Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalq

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvidagi sermazmun nutqini diqqat bilan tinglab, xalqimiz uchun, inson qadr-qimmati uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan ruhlandim.

    Ko'p narsa qiyosda namoyon bo'ladi. Darhaqiqat, davlat rahbari alohida ta'kidlab o'tganidek, olti yil oldingi xalqimiz bilan bugungi yurtdoshlarimizning dunyoqarashi, siyosiy faolligi o'rtasida katta farq bor. Shu sababli ham xalqimiz mamlakatimiz bo'ylab namoyon bo'layotgan global o'zgarishlarni teran anglagan holda, Oliy Majlis palatalarining konstitutsiyaviy islohotlarga oid qarorini qo'llab-quvvatlayotgani Prezidentimiz tomonidan alohida e'tirof etildi. Darhaqiqat, insonni qadrlash, uning umume'tirof etilgan huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish orqali xalqimiz farovonligini yuksaltirish, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qilish nihoyatda ahamiyatlidir.

    Prezident ma'ruzasidan ma'lum bo'ldiki, konstitutsiyaviy islohotlarning tub negizi “Inson manfaatlari – oliy qadriyat” shioriga asoslangan. Bu, albatta, inson manfaatlari hamma narsadan ustunligini, davlat mashinasi, avvalo, insonning baxtu saodati uchun ishlashi zarurligini ko'rsatadi.

    Uchrashuvda Prezidentimiz kiritgan takliflar ham majlis qatnashchilarida katta taasurot qoldirdi. Davlatimiz rahbarining har bir so'zini diqqat bilan tingladik. Yurtboshimizning barcha aytgan so'zlari yurakdan otilib chiqayotganligini his qildik.

    Ayniqsa, o'lim jazosini qayta tiklash noto'g'ri bo'lishini ta'kidlab, “Agar sizlar qo'llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O'zbekistonda o'lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman”, deganlarida nazarimda hammaning ko'nglidagi fikrlar aytildi.

    Chunki, biz har bitta alohida olingan davlatning ham, umuman olganda sayyoramizning ham eng bebaho boyligi Inson, uning hayoti va qadr-qimmati, deb bilamiz. Shunday ekan, tabiatning gultoji hisoblangan Inson, in'om etilgan umri davomida, eng avvalo, daxlsiz yashashga, to'laqonli va farovon hayot kechirishga haqli. Darhaqiqat, o'lim jazosi adolatli ijtimoiy davlat shakliga ham, Yangi O'zbekistonning mafkurasiga ham xos emas. Qolaversa, mamlakatimiz qonunchiligida o'lim jazosi o'rniga umrbod qamoq jazosi belgilangan bo'lib, bu jazo uzoq yillar davomida qamoqda o'tirishga majbur qiladi. Natijada mahbus ham ruhan, ham jismonan jazolanadi. Hayotda dastlabki tergov yoki sudlov organlarining xatosi tufayli o'lim jazosiga hukm qilinganlar, o'limidan keyin oqlanganlar ham bor. Bunday xato esa hech qachon kechirilmaydi. Shu nuqtai nazardan, Prezident tomonidan bu masalaga oydinlik kiritilganligi xalqimizning ko'nglidagi ish bo'ldi.

    Yurtimizda ancha yillar ilgari bekor qilingan o'lim jazosi endi hech qachon qo'llanmasligi Konstitutsiya bilan ham kafolatlanmoqda. Bu insonparvarlik o'zbek xalqi uchun eng katta qadriyatlardan biri ekanligini, Yangi O'zbekistonda inson qadri hamma narsadan ustun ekanligini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.

    Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning ko'plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni Asosiy qonunimizda aks ettirish borasidagi taklifi ham katta ahamiyatga ega. Bu qoidaning qisqacha mazmuni shunday: Huquq-tartibot idoralari xodimlari biron-bir jinoyatda ayblanayotgan fuqaroni qo'lga olayotgan paytda “Sizning huquqlaringiz quyidagilardan iborat: Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Sizning aytganlaringizning hammasi sudda o'zingizga qarshi dalil bo'lishi mumkin. So'roq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmasangiz, Siz advokat bilan davlat tomonidan ta'minlanish huquqiga egasiz,” deb ogohlantirishlari shart. Bu, albatta, inson huquqini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo'ladi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan taklif etilganidek, “Xabeas korpus” instituti, ya'ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko'pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi me'yorning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi ham dastlabki tergov organlari tomonidan inson huquqlarini ta'minlash uchun dasturulamal bo'lib xizmat qiladi.

    Shuningdek, Prezidentimizning Hisob palatasi raisini tayinlash vakolatini Senatga yuklashni taklif qilishi zamirida ham katta ma'no bor. Zero, Hisob palatasi Davlat byudjeti shakllanishi va ijrosini ta'minlashda parlament vakolatlarini nazoratining mustaqil ob'ektiga aylanadi.

    Yaxshi bilamiz, amaldagi qonunchiligimizga ko'ra, parlamentimiz Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish vakolatiga ega. Biroq, chin dildan e'tirof etish joiz, yagona manbai va muallifi – xalqimiz bo'lgan Asosiy qonunimiz tom ma'noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi bo'lib qoladi. Shu sababli ham Prezident Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini umumxalq muhokamasida ko'rib chiqishni hamda referendum o'tkazish yo'li bilan qabul qilishni taklif etdi. Bu qarorni “Adolat” SDP faollari ham chin dildan qo'llab-quvvatlaydi.

    Ta'kidlash joizki, uchrashuvda ko'tarilgan barcha masalalar, shu jumladan, ta'lim-tarbiya, ilm-fan, tibbiyot, ijtimoiy davlat va siyosat masalalari juda ham chuqur va teran o'rganilganligi bois, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan takliflar hech kimni befarq qoldirmaydi. Ma'lumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining bosh shiori “Adolatlilik, tenglik va birdamlik”dir. Prezidentimizning hamjihatlik va birdamlik haqida bildirgan fikrlari 130 dan ortiq millat vakillari yashaydigan O'zbekiston uchun juda muhim va bu da'vatlar biz uchun chaqiriq bo'lib qoladi. Biz mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun har doim davlat rahbariga kamarbasta bo'lib, bir maqsad – Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida birlashamiz.

    Xulosa o'rnida aytganda, uchrashuvda yangragan fikrlar, davlat va fuqaro o'rtasidagi demokratik, markazida inson huquq va manfaatlari turadigan fundamental munosabatlarni mustahkamlash bo'yicha ilgari surilgan taklif hamda g'oyalar hali ko'p o'rganiladi, xalqimiz, keng jamoatchilik va yetuk mutaxassislar tomonidan xulosalar bildiriladi, albatta.

    Zero, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida har bir vatandoshimiz “Yangi O'zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g'urur va iftixor bilan ayta olishi juda muhim.

    Bahrom Abduhalimov,

    “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi