Eslaymiz: XX asrning 80-yillarida shoirning “Gaplashadigan vaqtlar” sheʼriy qissasi shuhrat topdi. Aniq sana: 1986-yil 17-dekabr kuni “Gaplashadigan vaqtlar” – qoʻngʻir muqovali ixcham kitob hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti talabalari huzurida muallif ishtirokida muhokama boʻlgan edi. Kitobning ich muqovasidagi qaydim shunday. Birinchi kurs talabasi edim. Darvoqe, “gaplashadigan vaqtlar” – bu juda muhim bir birikma-tushuncha. Qachon gaplashamiz? Galashishga imkon bormi? Odamzod shoshqin va ahli shuaro toshqin keladi. Qachon bemalol va sokin bir vaziyatda gaplashish mumkin? Baharnav, bu olamni tark etgan, Allohning dargohiga yetgan oddiy inson bilan gaplashish qiyin. Bilasiz. Ammo shoirlar, yozuvchilar – ijod ahli bilan hamisha gaplashish mumkin. Uning kitoblarini qoʻlga olgan mahali “gaplashadigan vaqtlar” uchun imkon paydo boʻladi. Dilbar, lirik gurunglar boshlanadi beixtiyor...
Darhaqiqat, bugun Omon Matjon bilan sheʼrlari orqali gaplashamiz. Uning dardini, qalbini, oʻgitlari va hikmatlarini anglaymiz va beixtiyor shoirni oʻzimizning yonimizda his etamiz. Tirik soʻz meros qoldirgan shoir oʻlmaydi. Soʻzi amaliga uygʻun yaxshi shoirlarining yurak soʻzlari boqiy.
Omon Matjon ismi oʻzbek sheʼriyati muhiblariga yarim asrdan koʻproq muddat davomida yoʻldosh boʻldi. Uningcha: “Sheʼriyat – hammaning oʻzi, oʻzligi”dir. Bu shoir nomi qanchadan-qancha sheʼrparastlar qalbiga naqshlandi. Yaxshi inson, toʻgʻrisoʻz va vijdonli shoir unutilmaydi.
Agar Omon Matjon sheʼrlari bahaybat va oʻtkir koʻzga oʻxshatilsa, bu koʻz olamga Xorazm degan vujud darichasidan qarayotgandek boʻladi. Shoir qadim Xorazmni “bashar tarixida mangu xazina” deb biladi.
“Ey, sirli diyor, Xorazm,
Ey nurli shior, Xorazm.
Necha evrilgan tarixning
Senda rasmi bor, Xorazm...
Jahon aljabirinda noming
Har dafʼa takror Xorazm...”.
Omon Matjon sheʼriyati degan tushuncha donishmand Xorazm tuprogʻining maʼnaviy-sheʼriy ob-havosini juda keng miqyosda namoyon etishi bilan individual mazmun kasb etadi. Har qanday davr va davrada bu shoirning borligi “esar Jayhun shamollari” degandek barchaning qalbiga el-yurtining xushhavolarini olib kiradi.
Agar badiiy dunyo adabiyoti ulkan va bepoyon ummonga oʻxshatilsa, Omon Matjon bu ummonga ona daryo – Amu orqali kelib quyilayotgandek boʻladi. Shoirning “Amudaryo – mangu muhabbat, Amudaryo – abadiy hijron”, degan misralari bor. Qoʻshmisra ortida katta bir xalq rivoyati yashiringan. Muhabbat va hijron juftligini anglash, daryo va qumloq ramzlari mohiyatini tushunish uchun “Amudaryo iztirobi”ni anglamoq kerak.
Omon Matjonning haybat bilan, sokinlik bilan, ora-orada erkalanib, imo-ishoralarini hayajoniga ulab sheʼr oʻqishdagi kayfiyati Amudaryoning qirgʻoqlariga urilib, toʻlib oqqan pallalarini esga soladi. Amudaryodan shoirga ilhom beradigan xotira oqadi.
“Olisdagi yor vasli bir-bir esingga tushsa,
Oshiqlar yecholmagan bir sir esingga tushsa,
Qirq yil daryoda oqqan Tohir esingga tushsa,
Sanam deb Gʻarib kechgan vafoni koʻrmoq boʻlsang,
Bor Amu boʻylariga, borgin, doʻstginam”.
