баннер
8 Apr 2025
00:14

    Nima uchun kitob oʻqish kerak?

    Dolzarb 20 Fevral 2025 1016

    Kitob oʻqish, mutolaa borasida esa ahvol abgor. Bugungi avlod gazeta oʻqish zavqini tushunmaydi.

    BIRINCHI MISOL

    “Men har kuni oʻrtacha 6 soat internetda oʻtiraman. Turli vaynlarni tomosha qilib vaqt oʻtkazaman. Odatda kunning qanday oʻtganini sezmay ham qolaman”. Bu — biz oʻtkazgan seminarda 10-sinf oʻquvchisining iqrori.

    — Xoʻp, shuncha vaqtingni telefonda oʻtkazar ekansan, ayt-chi, qanchasi foydangga ishlaydi? Masalan, xorijiy tillarni oʻrgatadigan ilovalar, tekin Ay-Ti darslari bor, — deb soʻrayman yigitchadan.

    — E, foydali narsa yoʻq, ketma-ket chiqqan qisqa videolarni tomosha qilib oʻtiraman.

    Ikkinchi oʻquvchining ham qancha vaqti internetga sarf boʻlishi bilan qiziqdik.

    — Oʻrtacha 5-6 soat internetga sarflayman. Lekin shundan bir soatga yetar-yetmas vaqtim foydali kontentlar koʻrishga ketsa kerak.

    Loyiha doirasida yoshlar fikrini oʻrganganimizda koʻpchilik vaqtini behuda oʻtkazayotganining guvohi boʻldik. Haqiqatan, kichik yoshli bolakaylardan tortib, keksa avlod vakillarigacha internet tarmogʻida soatlab vaqt ketkazishi bugun ayni haqiqat. Loyiha davomida kitob mutolaasi uchun qancha vaqt sarflanishiga qiziqdik. Afsuski, juda kam vaqt ajratiladi yoki aksariyat umuman kitob oʻqimaydi. Gazeta va jurnallarni-ku, aytmasa ham boʻladi.

    IKKINCHI MISOL

    — Ishxonam bilan uyim orasi 60 kilometr. Masofa olisligi bois, ishga erta otlanaman, oqshom kechroq qaytishimga toʻgʻri keladi. Uyga kelgach, farzandlarim bilan maktabda qanday mavzular oʻtilgani, kuni qanday kechgani haqida gaplashaman. Uyga berilgan topshiriqlarni, vazifalarni bajarib boʻlgan-boʻlmagani haqida soʻrayman. Charchasam ham mutolaaga vaqt ajrataman, bir oz oʻqib, soʻng kunni yakunlayman. Chunki bolalar ota-onasidan namuna oladi, ularga oʻxshashga intiladi.

    UCHINCHI MISOL

    Farida yigʻlayotgan kichik oʻgʻliga kattasining qoʻlidagi telefonni olib berdi. Bola birpasda yigʻidan toʻxtadi, mitti barmoqlari bilan telefonni kovlashga kirishib ketdi. Endi katta oʻgʻli xarxasha boshladi. Farida uni ham tinchlantirish uchun qoʻliga planshet tutqazdi. Ikki bolakay tinchlangach, ona ichkari xonaga kirib, oʻzi ham telefonga “shoʻngʻib ketdi”.

    TOʻRTINCHI MISOL

    — Xizmat safari bilan Yaponiyaga bor-dik. Ertalab metrodan chiqishim bilan uzundan uzoq navbatda turganlarga koʻzim tushdi. “Yaxshi narsa sotilayotgan boʻlsa kerak. Men ham uyga olvolay” degan oʻyda navbatda turdim. Navbatim kelib, qarasam, kioskda gazetaning yangi soni sotilayotgan ekan. Yaponiyaliklar qaysi kasbda ishlashidan qatʼi nazar, ertalab gazetalarning yangi sonini mutolaa qilishni urfga aylantirgan.

    XULOSA CHIQARISHGA SHOSHILAYLIK

    Mamlakatimiz aholisining salkam 60 foizi yoshlar. Shu bois, yoshlar masalasi davlatimiz siyosatida strategik ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda soʻnggi 8 yilda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 120 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

    Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ongi oʻsib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayoni jadal rivojlanishi, yosh avlodning ilm-fan, sportda erishayotgan yutuqlari bu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun zarur sharoitni yuzaga keltirmoqda. Zero, sogʻlom, bilimli va madaniyatli yoshlargina mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beradi.

