Tarixiy jasorat
Kambagʻallikni qisqartirish... Bu jumla soʻnggi toʻrt yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev eng koʻp taʼkidlayotgan soʻzlar sirasiga kiradi. Yillar davomida yopiq mavzu boʻlib kelgan, “kam taʼminlangan”, “ehtiyojmand” kabi jumlalar bilan oʻziga xos tarzda ifodalangan kambagʻallik darajasi 2020-yilda ilk marotaba eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbarining mamlakatda kambagʻal odamlar qatlami borligini ochiq-oydin gapirishi, avvalo, tarixiy jasorat edi. Chunki Prezident bu bilan bir vaqtning oʻzida muammoni bartaraf etish boʻyicha katta masʼuliyatni zimmasiga oldi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻshanda 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambagʻallik chegarasiga yetmasdi...
Prezidentimiz raisligida 2020-yil 27-fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “...Bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xoʻsh, bunday oilani oʻziga toʻq deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini oʻqitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima boʻlyapti, degan savol har kuni qiynaydi...”, degan edi.
Toʻgʻri, har kim bu dunyoda baxtli-saodatli yashashni xohlaydi. Farovon hayot kechirsam, turmushimda kam-koʻstim boʻlmasa, deb orzu qiladi, intiladi. Bu tabiiy jarayon. Ammo inson oddiy minimal yashash sharoitisiz baxt tugul, xotirjamlikka ham erisha olmaydi. “Qanday qilib boʻlmasin, qornimni toʻygʻazsam, egnimni butlasam, betob onam, bemor otam, xasta bolamga qanday qilib dori olsam”, degan oʻy-tashvishlar girdobida turmush kechiradiganlarni hayotdan rozi insonlar, deb boʻladimi?
Ana shu ogʻriqli masalaning gazak olishi bir necha omillarga bogʻliq. Ular orasida eng asosiysi — muammoning yashirib kelingani. Oqibatda kambagʻallik iskanjasi haqiqatda kamayib qolmadi va ostonamizdan butunlay yoʻq boʻlib ketmadi. Shukrki, xalq bilan muloqotning samarali tizimi haqiqiy ahvolni koʻzgudagidek namoyon etdi. Odamlarning aslida qanday hayot kechirayotgani, ularning eng ogʻriqli nuqtalari oshkor boʻldi.
Aslida, kambagʻallik ildizi chuqur muammo. Toʻgʻri yondashmay, uning sabablariga yetib bormay, oilalarni qoʻllab, ragʻbatlantirmay natijaga erishib boʻlmaydi. Keyingi yillarda yurtimizda bu masalaga yondashuv tubdan oʻzgargani, yangi tizim yaratilgani va u doimiy takomillashib borayotgani real raqamlarda koʻrinib turibdi. Tarixan qisqa – atigi toʻrt yil ichida 3,5 milliondan ziyod vatandoshimizning turmush sharoiti yaxshilandi. Kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi.
Jahon banki shu yil may oyida eʼlon qilgan “Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish yoʻli: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari” hisobotida Oʻzbekiston bu sohada eng yuqori natijaga erishgan mamlakatlardan biri ekani qayd etilgani ham bejiz emas.
Keling, aniq raqam va dalillarga diqqat qarataylik. Bilamizki, kambagʻal qatlamning katta qismi qishloq joylarda yashaydi. Jahon banki ekspertlari oʻrganishlar asnosida mamlakatimizda 2021-2023-yillarda qishloq joylarida 1,2 million aholi (shaharlarda 400 ming kishi) kambagʻallikdan chiqarilganini qayd etdi. 2020-yildan buyon 3 milliondan 5 million soʻmgacha oylik oladigan ishchilar ikki barobar, 5 milliondan 7 million soʻmgacha oluvchilar uch barobar oshdi. Kambagʻallik darajasi yiliga oʻrtacha 3 foizga kamayib boryapti.
Kambagʻallik mezoni nima?
2021-yilgacha Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasi hisoblab chiqilmagan. Bu chegara butun dunyoda har xil oʻlchanadi. Qayerdadir nisbiy, qayerdadir absolyut koʻrsatkichlar. Oʻzbekistonda birinchi marta aholini isteʼmoldagi xususiyatlari borasida soʻrovnomalar, tadqiqotlar oʻtkazildi.
Yaxshi kaloriyali ovqat yeyish, tibbiy xizmat olish va boshqa xizmatlarga ehtiyojlar hisoblanib, “minimal isteʼmol xarajatlari” degan tushuncha ishlab chiqildi. Bu jarayonda xalqaro meʼyorlar asosida chuqur va har tomonlama kompleks izlanishlar olib borildi, “kambagʻallik” tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiya yaratildi. Unga koʻra, mamlakat tarixida ilk marotaba kambagʻallik chegarasi – minimal isteʼmol xarajatlari miqdori belgilandi.
Oʻzbekistondagi minimal isteʼmol xarajatlari miqdori 2021-yilda 440 ming soʻm, 2022-yil yanvaridan boshlab 498 ming soʻm etib belgilangandi. Keyinchalik bu miqdor 2023-yil iyul oyida 568 ming soʻmga, 2024-yilning yanvarida 621 ming soʻm, may oyidan 648 ming soʻmgacha oshirildi.
Bu miqdor oilalarning sogʻlom hayot kechirishi uchun zarur mahsulot hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati sanaladi. Undan kambagʻallik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish jarayonida qoʻllanadigan va jon boshiga toʻgʻri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal isteʼmol xarajatlariga tenglashtiriladi.
Xitoy kambagʻallikni qanday qisqartirgandi?
2000-yillarda Xitoyda aholining yarmidan koʻpi kambagʻal boʻlgan. Yaʼni odamlarning topgan puli faqat oziq-ovqatiga yetgan. Oradan yigirma yil oʻtib, aniqrogʻi, 2021-yilda Xitoy dunyo mamlakatlari ichida birinchilardan boʻlib kambagʻallik ustidan toʻliq gʻalaba qozonganini eʼlon qildi.
Xoʻsh, kanday qilib tarixan qisqa fursat ichida bunday moʻjiza yuz berdi? Olimlarning taʼkidlashicha, Xitoyda, birinchi navbatda, xususiy sektorga, yaʼni tadbirkorlarga ustuvorlik berilgan. Davlat kompaniyalari soni keskin kamaytirilib, xususiylashtirilgan. Natijada aholining bandligi hamda davlatning barqaror iqtisodiy oʻsishi taʼminlangan.
Ikkinchidan, Xitoyning sharqiy qismi dengiz hududi boʻlib, markaziy va gʻarbiy qismi choʻldan iborat. Iqtisodiy oʻsish shuni koʻrsatdiki, rivojlangan hududlarda yashovchi aholi koʻproq daromad koʻravergan, chekka joylardagi aholi kambagʻal boʻlib qolavergan. Xitoy hukumati toʻgʻri ijtimoiy adolatli qaror qabul qilgan: boyib ketayotgan hududlardan olingan soliqlar davlat subsidiyasi vositasida kambagʻal hududlarga berilgan. Bu jamiyatdagi adolatsizlik, yaʼni tengsizlikni yoʻqotishga xizmat qilgan. Tasavvur qiling, Oʻzbekistonda ayrim viloyatlar boyib ketaversa-da, ayrim hududlar aholi koʻp boʻlsa ham kambagʻallashib boraversa, bu, albatta, davlatning maqsadlariga mos kelmaydi.
Uchinchi omil, uzoq va chekka qishloqlarda yashayotgan aholi zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olishi taʼminlangan. Tasavvur qiling, Xitoydagi 63 yoshli fermer oʻz tomorqasida qulupnay oʻstiradi. Va mavsumi kelganda qishloqlarda yaratilgan punktlarda oʻz mahsulotini sotish uchun internetga qoʻya oladi. Yaʼni u bozorga borib qiynalmasdan, vositachilarga ovora boʻlmasdan oʻz mahsulotini toʻgʻridan toʻgʻri sotib daromad koʻradi.
Xitoyda ikkita asos va uchta kafolat (“2+3”) tizimi asosida odamlarga munosib turmush tarzi yaratilib, qashshoqlikdan chiqarildi. Yaʼni qishloq kambagʻallari oziq-ovqat va kiyim-kechak tashvishidan qutildi, majburiy taʼlim, asosiy tibbiy yordam va xavfsiz uy-joydan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Bular Chin yurtida qashshoqlikni kamaytirishning muhim talablari va asosiy koʻrsatkichlaridir. Shuning uchun bu mamlakatda 5 ta kafolatga ega boʻlgan shaxs nafaqat oʻzi, balki avlodini ham kambagʻallikdan chiqarishi uchun asos shakllantirgan.
Bu tajribani Oʻzbekiston miqyosida qoʻllash boʻyicha tizimli ishlar, meʼyoriy hujjatlar, yoʻl xaritalari, strategiyalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, kambagʻal qatlamga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilmoqda. Kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirish orqali muhtojlarga koʻmaklashish tizimi yaratildi, tomorqachilikni rivojlantirishga eʼtibor kuchaytirildi.
Ishbilarmonlik jadal qoʻllab-quvvatlandi
“Hamma balo bekorchilikdan kelib chiqadi”, deydi xalqimiz. Bu – illatlarning urchishiga ishora. Xuddi shunday, kambagʻallikni ham keltirib chiqaruvchi omillar bor. Shulardan eng birinchisi – ishsizlik va boqimandalik!
“Kambagʻallikni bartaraf etishning toʻgʻri va eng samarali usuli – aholi bandligi darajasini oshirish”, deb hisoblaydi olimlar. Odamlar uchun ularga munosib va daromadi yuqori ish oʻrinlarini yaratish maqsad sari dadil qadamdir. Buning uchun qishloq joylarda tadbirkorlikka shart-sharoitlar, biznesga qulay muhit yaratish kerak. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, kambagʻallikni kamaytirish, bu – aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy, ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.
Kambagʻallikni faqat pul tarqatish, nafaqa toʻlash bilan hal qilib boʻlmaydi. Buning uchun kambagʻal oila aʼzolarini oʻqitish, kasbga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash muhim. Hozirda kambagʻal oilalarning 35 foiz ishga layoqatli aʼzolarida bilim va koʻnikma kam. Yana ayrimlari surunkali kasalliklar tufayli tayinli ishlay olmayapti. Kambagʻal oilalarning 83 foizida tomorqa bor, lekin suv, elektr va yoʻl bilan bogʻliq muammolar qiyinchilik tugʻdiryapti.
Kambagʻallikni kamaytirishning birdan-bir toʻgʻri yechimi – tadbirkorga sharoit yaratib, ular bilan manfaatli hamkorlik qilish. Bu orqali ham bandlikni taʼminlash, ham malakali mutaxassislarni tayyorlash mumkin. Shu maqsadda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi hayotga tatbiq etildi. Dastur mablagʻlari hisobidan tadbirkorga kambagʻal oilalar aʼzosini kasbga oʻqitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.
Natijalar koʻp kuttirmadi. Dastur doirasida shu kungacha 6 745 ta tadbirkorlik subyekti bilan 455 ming nafar aholi bandligini taʼminlash boʻyicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Mahallada kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion soʻm kam foizli kredit, 7 trillion soʻm subsidiya berildi. Qolaversa, 800 ming aholiga dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun 260 ming gektar yer ajratildi.
Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihasiga 10 trillion soʻm imtiyozli kredit va 73 ming nafar ishsiz fuqaroga 356 milliard soʻmlik subsidiya berildi. “Mahallabay” ishlash asosida 51 mingta mikroloyihani amalga oshirish evaziga 206 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. 181 ming ishsiz fuqaro kasb-hunarga oʻqitilib, 183,8 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. “Individual dastur”lar tuzish orqali 2023-yilda 208 ming oilaning 873 ming aʼzosi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, 2024-yilda kambagʻallikdan 150 ming oila chiqarilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 11-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu yoʻnalishda mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi. Bu bejiz emas. Chunki kambagʻallik darajasi pasaygan sari uni kamaytirish murakkablashib boradi. Shuning uchun bu borada keyingi yillar uchun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanadi.
Shuningdek, har bir mahalla toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, “kambagʻal oilalar portreti” ishlab chiqiladi. Ushbu dastur asosida iqtisodiy kompleks oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish bilan shugʻullanadi.
Endi kambagʻallikni qisqartirish yangicha yondashuv asosida olib boriladi. Respublika boʻyicha 1 000 ta eng ogʻir mahallaga respublika darajasidagi vazirlik hamda idoralardan 250 nafar rahbar xodim biriktiriladi. Shuningdek, viloyatdan 2 ming nafar, tumanlardan 12 ming nafar rahbar xodim eng ogʻir ahvoldagi 5 tadan oila bilan ishlaydi.
