Kadastr tizimida “ochiq eshiklar siyosati” amalda

    Hamkor davlatlar qatoriga Singapur, Gruziya, Turkiya, Ozarbayjon, Sharqiy Yevropa davlatlari ham qo'shilib bormoqda.

    Hozir yer masalasi anchayin dolzarb. Yurtimizda oxirgi yillarda yer va mulk munosabatlarini tartibga solishning yangi mexanizmi yaratilgani odamlarni qiynab kelayotgan ko'pgina muammolarga yechim bo'lyapti. Davlatimiz kadastr tizimining vazifalari tubdan yangilandi, desak ham bo'ladi. Biroq bu yo'nalish doimiy islohotlarni talab etadi. Bu borada esa xalqaro aloqalar, rivojlangan xorij tajribasi ham muhim o'rin tutadi.

    Sababi, biz yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo'lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, ularni bozor aktiviga aylantirish va bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish yo'lida yangi bosqichni bosib o'tmoqdamiz. Mazkur jarayon davlat va xalq manfaatlarida muvozanatni ushlab beradigan yechimga kelish uchun ham xorijiy hamkorlar bilan “ochiq eshiklar siyosati”ga amal qilish, o'zaro yutuq va kamchiliklar muhokamasidan cho'chimaslik va, eng muhimi, izchil o'rganishlikni talab qiladi. Shu bilan birga, mulk daxlsizligi investitsiyaviy jozibadorlikni ta'minlovchi eng muhim faktorlardan biri ekanligini ham unutmaslik lozim.

    Prezidentimizning 2020-yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni bilan Kadastr agentligiga ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifasi yuklatilgan edi. O'tgan davr mobaynida hamkorlik ko'lamini kengaytirish, xorijiy tajribani o'rganish, amalga oshirilayotgan islohotlarda chet el ekspertlari xulosalarini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

    Masalan, 2021-yilning aprel oyidan boshlab Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda Kadastr agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari ishtirokida yerdan foydalanish rejimi, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer bahosini aniqlash usullari, shahar hududlarida yer bahosini aniqlashni optimizatsiya qilish kabi mavzularda virtual davra suxbatlari o'tkazildi. Noyabr oyida esa Jahon bankining Yer va geofazoviy aspektlar bo'yicha yuqori darajadagi Missiya vakillari tashrifi bo'lib o'tdi. Xalqaro moliyaviy institut vakillari yaratgan platforma doirasida Yer islohotlarini rivojlantirish bo'yicha idoralararo konferensiya hamda O'zbekiston va Gruziyada yer islohotlarini amalga oshirish tajribasini taqqoslash orqali mintaqaviy bilim–tajriba almashinuvi amalga oshirildi.

    2022-yilning 15-16-mart kunlari yer axborot tizimlarini rivojlantirishga urg'u berish, geofazoviy va statistik ma'lumotlardan integratsion holda foydalanish bo'yicha Markaziy Osiyo davlatlarining institutsional salohiyatini oshirish hamda idoralararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Kadastr agentligi mezbonligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda Yer ma'lumotlari uchun geofazoviy va statistik ma'lumotlardan kompleks foydalanish bo'yicha yuqori darajadagi yig'ilish tashkillashtirildi.

    Pandemiya sharoitiga qaramasdan, Markaziy Osiyo davlatlarinining yerdan samarali foydalanishini boshqarish uchun geofazoviy va statistik ma'lumotlardan foydalanishni qo'llab-quvvatlash maqsadida BMT ESCAP tomonidan virtual treninglar va ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi. Unda Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistondan jami 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Virtual va yuzma-yuz uchrashuv formatida bo'lib o'tgan tadbirlar yer munosabatlari, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, davlat kadastrlarini yuritish, raqamlashtirish sohasida jahon hamjamiyatida, hamkor davlatlarda amalga oshirilayotgan innovatsion yechimlar va yutuqlar — islohotlarni har bir qadamni chuqur o'ylab, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro ishonchni ustuvor qo'ygan holda amalga oshirishga turtki bo'lmoqda.

    Ortga nazar tashalaganda, Kadastr agentligi tomonidan er ma'muriyatchiligi va kadastr sohasida hamkorlik geografiyasini kengaytirish faollashib borayotganini ko'ramiz. 2017-yildan to bugunga qadar Koreya, Belorus, Rossiya, Xitoy, Tojikiston kabi bir necha davlatlar bilan mustahkam aloqalar o'rnatilgan bo'lsa, bugungi kunda ular qatoriga Singapur, Gruziya, Turkiya, Ozarbayjon, Sharqiy Yevropa davlatlari ham qo'shilib bormoqda.

    Joriy yil may oyida Jahon bankining yer islohotlari bo'yicha konsultanti — David Egiashvili bilan Agentlik xodimlari o'rtasida “Gruziyada olib borilgan kadastr tizimlari islohoti va yer munosabatlari”ga bag'ishlangan erkin davra suhbati bo'lib o'tdi. Aytish joizki, tadbirlarni tashkillashtirishda sondan ko'ra sifatni ustun qo'yish samarali natijalarga olib keladi. Gruziyalik ekspertning 1990-yillarda yer bozori, ro'yxatga olish siyosatini ishlab chiqishda faol ishtirok etgani, Gruziya Davlat reestri milliy agentligiga rahbar bo'lgani, uning boshqaruv davrida amalga oshirgan islohotlari Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan o'tkazilgan “Biznesni yuritish — 2006” reytingida eng yaxshi islohotlar deb topilgani tajriba almashinuv jarayonida ko'p funktsiyali muloqot qilishimizda qo'l keldi.