    Biz farzandlarimiz ongu tafakkurida milliy gʻurur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish maqsadida ularni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ilm-fan, axborot texnologiyalari, maʼnaviyat, sanʼat va adabiyot, sportga oshno etish uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz.

    Bugun internet dunyosida ikki qutb bor. Biri — ezgulik. U inson kamoloti uchun xizmat qilib, ogʻirini yengillashtiradi. Ikkinchisi esa unga qarama-qarshi, yaʼni har qanday maʼnaviy tarbiyani majaqlab, yoʻqotishga shay turgan qutb. Odamzod mana shu ikki qutb orasida turibdi.

    Koʻpchilik, ayniqsa, yoshlar oʻzi bilib-bilmay adashib, turli yoʻllarga kirib qolmoqda. Bunga asosiy sabab ham internet tarmoqlaridagi boʻlar-boʻlmas, oldi-qochdi maʼlumotlardir. Biz bolalarimizning telefonini tekshirib turishimiz kerak, albatta. Ularning eʼtiqodi va qarashlarini ezgulik nuri bilan himoya qila olishimiz zarur. Yuqoridagi misollarda keltirilgani kabi oʻgʻil-qizlar orasida kitob oʻqiydigan, mutolaa qiladiganlar kam. Chunki mahallada, koʻcha-koʻyda, jamoat joylarida, maktablarda, oliygohda, uyda, xullas, hamma-hamma joyda telefon bilan ovora boʻlib oʻtirganlarni har qadamda uchratamiz. Yotganda ham, turganda ham telefon yonida. Bugun internet olamiga kirib ketgan yoshlar nimalar koʻrayotgani bilan barchamiz qiziqishimiz, ularni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirishimiz kerak. Ertaga kech boʻladi.

    Media olamida nojoiz, xavf-xatarga toʻliq, yovuzlik va fahsh targʻiboti urchigan tasvirlar, roliklar, milliy teleekran orqali esa efirga oʻta bachkana, tarbiyaviy ahamiyati yoʻq seriallar uzatilmoqda. Bu holatga xalq maʼnaviy yuksalishi uchun jiddiy xavf sifatida qarash lozim. Tomoshabinning qalb koʻzini koʻr qiladigan bunday media va ekran mahsulotlariga befarq qarab turishning oʻzi ham millat kelajagiga xiyonat emasmi? Zero, milliy qadriyatlar va axloq tushunchasi koʻp narsadan ustun.

    Fikrimizning isboti sifatida dunyo boʻyicha olingan statistikaga eʼtiboringizni qaratamiz. Bugun Yer yuzidagi 5,17 milliard odam ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Bu jahon mamlakatlari aholisining 62,6 foizini tashkil qiladi. Ushbu koʻrsatkich har yili 3,4 foiz oshib bormoqda.

    Kitob oʻqish, mutolaa borasida esa ahvol abgor. Bugungi avlod gazeta oʻqish zavqini tushunmaydi. Yaqinda ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari bilan uchrashib, suhbatlashishga toʻgʻri keldi. Biz koʻproq kitob mutolaasi, gazeta oʻqish borasida ularning fikrini eshitdik. Oʻquvchilar orasida kitob oʻqiydiganlar koʻpligini koʻrib koʻnglimiz yayradi. Ammo gazetaga navbat kelganida birortasi yaqin yarim yilda gazeta oʻqimagani maʼlum boʻldi. Faqat bir qiz maqolasi chop etilgani bois gazeta oʻqigan.

    Atrofimizga nazar solsak, kitobsevar davlatlar talaygina. Bizning ulardan nimamiz kam? Biz ham kitob oʻqisak yomonmi? Bilimli boʻlish uchun ham kitob oʻqishimiz kerak.

    Rivojlanish sari qadam bosar ekanmiz, koʻproq kitob oʻqish, ilm oʻrganish, eng asosiysi, davlatimiz tomonidan yoshlar uchun berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech