassislar boʻlishiga ishonchim komil.

    Bugungi mediamakon, tezkorlik bilan rivojlanayotgan davr har tomonlama professional jurnalist kadrlarni yetishtirib berishni taqozo qilyapti. Bu borada qisqa muddatda boʻlsa-da, qator ishlarni bajarishga harakat qildik. Dastlab oliygohimizda bor-yoʻgʻi uchta fakultet, ikkita kafedra mavjud edi. Oʻtgan davrda bu raqamlar eniga ham, boʻyiga ham ancha oʻsdi, kengaydi. Bugunga kelib universitetda 4 ta fakultet, 10 ta kafedra, 25 ta boʻlim faoliyat yurityapti.

    Universitet tashkil etilgan yili 8 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 10 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha talabgorlar oʻqishga qabul qilingan edi. 2022/2023 oʻquv yilida 17 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 17 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlay boshladik. Dastlabki yillari, yaʼni 2018/2019 oʻquv yilida universitetga 223 yigit-qiz talabalikka qabul qilingan. Joriy oʻquv yilida bu koʻrsatkich 3355 nafarga yetgani oliy taʼlim muassasamizga talab yildan-yilga ortib borayotganidan dalolat beradi. 2020-yilda magistratura mutaxassisligi boʻyicha 35 yigit-qiz oʻqishni tamomlagan boʻlsa, joriy oʻquv yilida bu koʻrsatkich 146 nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

    Shu oʻrinda bu kontingentga kimlar dars beryapti, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta. Joriy yilning 1-aprel holatiga koʻra, asosiy shtatda 111 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda.

    Ulardan 5 nafari fan doktori, 35 nafari fan nomzodi (yoki filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori). Shu tariqa oliygohning umumiy ilmiy salohiyati 38 foizni tashkil etmoqda.

    Prezidentimiz qarorida jurnalistika sohasi taʼlimini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yo shlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish boʻyicha ham zimmamizga yuklangan vazifalar mavjud. Bu borada ham muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar va ilmiy ish ustida izlanayotgan yosh olimlar izchil qoʻllab-quvvatlanyapti. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda dissertatsiyalar himoyasi oʻtkazilyapti. Besh yilda 26 talabgorning filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, yana 4 nafarining filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi uchun himoyasi tashkil etildi. Shu tariqa oliygohimiz jurnalistika sohasida taʼlim berayotgan ilmiy darajali va ilmiy unvonli professor-oʻqituvchilar safi koʻpayishiga hissa qoʻshyapti. Joriy yilda universitetda jurnalistika ixtisosl igi boʻyicha ilmiy darajaga talabgor 51 nafar mutaxassis tahsil olmoqda. Doktoranturadagi izlanuvchilarimizdan 3 nafari muddatidan avval, 6 nafari belgilangan vaqtida dissertatsiya yoqlagani ham ilmiy sohadagi yutuqlarimiz debochasidir.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklari hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etildi. Bunda filologiya yoʻnalishlari boʻyicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yoʻnalishlar boʻyicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutilgan.

    Doktorantura bosqichiga talabgorlarning qiziqishi yuqoriligi va aksariyat nomzodlarning doktoranturaga mustaqil tadqiqotchi sifatida hujjat topshirayotganini inobatga olib, 2023/2024 oʻquv yili uchun mustaqil tadqiqotchilikka qabul jarayoniga oʻzgartish kiritish taklif etilmoqda. Unga koʻra, ilmiy ishining 50 foizi tayyor boʻlgan mustaqil tadqiqotchilikka nomzodlarga alohida eʼtibor beriladi. Toʻgʻri, bunday vaziyatda qabul koʻrsatkichi, albatta, pasayadi. Biroq dissertatsiya himoyasi koʻrsatkichini oshirish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

    Universitet ochilgan kundanoq professor-oʻqituvchilar va talabalarning mashgʻulotlarni ijodiy muhitda oʻtkazishi uchun sharoit yaratildi. Darslarni ochiq osmon ostida oʻtish uchun maxsus oʻrindiqlar oʻrnatildi. Boy kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan Axborot texnologiyalari markazi, jurnalistika tarixi muzeyi talabalar ixtiyoriga berildi. Keyinchalik Turkiya va Germaniya bilan hamkorlikda teleradiostudiya, fotolaboratoriya, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Talabalar press-klubi tashkil etildi, kovorking markazi ochildi. Shuningdek, barcha qulaylikka ega talabalar turar joyi barpo etildi.