    Turkiy davlatlar bilan hamkorlik haqida so'z yuritar ekanmiz, Ozarbayjon bilan yer munosabatlari, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, davlat kadastrlarini yuritish sohasida tajriba almashish, shuningdek, bu borada elektron xizmatlar ko'rsatish istiqbollarini o'rganish yuzasidan hamkorlik o'rnatish taklifi berildi va mazkur taklif O'zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha Hukumatlararo qo'shma komissiyasining 11-yig'ilish bayonnomasida o'z aksini topdi.

    Turkiya Respublikasi o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning harakatlar rejasiga muvofiq, yer va ko'chmas mulk kadastr qaydlari, xaritachilik tizimining zamonaviylashishi borasida Kadastr agentligi va Turkiyaning Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Yerni ro'yxatga olish va kadastr bosh direktorati o'rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilib, hozirda idoralararo yillik hamkorlik rejasi ishlab chiqilmoqda.

    Yaqin vaqtlarda Agentlik yerga bo'lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, yer qonunchiligining buzilishi holatlarini tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish, kadastr sohasida davlat xizmatlarini ko'rsatish va takomillashtirish, xususiylashtirish borasida Sharqiy va G'arbiy Yevropa davlatlari bilan aloqa o'rnatish arafasida turibdi. Mazkur davlatlar bilan tajriba almashish yer qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish usullarini o'rganish, shu jumladan, yer uchastkalarini o'zboshimchalik bilan olib qo'yish, erdan noto'g'ri foydalanish holatlarini tezkorlik bilan aniqlash borasida ishlab chiqilayotgan qonunchilik hujjatlariga o'zining ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi.

    Ko'chmas mulkka bo'lgan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazish va kadastr tizimlarini modernizatsiyalash yo'nalishida ham xorijiy ekspertlar jalb qilingan. Kadastr agentligi tomonidan Jahon banki ishtirokidagi “Ko'chmas mulkni ro'yxatga olish va kadastr tizimlarini modernizatsiyalash” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Kadastr tizimlarini modernizatsiyalashda mazkur loyihaning o'rni beqiyos.

    Loyiha doirasida rejalashtirilgan “Kadastr va ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazishning integratsiyalashtirilgan axborot tizimi” Koreya Respublikasining “LG-LX” konsortsiumi tomonidan ishlab chiqildi. Bundan tashqari, loyiha doirasida yer munosabatlarini tartibga solish, tahlil qilish va tavsiyalar ishlab chiqish bo'yicha Gruziyaning “GLCC Solutions LLC” va Germaniyaning “GCI — Dr. Schindler Geo Consultant International GMBH & CO. KG” kompaniyalaridan tashkil topgan xalqaro maslahatchi Konsorsium, ko'chmas mulkni ommaviy baholash yo'nalishida Estoniyadan xalqaro individual maslahatchi jalb qilingan.

    Tan olish joiz, yer munosabatlari va ko'chmas mulk sohasi murakkablik va ziddiyatlarga to'la yo'nalish hisoblanadi. Shu bois, hukumat va tegishli tashkilotlar oldida 35 milliondan ortiq inson taqdiri bilan uzviy bog'liq yer va ko'chmas mulk munosabatlarini isloh qilishda har qachongidan ko'ra mas'uliyatli vazifa turgani isbot talab qilmas haqiqat.

    So'nggi yillarda O'zbekistonda barcha vazirlik va idoralarda to'rt narsaga kuchli urg'u berilayotganini kuzatishimiz mumkin. Jismoniy va yuridik shaxslarga ko'rsatiladigan davlat xizmatlarini axborotlashtirish, sohani raqamlashtirish, ochiqlik siyosatini yuritish, davlat tashkiloti o'zi egallab turgan ba'zi funktsiyalarni xususiy sektorga o'tkazishi shular jumlasidan.

    O'z navbatida, bizda ham kun tartibiga kiritadigan mavzularimiz yuqoridagi yo'nalishlardan kelib chiqib belgilanadi. Ya'ni geoaxborot tizimlari, fazoviy ma'lumotlar infrastrukturasi, davlat xizmatlarini takomillashtirish, ish faoliyatini inson omili aralashuvisiz amalga oshirish bo'yicha yangi texnologiya va yechimlar izlash va o'rganish ustida doimiy izlanishlar olib boriladi.

    Umuman, yer va mulk munosabatlari bevosita inson manfaatlari bilan bog'liq ekan, uni muntazam takomillashtirib borish, qonunchilik bazasini mustahkamlash muhim sanaladi. Xalqaro hamkorlik aloqalari esa bu borada zamonaviy yechimlarni qo'llash, jahon andozalari asosida tizimni takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Zilola ABDUG'OFUROVA,

    Kadastr agentligi Xalqaro aloqalar va reytinglar

    bo'limi boshlig'i