Karate WKF bo'yicha milliy terma jamoada vaziyat qanday?

    Sport 22 Yanvar 2021 645

    So'nggi paytlarda karate WKF bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi atrofida bo'layotgan voqealar nafaqat sport jamoatchiligi, balki ko'plab hamyurtlarimiz orasida jiddiy muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

    Yuzaga kelayotgan muammoning sababini aniqlash, unga yechim topish maqsadida bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida terma jamoa vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari Nodir Murotov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabduraxmonov, Sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, vazirlik hamda MOQning masʼul rahbarlari hamda sportchi va trenerlar ishtirok etdi.

    Yigʻilishni Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari N.Murotov ochib berdi. Dastavval tomonlarning fikrlari tinglandi. Maʼlum boʻlishicha, terma jamoaning yetakchi sportchilaridan biri Doston Otabolayev 2020-yil sentyabr oyidan beri terma jamoa yigʻinlarida ishtirok etmayapti. U oʻz xohishiga koʻra jamoadan chiqib ketganini murabbiylar uni Parijda oʻtgan Premyer-liga musobaqasida ishtirok etishiga imkon yaratib bermagani bilan izohladi. Xalqaro karate federatsiyasining taqvimiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ushbu musobaqa 2020-yilning yanvar oyida boʻlib oʻtgan. Xoʻsh, sportchi nega endi oradan 10 oy oʻtgach jamoani tark etgisi kelib qoldi? Yana bir muhim jihat, nega terma jamoani tark etish xaqidagi qarorini Vazirlik, Respublika oliy sport mahorati maktabi yoki terma jamoa murabbiylar shtabiga maʼlum qilmagan?

    Bu holat boʻyicha dastlab terma jamoa bosh murabbiyi Dilnoza Bakirovaga murojaat qilindi.

    “Pandemiya davrida mashgʻulotlarni barcha sport turlari qatori onlayn tarzda olib bordik. Karantin cheklovlari yumshatilgach boshlagan yigʻinga Dostonni ham chaqirdik. Yigʻinga kirishishdan avval koronavirusga topshirgan testi musbat natija bergach, uy sharoitida davolanish uchun Fargʻonaga joʻnab ketdi. Keyingi yigʻinda esa pnevmoniya qayd etilgani uchun yana jamoani tark etishga majbur boʻldi. Shundan soʻng unga qoʻngʻiroq qilib yigʻinga qoʻshilishini soʻrasak, turli bahonalar bilan tarkibga qaytishni istamadi. Keyin bilsak, oʻzi alohida shugʻullanayotgan ekan”, – dedi murabbiy.

    Sportchining oʻzi bu vaziyat boʻyicha shunday dedi:

    “Murabbiy bilan oʻrtadagi munosabatim sabab Parij turnirida ishtirok etishimga ruxsat berishmadi. Hozir yakka tartibda mashgʻulot olib bormoqdaman va litsenzion musobaqaga shunday tayyorlanmoqchiman. Oʻzim eronlik murabbiyimiz Shahab Sultani tuzib bergan dastur boʻyicha shugʻullanyapman. Endi terma jamoaga qaytsam, menga nisbatan ortiqcha bosim boʻlishi mumkin. Buning natijasida Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma ololmayman. Litsenzion musobaqaga qozogʻistonlik doʻstlarim bilan Chimkentda tayyorlanmoqchiman”.

    Oʻz navbatida MOQ raisi ham vaziyat borasida fikrlarini bildirib oʻtdi.

    “Sportchi belgilangan meʼyoriy hujjatlar asosida, oʻrnatilgan tartibda terma jamoa aʼzosiga aylanadi. Uning oʻz-oʻzidan, yaʼni Vazirlik, Oliy sport mahorati maktabi yoki terma jamoa murabbiylarini ogohlantirmasdan tarkibdan chiqib ketishga haqqi yoʻq. Agar qozogʻistonlik karatechilar bilan shunday aloqangiz boʻlsa, ularni Oʻzbekistonga taklif qiling. Oʻzingiz emas, butun jamoa boʻlib shugʻullaninglar. Oʻz navbatida buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ochigʻi terma jamoa atrofida boʻlayotgan gap-soʻzlarni eshitib, juda havotirlandik. Prezidentimiz tomonidan sportchilarning shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Qolaversa, yurtboshimizning Siz – yoshlardan umidlari nihoyatda katta. Portugaliyadagi Premyer Liga musobaqasi sanasi oʻzgargani va natijada oʻquv-mashgʻulotlar rejasiga oʻzgartirish kiritilganidan xabardormiz. Vazirlik va MOQ terma jamoa murabbiylar shtabi soʻrayotgan Rossiya yoki Ozarbayjonda oʻtadigan yigʻinni ham tashkillashtirib berishga tayyor. Faqat buning uchun jamoada sogʻlom muhit hukm surishi kerak. Mashgʻulotlarni bir zum ham toʻxtatmang. Buning uchun sizlardan faqat bir jamoa boʻlib ishlashni soʻraymiz. Maqsadimiz – muammoga yechim topish”, - dedi Rustam Shoabduraxmonov.

    Yigʻilishda terma jamoa bosh murabbiyi D.Bakirova, katta murabbiy Oʻ.Bekpoʻlatov va Oliy sport mahorat maktabi rahbari B.Mamatnazarovga sportchining yigʻinlarda qatnashmayotgani, uning tarkibdan tushib qolayotgani haqida federatsiya, Vazirlik yoki Qoʻmita rahbariyatini ogohlantirmagani borasida jiddiy eʼtirozlar bildirildi.

    Maʼlum boʻlishicha, Doston Otabolayev 2020-yilning ikkinchi yarmida rejaga kiritilgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazidagi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan ham oʻtmagan. Terma jamoa murabbiylari va shifokorlar nazoratisiz yakka tartibda mashgʻulot olib borish, ularni oʻzi haqidagi maʼlumotlardan xabardor qilmaslik professional sportchiga xos xislat emas.

    Taʼkidlash joiz, 2020-yilning noyabr oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligida karate WKF boʻyicha milliy terma jamoamiz atrofida yuzaga kelayotgan muammolarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazilib, unda terma jamoani Tokio Olimpiadasiga tayyorlash boʻyicha barcha vakolat Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi zimmasiga yuklatilgan edi. Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasining eski va yangi rahbariyatiga bu ishga aralashish man qilingan.

    Olimpiya oʻyinlari Yaponiyada oʻtayotganligi uchun karate Tokio Olimpiadasi dasturidan oʻrin oldi. Undan keyingi Olimpiya oʻyinlariga kiritilishi dargumon. Balki bu karatechilarimizga umrida Olimpiada chempioni boʻlish uchun berilgan yagona imkoniyatdir. Shunday ekan, undan unumli foydalanib qolishga harakat qilish oʻrniga ichki muammolarga oʻralashib yurish achinarli holdir.

    Yigʻilishda MOQ va Vazirlik mutasaddilari har ikki tomonni yaxshilab eshitishdi. Joriy yil iyun oyida Fransiya poytaxtida Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga litsenziya beruvchi soʻnggi musobaqa boʻlib oʻtadi. Unda faqatgina oʻz vazn toifalarida kuchli uchlikka kirgan sportchilar Olimpiadada ishtirok etish xuquqini qoʻlga kiritishadi. Bugungi kunning eng dolzarb masalasi musobaqada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston terma jamoasiga karatechilarni adolat va haqiqat mezonlari ostida saralab olishdir.

    Oʻz navbatida sport mutasaddilari tomonidan trenerlarga oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini uzluksiz tashkil etish, Olimpiya oʻyinlariga qadar sportchilarni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi tomonidan doimiy nazoratda ushlab turish tavsiya qilindi. Buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlab oʻtildi.

    Milliy olimpiya qoʻmitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda terma jamoada yuzaga kelgan bunday vaziyatni bartaraf etish uchun barcha ishlarni amalga oshiradi. Shu bilan birgalikda, yaqin vaqt ichida bu masala Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi. Umid qilamizki, har ikki tomon bugungi yigʻilishdan tegishli xulosalarni chiqarishadi va bundan buyogʻiga bor eʼtiborlarini litsenzion musobaqaga munosib tayyorgarlik koʻrishga qaratishadi.

    Yigʻilish yakunida MOQ rahbari R.Shoabduraxmonov sportchilarga yana bir bora murojaat qilib, oldinda turgan Tokio olimpiadasiga juda kam vaqt qolgani, hozirgi vaziyatda terma jamoa aʼzolari uchun eng toʻgʻri yoʻl – yagona maqsad yoʻlida birlashib, bahamjihat harakat qilish ekanligini uqtirdi. Sportchi va trenerlarga boʻlajak musobaqalarda omad tiladi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

    Matbuot xizmati