    Bunday muhitni yaratishdan maqsad hozirgi soʻz va fikr erkinligi, ochiqlik va oshkoralik davrida milliy mediamiz uchun iqtidorli, sohasini puxta egallagan, professional kadrlarni tayyorlashdir.

    Ayni paytda universitetda jurnalistika taʼlimi differensial yondashuv asosida olib boriladi. Bu, oʻz navbatida, sohaning ichki yoʻnalishlariga, ixtisosliklarga boʻlingan holda oʻqitishni nazarda tutadi. Xususan, bosma ommaviy axborot vositalari, teleradio, internet, xalqaro jurnalistika bilan bir qatorda media sohasi rivojiga qaratilgan mutaxassisliklar boʻyicha ham kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Mediamarketing, mediamenejment, mediadizayn shular jumlasidan.

    Jurnalistikada ixtisoslashuvni va yangi ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash jarayonini kuchaytirish maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan sanʼat jurnalistikasi, sayyohlik jurnalistikasi kabi yoʻnalishlar ham oʻquv jarayoniga kiritildi.

    Qolaversa, jurnalistik faoliyatning asosiy qismini amaliyot tashkil etgani bois, universitetda amaliyot bilan nazariyani uygʻun olib borishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda maxsus oʻquv laboratoriyalari, oʻquv tele va radiostudiyasi, oʻquv foto laboratoriyasi tashkil etilgan. Shu oʻquv laboratoriyalari va studiyalarda talabalarning bevosita amaliyot jarayonida qatnashishi, amaliyotchi mutaxassislardan toʻgʻridan-toʻgʻri dars olishi uchun imkoniyat yaratilgan. Ommaviy axborot vositalari qoshida universitetning mahorat maktablari tashkil etildi. Qolaversa, har bir fakultet oʻz yoʻnalishidagi tahririyatlar bilan birgalikda amaliyotni joyida oʻtash hamda tahririyatdagi amaliyotchilarni dars jarayoniga jalb etish boʻyicha alohida dasturlarga, strategiyalarga ega. Bu borada har bir fakultetning tahririyatlar bilan tuzgan shartnomalari mavjud. Jumladan, universitetning bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, internet jurnalistikasi fakulteti Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan shartnoma tuzgan.

    Eng muhimi, jurnalistika sohasiga qadam qoʻyayotgan abituriyentlar qabul jarayonida aynan ijodiy imtihondan oʻtgan holda universitetga qabul qilinadi. Bu, oʻz navbatida, yoshlar orasida isteʼdodli, sohaga layoqatli, kreativ fikrlaydigan, oʻz soʻzi va pozitsiyasiga ega, jurnalistikani shunchaki kasb emas, balki hayotiy maslak sifatida koʻradigan yoshlarni saralab olishga xizmat qiladi.

    Shu oʻrinda universitetning tashkil etilishi bilan bogʻliq holatlar yodga tushadi. Oliygohimizning asosiy binolari qad rostlayotgan palla mamlakatimizga pandemiya kirib kelgan paytga toʻgʻri keldi. Oʻshandagi murakkab vaziyat, moliyaviy-iqtisodiy taqchillikka qaramay, universitet binolarini qurish jarayoni izchil davom etdi. Qurilish bir kun ham toʻxtatilgani yoʻq. Hamma jabhada faoliyat butkul toʻxtagan paytda ham quruvchilarimiz, mutaxassislarimiz gigiyena talablariga rioya qilgan holda tashkiliy ishlarni toʻxtatmadi. Pirovardida, oʻsha kezda universitetning maʼmuriy, oʻquv binolari hamda yotoqxonasi qurilishini tugatish imkoniyatiga ega boʻldik.

    Toʻgʻri, jarayon oson kechgani yoʻq. Biroq har qanday sharoitda ham vaziyatdan chiqish yoʻlini topish juda muhim. Bu borada universitetimizga qaratilgan eʼtibor va yaratilgan imkoniyatlar har qadamda katta yordam berdi. Davlatimiz rahbarining qarori tufayli ish jarayonida yuqori tashkilotlarning qoʻllab-quvvatlovi va qurilish kompaniyalarining masʼuliyatli yondashuvini his etib turdik. Natijada juda kichik hududda joylashgan, universitetning hatto bir gektar ham chiqmaydigan kampusida ekobogʻ, ijodiy hamda talabalarning iqtidorini har tomonlama namoyon etishga qaratilgan muhitni shakllantirishga erishyapmiz. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, oʻquv-uslubiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, talabalarga zarur zamonaviy bilim berishga xizmat qiladigan texnik vositalarni yetkazish kabi masʼuliyatli vazifalar boʻyicha qilayotgan ishlarimiz bir muddat ham toʻxtamaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarini xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlarining roʻyxatiga kiritish boʻyicha vazifalar belgilangan. Bu masala ham diqqatimiz markazida.

    Oliygohimizda tashkil etilgan ishchi guruh faol izlanishda. Bu borada turli reyting agentliklari bazasida universitet profilini yaratishga erishdik. Ikki yildan buyon reytinglarda faol ishtirok etyapmiz va maʼlumotlarni muntazam yetkazib boryapmiz. Albatta, reyting tashkilotlarida, hududiy reytinglarda yoki fan doirasidagi reytinglarda pozitsiyamizni mustahkamlashga harakat qilamiz.

    Buning uchun bir oz vaqt talab etiladi. Chunki OTMlar reytingini aniqlashda bitiruvchilar salmogʻi ham katta ahamiyatga ega. Bizdan endigina bakalavriat bitiruvchilarining ikkinchi avlodi chiqyapti. Biroq soʻnggi ikki yilda bu sohadagi faoliyatimiz toʻxtagani yoʻq. Aynan shu reytinglardagi tartib-taomillarni, universitet reytingini oshirishga qaratilgan mezonlarni tahlil etgan holda bu yildan media va kommunikatsiyalar sohasiga qoʻshimcha ravishda gumanitar yoʻnalishlarni ham ochishga qaror qildik. Kelgusida oliygohimiz mavqeini yanada oshirmoqchimiz. Buning uchun siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar, sotsiologiya, psixologiya kabi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatimizni kuchaytirish talab etiladi.

    Bundan tashqari, xalqaro reyting agentliklarida eʼtibor qaratiladigan va muhim yoʻnalishlardan biri ilmiy faoliyatdir. Shu maʼnoda, professor-oʻqituvchilarimizning xalqaro ilmiy-tadqiqot bazalarida ilmiy ishlari, ilmiy maqolalari bilan ishtiroki salmogʻini oshirish asosiy maqsadlarimizdan. Buning uchun universitetda ham metodik, ham ragʻbatlantirish nuqtayi nazaridan yetarli sharoit yaratilgan. Yuqori impakt faktorga ega “Web of Science”, “Scopus” kabi ilmiy bazalarda chop etilgan maqolalar uchun alohida ustamalar beriladi.

    Qisqasi, universitetda taʼlim va ilmni uygʻun tarzda xalqaro darajada rivojlantirishga eʼtibor qaratamiz. Chunki reytinglardan oʻrin egallash yoʻlida universitet bosib oʻtishi kerak boʻlgan jarayonlarga guvoh boʻldik. Yaʼni OTM oʻz faoliyatiga tanqidiy qarashni oʻrganadi. Taʼlim bozoridagi mavqeini aniqlashga harakat qiladi. Boshqaruvda ham, ijroda ham taʼlim bozorining talablarini inobatga olishga intiladi. Aynan shu jarayonlarni universitetimiz boshdan kechirmoqda.

    Universitetning olgʻa ildamlashi uchun barcha sharoit mavjud. Jamoamizdan faqat sidqidildan faoliyat yuritish, boʻlgʻusi kadrlarni tayyorlashga taʼlimdagi soʻnggi yangiliklarni joriy qilish, darslarga masʼuliyatli yondashish, shuningdek, yangi taklif, gʻoya va bilimlar bilan talabalarga peshvoz chiqish talab etiladi.

    Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

    Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,

    professor