Sheʼrning oxirgi misrasiga urgʻu berish Omon Matjon sheʼriyatiga ham xos. Agar kimning yodiga Xorazm tushsa, bu elni tashnalanib sogʻinsa, ayni yurtning koʻrki, tarovati, sanʼat ahli, nozu neʼmatlari esiga tushsa, Omon Matjon sheʼriyati bulogʻidan bir qultum ichib choʻlini qondirishi mumkin.
Omon Matjon faylasuf shoir oʻlaroq sheʼrlari magʻziga hikmat joylaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hikmat moʻminning yoʻqotgan narsasidir, moʻmin kishi uni qayerda topsa ham oladi”, deb aytganlar. Hikmat ijodkorning fahmi, farosati, idroki, tafakkur tarzini koʻrsatadi. “Yolgʻonning taxtdagi yuz yil davroni, Haqiqat aytilgan bir damcha yoʻqdir”. “Nafs, bu – abadiy qullikning boshi...”. Bu hikmatlar maqol kitoblaridan olingan iqtiboslar emas, bu hikmatlar shoirning oʻz adabiy idroki bilan anglagan hayot hiqiqatlaridir. Shoirning qoʻshiq boʻlib kuylangan sheʼrlari ham koʻp.
“Umr oʻtar, vaqt oʻtar,
Xonlar oʻtar, taxt oʻtar,
Omad oʻtar, baxt oʻtar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bogʻ na goʻzal,
Qor tushsa togʻ na goʻzal,
Bu yoshlik chogʻ na goʻzal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Soʻzsiz qarashlaring, holim soʻrashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Doʻstlar koʻpdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin soʻzlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr – yoʻl, qayrilish koʻp,
Uchrashish, ayrilish koʻp,
Unutish, aytilish koʻp,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Oʻsha kulishlaring, oʻsha kelishlaring…”
Omon Matjonning bu sheʼridan biror qismini olib, parchalashdan tiyildim. Iztirobli, ishqli, sogʻinchli, maʼnili, hikmatli har bir misra bir necha oʻn yilki, hali hamon ulkan hofizlar ovozida qulogʻimiz ostida jaranglab turibdi. Sheʼr bizning yoshlik xotiralarimiz bilan egizak. Qoʻshiqqa aylangan misralar hali hamon yurakni oʻrtaydi; allanimadir – balki moddiylashgan sogʻinchli bir tuygʻu tomoqqa kelib taqqa tiqilgandek boʻladi. Har oʻqilganida olamshumul hayotiy hikmatlarga toʻla sheʼr hali hamon shirin, mavjli va goʻzal xotiralarni elakdan oʻtkazadi.
Garchand Omon Matjon sheʼrlarini oʻqishi – ijrosida xorazmcha ohang yetakchilik qilsa ham, sheʼrlarida sheva soʻzlariga ortiqcha oʻrin bergani yoʻq. Holbuki, u xorazmliklarning tili, koʻngli va dilining chinakam bilimdoni edi. Omon Matjon sheʼriyati xorazmcha soʻzlar onda-sonda, adabiy til hazmi koʻtargan miqdorda, meʼyorida uchraydi. Sheʼrda shunday bir vaziyatlar boʻladiki, aynan oʻsha misrada Omon Matjon atay va yoki sheʼrning texnik talablariga koʻra qoʻllagan xorazmcha soʻz uzukka qoʻyilgan billur koʻzdek yonadi.
“Sozchi tamburni tuzdi,
Duldul arqonni uzdi.
Dagish qirgʻoqni buzdi.
Daryoga kim yetkizdi
Nera borajagimni!?”.
Bu “hazil lapar”dan parcha: inja va nafis. “Dagish” – daryo qirgʻogʻiga tegib, oʻpirib ketadigan shiddatli oqim. Akademik Matyoqub Qoʻshjonovning hayot yoʻlidagi shunday beayov oqim toʻlqini borasida hikoya qilgan xotira kitobiga zukko soʻzshunos Mahmud Saʼdiy “Dagish” deb nom qoʻyib berganidan xabarim bor. Uzr, gapim chalgʻimasin – u boshqa mavzu. “Nera”soʻzi – ne yerga, qayerga maʼnosida. “Borajagim” – tushunarli. Bir sidra nazar tashlaganimda, Omon Matjonning “gurvak” (qovun navi), “chugʻul” (chaqimchi), “dov” (navbat), “qisliqdi” (siqildi), “yozgʻit” (manglaydagi bitik maʼnosida) kabi qator soʻzlariga duch keldim.
Omon Matjon soʻz ustida suhbatlar qurardi. Toʻgʻrisi, maktab oʻquvchilik yillarimda oyinai jahon orqali koʻrib taniganim Omon Matjon oʻsha palladagi koʻrsatuvda ham soʻz haqida soʻz yuritmoqda edi. Eslayman: u “boʻgat” degan soʻzdan gapirar edi. Izohli lugʻatlardan oʻrin olmagan xorazmcha “boʻgat”ning maʼnosi shuki, ariq-solmalardagi suvni toʻsib qoʻyadigan loy yoki shox-shabba aralash toʻsiq. Ulkan yop-arnalarga qurilgan katta toʻgʻonga ham “boʻgat”ni qoʻllash mumkin. Soʻzning koʻchma maʼnosi ham bor, shoʻro zamonida ijodiy erksizlik masalasida, deylik, shunday “ayrim mavzular oldiga boʻgat bosilgan edi”, tarzida bemalol qoʻllasa boʻladi. Ha, darvoqe, soʻz ochmaslik kerak boʻlgan mavzulardan Omon Matjonlar avlodi yoʻlini topib soʻz ochdi. Soʻz oldiga qoʻyilgan sunʼiy boʻgatlarni oʻzlarining toshqin soʻzlari – mahoratlari bilan qirq parchin qildi. Oʻsha avlod tarixiy hodisalar va xalq rivoyatlari vositasida oʻzlikdan saboq berishdi... Omon Matjonning “Haqqush qichqirigʻi” turkumidagi ogʻizdan-ogʻizga koʻchib, aytib yuriladigan rivoyatlar, afsonalar, haqiqatlar – bularni koʻpchilik bilar edi. Ammo yoʻlini topib, faqat Omon Matjongina oʻziga xos yoʻsinda ularni sheʼriyati tarkibiga joyladi. Shoirning bor haqiqatni, oʻz milliy-maʼnaviy qadriyalarini anglashi va ularni sheʼriy misralari qabatiga joylashi – bu bebaho fazilat.
“Men voha oʻgʻliman, talabim – kenglik,
Erkin havolarda toʻqiyman sheʼrlar.
Bor boʻl, maʼno qadar yorqin boʻlgan soʻz,
Bor boʻl, ufq osha yoʻllar va yerlar!”
Omon Matjon yaqin tarixdagi qaltis zamonlarda ham oʻzligini tanigan va oʻzligini tanitgan shoir siyoqida shuhrat topdi. “Men qanday muhitda kim bilan boʻlmay, Ruhim doim uygʻoq va yoʻlga tayyor”, deb yozdi u.
Omon Matjon gohida hayotning shunday mitti bir parchasini – arzimasdek koʻringan voqelikni sheʼrga soladi va undan katta bir hayotiy-falsafiy xulosalar chiqaradi.
“Daraxtlarning xulqi gʻalati,
Mayna qilar quyoshni ular:
Yozda rosa issiq kiyinib,
Qishda esa ... yalangʻoch turar”.
Sheʼr shu toʻrt qatordan iborat. Bunday gʻalati xulqni, oʻzaro teskari proporsional holatni shoirlarning hayrat koʻzlari koʻradi, xolos. Omon Matjonning lirik merosida syujetli sheʼrlar bor. Qoyilmaqom qilib yozilgan bunday sheʼrlarga ham shoir ijodining naqshi, bezagi sifatida qarash oʻrinli.
Omon Matjon barpo etgan sheʼriyat bogʻining totli mevalari bor. Ayniqsa, olma. Olma – pokiza muhabbat ramzi.
“Oʻrtamizda birgina olma –
Olam ichra yumaloq ilinj.
Oʻrtamizda birgina olma –
Balki gʻam u yo balki sevinch.
Oʻrtamizda birgina olma,
Yarmi qizil, yarmi och-yashil.