Yerni ijaraga berish borasidagi tashabbuslar davom etadi. Bu jarayonda 50 ming gektar yer maydoni 100 mingta kambagʻal oilaga boʻlib beriladi. Shu orqali 200 ming nafar kambagʻal oila aʼzolari bandligi taʼminlanadi. Eʼtiborlisi, yerlarni ijaraga berishda yangi tartib joriy etiladi. Unga koʻra, kambagʻal oila oʻz yeridan oʻzi foydalanib, daromad olishi, eksportyor kompaniyalarga ijara asosida berib, dividentga ega boʻlishi mumkin. Shuningdek, kompaniyaga yollanma ishchi sifatida kirib, maosh orqali daromadini oshirishi nazarda tutilmoqda.
Kambagʻalni ishli qilgan tadbirkorga soliq imtiyozi bor
Videoselektor yigʻilishida qayd etilganidek, ikki yil avval Prezident farmoni bilan umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlarga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi. Natijada qator korxonalar Toshkent, Samarqand va Andijonda 2 ming odamni ishli qildi.
Shu imtiyoz yana 2-yilga uzaytirib berilsa, tadbirkorlar yana oʻn minglab ehtiyojmand aholini ish bilan taʼminlashga tayyor. Ayrim korxonalar koll-markaz tashkil qilib, hozirning oʻzida 2 ming nafar nogironligi boʻlgan aholiga kompyuter va telefon olib berish orqali ularni uyining oʻzida ish bilan taʼminlamoqchi.
Kambagʻallikni kamaytirishning eng muhim yoʻllaridan biri, bu – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash. Hozir sanoatda eng koʻp ish oʻrni yaratadigan soha – toʻqimachilik. Tadbirkorlar tayyor trikotaj, boʻyalgan mato va gazlama korxonalariga ikki yil avval ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni soʻramoqda. Agar korxonalar kambagʻal aholini band qilsa, oʻsha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi. Ushbu imtiyoz nafaqat toʻqimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi. Bu orqali toʻqimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi, oziq-ovqat, chorvachilik va qurilish tarmoqlarida yuz minglab kambagʻal aholining bandligi taʼminlanadi.
“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambagʻal oila aʼzosini bir yil davomida ish bilan taʼminlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million soʻmgacha ish haqi toʻlayotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Kambagʻal oila aʼzosi ham daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi
Eng asosiysi, kambagʻallikni qisqartirish borasida qator yangi tizimlar ishga tushadi. Misol uchun, aholining tadbirkorlik bilan shugʻullanishi mahallalardagi shart-sharoitga ham bogʻliq. Shu bois kelasi yili mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi. Buning bir qismi, avvalo, eng ogʻir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari oʻrnatishga beriladi. Yana 500 ta mahallada elektr, yoʻl, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.
2024-2025-yillarda odamlar oʻzini oʻzi band qilishi, kichik va oʻrta tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trillion soʻm beriladi. Kambagʻal oilalarga 30 million soʻmgacha uskuna, koʻchma doʻkon, motoroller, skuter kabi vositalar 5-yilda boʻlib toʻlash sharti bilan ajratiladi. Kambagʻal oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5-yilga, 2-yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit taqdim etiladi.
Har bir kambagʻal oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy maʼlumotli boʻlishi uchun sharoit yaratiladi. Bu jarayonda oliygoh, kollej va texnikum talabalarining oʻzlashtirish koʻrsatkichi kamida 80 foiz boʻlsa, ularga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti beriladi. Oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballning 80 foizini toʻplagan kambagʻal oila farzandlariga qoʻshimcha grant ajratiladi.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil boʻlgan oliygohlarning har biri yiliga kamida 1 milliard soʻmlik grant eʼlon qiladi. Bu grantlar hisobidan, fanlarni oʻzlashtirishidan kelib chiqib, kambagʻal oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab beriladi.
Umuman olganda, Prezidentimiz qayd etganidek, “Bundan buyon kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha boʻgʻindagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish boʻlishi kerak. Bu borada nazorat ham, soʻrov ham qattiq boʻladi”.
Muammolar mahallaning oʻzida hal etilyapti
Prezident topshirigʻiga asosan, aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir qiluvchi muammolarni oʻrganish va hal etish boʻyicha oʻzimga biriktirilgan Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida oʻrganishlar olib bordik.
Bu jarayonda 60 ta tuman va shahar, 2 987 ta mahallada aholi muammolarini hal qilish, “mahalla yettiligi” hamkorligini kuchaytirish, yoshlar bilan ishlash va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning 8 oyi mobaynida “mahalla yettiligi” koʻmagida doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga jalb qilish orqali 201 ming 549 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, tijorat banklari bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 149 ming 525 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Xatlovdan oʻtkazilgan 2 million 994 ming 651 ta oiladan 273 ming 339 tasi kambagʻal oila boʻlib, joriy yilda ularning 109 ming 115 tasini kambagʻallik darajasidan chiqarish belgilandi. Bugungacha 39 ming 690 ta oila kambagʻallikdan chiqarildi, oilalardagi 275 ming 215 nafar ishsiz aholining 204 ming 50 nafari ishli boʻldi.
Shu bilan birga, oʻrganishlar jarayonida 2 987 ta mahalladagi 54 ming 941 ta koʻcha va 1 million 745 ming 400 xonadon oʻrganildi. Unda 434 ming 11 ta muammo aniqlanib, 359 ming 788 tasi hal etildi.
Yil yakuniga qadar ishsiz va band boʻlmagan 96 ming 971 nafar, shuningdek, mehnat bozoriga kirib kelayotgan 69 ming 901 nafar, harbiy xizmatdan qaytgan 8 700 nafar, migratsiyadan qaytib kelishi kutilayotgan 56 ming 553 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash choralari koʻriladi. 109 ming 738 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish orqali kambagʻallik darajasi 10,5 foizdan 8,3 foizga qisqartiriladi...
Videoselektor yigʻilishidagi topshiriqqa asosan Qashqadaryo viloyatida boʻlib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdim.
2024-yilning oʻtgan davrida viloyat boʻyicha 26,5 mingta oila kambagʻallikdan chiqarildi (yil boshida 103,1 mingta boʻlgan). Natijada kambagʻallik darajasi 11,5 foizdan 8,8 foizga tushirildi. Yil yakuniga qadar viloyat boʻyicha 17 mingta oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasini 7,3 foizga tushirish maqsad qilingan.
Bu borada 56 ming ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlanadi, 462 ta mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylantiriladi. Mikroloyihalar asosida 39 ming 410 ta, investitsiya loyihalari orqali 1 026 ta, xalqaro avtomobil yoʻllari boʻyida xizmat koʻrsatish va savdo obyektlari tashkil etish orqali 433 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, hududda 103,1 mingta kambagʻal oilaga 132 nafar viloyat, 1 282 nafar tuman (shahar) tashkilot va idora rahbarlari kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha biriktirildi.
Kambagʻallik darajasi eng yuqori boʻlgan Qamashi tumani kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha tajriba sifatida tanlab olindi. Tumanda 8 600 ta kambagʻal oila va ularning 36 ming 120 nafar aʼzosi boʻlib, 19 ming 780 nafari ishsiz. Yil yakuniga qadar tuman boʻyicha 5 400 ta oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasi 12,5 foizdan 9,5 foizga tushiriladi.
Tumandagi oʻrganishlar jarayonida 1 452 ta oila xatlovdan oʻtkazilib, ularga 257 nafar salohiyatli tadbirkor biriktirildi. Xususan, tumandagi “Chim” MFYda 295 ta oila roʻyxatga kiritildi. Shaxsan oʻzim shu mahallada boʻlib, faollar, mahalla aholisi bilan suhbatlashdim, ularni qiynayotgan masalalarga quloq tutdim.
Shu mahallada yashovchi bitta oilaning yashash sharoiti eʼtiborimni tortdi. Oila boshligʻi – otasi vafot etgan. Katta farzandning turmushi oʻxshamay ota uyiga qaytgan. Ayolning uch farzandi bor, ulardan birida nogironlik aniqlangan. Oʻzida ruhiy tushkunlik hukmron, farzandlari kelajagini oʻylab siqiladi. Ayolning ukasi — ishsiz, uning ikki nafar farzandi bor.
“Mahalla yettiligi” bilan darhol bu oilani nazoratga oldik, ular bilan ishlash boʻyicha individual dastur shakllantirildi. Ayolga psixolog biriktirildi, nogironligi bor farzandini poytaxtda davolatishi uchun yoʻllanma berildi. Nochor oilaning turar joyi taʼmirlanyapti, ishsiz oila aʼzosi tumandagi qurilish firmasiga ishga joylashtirildi. Bu oilaga hududdagi salohiyatli tadbirkor Azamat Choriyev biriktirilgan. Uning koʻmagida suv nasosi chiqarilib, oilaning obi-hayotga ehtiyoji qondirildi.
Intilish, izlanish, bilmaganini oʻrganish vaqti
Prezidentimiz raisligida oʻtgan yigʻilishda keyingi yillar uchun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotgani aytib oʻtildi.
Xoʻsh, farovonlik nima degani? Aytish kerakki, bu – tinimsiz izlanish, intilish demakdir. Yashash uchun toʻla-toʻkis sharoitga ega boʻlish, imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tinchlik-xotirjamlikda umr kechirish degani. Farovonlikka oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Buning uchun inson oʻzini qiynashi, harakat qilishi, yaxshi hayot uchun imkoniyatlar izlashi zarur.
Shu maʼnoda, kambagʻallikni qisqartirishdagi eng birinchi masala – insonlarning dunyoqarashini oʻzgartirish. Yaʼni odamlarda berilayotgan erkinlik va amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻproq foydalanish istagi boʻlishi kerak. Taʼlim, tadbirkorlik yoki boshqa sohalardami, eng avvalo, mustahkam gʻoya va ishonch muhim.
Qolaversa, kambagʻallikdan chiqish uchun mehnatga yaroqli aholi oʻrtasida yaxshi daromad olish, yaxshi yashashga intilish uchun harakatni shakllantirish kerak. Buning uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berdi. Jamiyatda barcha uchun teng boʻlgan, oʻz imkoniyatlari, isteʼdodini toʻliq namoyon qilishga koʻmak beradigan tizim shakllantirildi.
Afsuski, shuncha shart-sharoit, imkoniyat yaratilayotgan boʻlsa-da, hali-hamon boqimandalik kayfiyatiga berilgan, “davlat menga hamma narsani qilib berishi kerak”, degan qarashda yashayotgan odamlar ham bor. Ular doimiy oʻqish, hunar oʻrganish, malaka oshirish oʻrniga davlatning doimiy yordamiga oʻrganib qolgani, tashabbus koʻrsatishdan yiroqligi, umuman olganda, boqimandalikka berilgani ayni haqiqat. Bunday toifadagi shaxslar davlatga “suyanib” qolmoqda.
Tajribadan kelib chiqib aytish kerakki, yaxshi yashash uchun, eng avvalo, harakat qilish, boqimandalik kayfiyatidan voz kechib, mehnatsiz hech narsaga erishib boʻlmasligini tushunish lozim. Kambagʻallikni faqat davlat koʻmagi bilan bartaraf etib boʻlmaydi.
Xoʻsh, nega davlat barcha masalalar yechimini mahallaga tushiryapti? Javobi oddiy: mahalla kimning qanday sharoitda yashayotganini juda yaxshi biladi, demak, odamlar oʻz muammosi bilan oʻzi yolgʻiz qolib ketmasligi kerak.
Nega davlat organlari, rahbarlar mahallalarda xonadonma-xonadon yurib oʻrganish ishlarini olib boryapti? Maqsad bitta: bugun odamlar qaysidir davlat organiga kelib, muammosini, dardini aytishini kutib oʻtiradigan vaqt emas.
Shunga yarasha odamlar ham boqimandalik kayfiyatidan chiqishi, tashabbus koʻrsatishi, yangi-yangi gʻoyalarni oʻrtaga tashlashi, islohotlar jarayoniga daxldorlik hissi bilan yashashi – adolatdan boʻladi, albatta. Aslida, bugun kambagʻallikni qisqartirishda odamlardan koʻp narsa talab qilinayotgani yoʻq. Tashabbus koʻrsatish, berilgan imkoniyatlardan foydalanish, yangi-yangi gʻoyalarni hayotga tatbiq etish kerak, xolos.
Bugun harakat qilish, bilmaganini oʻrganish vaqti. Davlat buning uchun imtiyoz ham, mablagʻ ham beryapti, ilm oʻrganishiga sharoit mujassam. Shunchaki befarq boʻlmasak, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalansak, uyimiz, koʻchamiz, mahallamiz obodligiga imkon qadar hissa qoʻshsak, tomorqani boʻsh qoʻymasak, har bir ishga uygʻoq fikr, teran tafakkur bilan yondashsak bas.
Qahramon QURONBOYEV,
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi,
siyosiy fanlar doktori, professor.