Hayo tugʻyonidan qizil u,
U sogʻinchning ramzidir asil...”.
Inson qalbidagi ruhoniy hislar hamisha orasta, toza, pok boʻlmogʻi kerak. Chunki “nafs ipiga bogʻlidur ruh iplarin uzgan tana”. Inchunun, maʼnaviy-ruhiy kayfiyati yuksak odamning yuragidagi bebaho muhabbat tuygʻusi “hayo tugʻyoni”dan qizaradi. Ishq – ichdagi shodlik qaygʻusi. Ishq-muhabbat oʻz koʻrku jamolini iffat va hayo libosiga oʻrab, azal-azaldan “sogʻinch ramzi”ga doʻnib keladi.
Omon Matjonning lirik qahramoni oʻz ishqi iqroridan iymanadi, tortinadi. “Men ishqimni aytolmasam oʻzingga”, deganicha u qalb sirini bulutlarga, togʻlarga, daryolarga soʻzlaydi. Oshiq dardi tabiat unsurlarida jonlanadi. Fursat poylab oshiq oʻz dardini “Vijir-vijir qaldirgʻochga aytadi”. Bu ham oshiq-shoirning koʻngil asrorini aytish usuli, albatta. Yori esa “gʻunchadek qisinib”, iffat pardasi ortida turib: “Anavilar bor-da, oʻshalar...”, deydi va gapini oxirigacha aytishdan adashadi yoki ayta olmaydi iymanib.
Omon Matjon sheʼriy misralari gohida Xorazm “Lazgi”sidek dilbar va oʻynoqi.
“Boqib har yon oʻynoli
Qochsin yomon, oʻynoli,
Zamon-zamon oʻynoli,
Omon-omon, oʻynoli!”
Sheʼr ohangi xorazmcha koʻyga mos – shitobli, shoʻx va u hech sezdirmasdan jonsiz vujudga jon kirgizadi goʻyo. Mudroq hujayralarni uygʻotadi. Yana bir xususiyat, Omon Matjon sheʼrlarida ora-orada oʻz ismini tajnis oʻlaroq sezdirib-sezdirmay qoʻllab oʻtadi. “Damlar shikvasiga uchma, omon boʻl”, “Tili omon boʻlsa oʻlmaydi millat”, degandek yoki “Tongning tiniq durlarini tun changalidan omon olib chiqqanimdan – pokman, omonman...” kabi ancha oʻrinlarda seziladi. Va bu sheʼriy sanʼat oʻquvchiga zavq beradi.
“Doʻstu yor, yurt omonmi, Omon, sen ham omon boʻl,
El hama yaxshi boʻlsa, mayli, sen bir yomon boʻl,
Lekin sen nur tomon boʻl, sen adolat tomon boʻl,
Koʻngling birdir – agarchi oshnosi turli-turli,
Umring shundan goʻzaldir, navosi turli-turli”.
Shoir koʻplab sheʼrlarida oʻzbekning faxri boʻlgan buxoriylar, samarqandiylar, shoshiylar, fargʻoniylarni esga oladi. Baʼzan shoir Xorazm allomalari, minoralari, qadim gʻishtlari va asriy tarixni soʻzlab turgan Xiva borligʻiga, uning “Ichon” bilan “Dishon” qalʼasi ustiga maʼno yuklaydi:
“Azaliy beomon bir hukmdir bu:
Odam – Dishon qalʼa, orzusi – Ichon!
Oz yashab koʻp mushkul koʻrsa hamki u,
Ruhin qoldirmogʻi mumkindir omon.
Men bugun Xivada viqorli turgan
Asriy yodgorlardan tuyarkan maʼni,
Dedim: umr hikmatin bobongdan oʻrgan,
Asramoqni oʻrgan Ichon qalʼani!”
Agar adabiyot olami koʻzimizga yashil maʼvo boʻlib koʻrinsa, bu ogʻochliklar orasidan Omon Matjon sheʼrlarini obraz oʻlaroq bezaydigan muhtasham gujumlarni hech qiynalmasdan topish mumkin. Shoir bir oʻrinda: “Qoraqumda nur iyib, jazira toʻqir oftob, Voha kengliklarida gujumlar bitar kitob”, deb gujumlarni kotibga aylantiradi. Boshqa bir sheʼrida “yoz olovidan, qish sovugʻidan” qaygʻuga tushgan qushlar baxti uchun “choʻng gujumlik”ni koʻrib quvonadi.
Kichik bir xotira: 2012-yili bahori edi. OʻzMU oʻzbek filologiyasi fakultetida Omon Matjon bilan uchrashuv boʻldi. Aynan mana shu auditoriyada chorak asr muqaddam “Gaplashadigan vaqtlar” kitobi taqdimoti boʻlganini, u palla biz talaba oʻlganimizni eslatsam, Omon Matjon oʻzida yoʻq shondlanib, “shishgan”deq erka qiliqlar qilib talabalarni kuldirdi. Keyin “Diydor aziz” kitobidan sheʼrlar oʻqidi. Yigʻinda professor Umarali Normatov domla qatnashdi: “Omon Matjon ijodida faqat zamonasi, oʻz yurti voqea-hodisalari, tengdoshlari dardu tashvishlari izhori – ifodasi bilan cheklanmaydi; kechmish, tarixiy siymolar tasviri ham ijodida salmoqli oʻrin tutadi. Omon – jahongashta shoir, uning safar taassurotlari asosida bitilgan turkum sheʼrlari ham mavjud”. Shundan keyin Omon Matjon 80-yillardagi xorij safaridan gap ochdi. Esladi. Chet eldagi bitta doʻkon egasi kelgan sayyohlarga dunyo xaritani koʻrsatib, undan oʻz yurtini topib, unga niyna sanchish “marosim”ini oʻtkazar ekan. Shoir oʻsha pallada shunday ham yurtining yuragi porakanda boʻlib yotganini mezbonga eslatib, Oʻzbekistonni xaritadan koʻrsatib, niyna sanchish “marosimi”dan haqli ravishda bosh tortibdi. Shoirning ayni qilmishidan gʻururlangani seziladi. Shu munosabat bilan:
“...Yurtimning qalbini bir bor koʻrsayding,
Nayzalar oʻrnini, minglab bitmagan.
Doro, Iskandarlar tigʻ urgan unga,
Endi men sanchishim goʻyo yetmagan...”,
deya yaxshi bir uzun sheʼr oʻqidi...
Shoir ajoyib hofiz Otajon Xudoyshukurovga bagʻishlangan sheʼrida doʻstini “uchinchi daryo” oʻlaroq ramzlashtirgan edi. Toʻgʻri, bu elda Sir bor, Amu bor. Biroq bu elning har bir xushnavo hofizi, isteʼdodli shoiri oʻz ijodi bilan hamisha uchinchi daryo boʻlib adabiyot, sanʼat va maʼrifat ahlining qalbiga kirib boradi. Uchinchi daryo oʻlaroq yaxshi insonlar qalbida mavjlanadi.
Dil rangini gullarga poylagan-ulashgan shoir “Dilimning rangini gul bilsa boʻldi, Mening kimligimni el bilsa boʻldi”, deydi. Uning salobatli, magʻrur va rubobiy sheʼriy soʻzi “fazlu kamoli”ning ovozi oʻlaroq har doim oʻz muxlislarini bezovta qiladi:
“Charx avzoyi bu dam avvalgilargʻa oʻxshamas,
Kotibu davru raqam avvalgilargʻa oʻxshamas.
Endi inson qadri ham avvalgilargʻa oʻxshamas,
Koʻnglim ichra dardu gʻam avvalgilargʻa oʻxshamas,
Kim ul oyning hajri ham avvalgilargʻa oʻxshamas...”
Omon Matjonning isteʼdodli ijodkor sifatidagi adabiy shaxsiyati, siymosi, adabiy merosi shunday “oʻxshamasliklari” bilan sharafli, qadrli va muhim.
Toʻgʻrisi, Omon Matjon va uning ovozi, sheʼr oʻqish uslubi, soʻzi va, umuman, oʻzi “avvalgilargʻa oʻxshamas” – oʻzicha bir olam. Bu ardoqli shoir, tabiiyki, keyingilarga ham oʻxshamaydi.
Bahodir KARIM,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, adabiyotshunos