Unda senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qoʻmita ekspertlari taʼkidlashicha, soʻnggi besh yil davomida jami 37 mingdan ortiq koʻp kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini oʻrganish natijalari boʻyicha 61 mingdan ortiq holatda koʻchmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda oʻzboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilganligi aniqlangan. Ularni bartaraf etish yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berilgan.
Biroq oʻzboshimchalik bilan barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji toʻlovini amalga oshirish belgilanganligi tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish boʻyicha hamda aholiga boshqa xizmatlar koʻrsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda xizmatlar koʻrsatish uchun tegishli soliq toʻlovlaridan ozod etilgan. Ammo ushbu imtiyoz boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etildi.
Ushbu boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan va muhokama qilinayotgan ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonunning hayotga tatbiq etilishi koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanishda qonunbuzilish holatlarining oldini olish, koʻp kvartirali uylardagi muhandislik-texnik kommunikatsiyalar va uyning konstruktiv tayanch qismlarining zilzilaga bardoshligini saqlab qolish hamda aholining xavfsiz yashashiga xizmat qiladi.
Majlis ishtirokchilarining qayd etishicha, Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishlar boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimida raqobat muhitini yaratish, aholiga sifatli servis xizmatlari koʻrsatishning yangi bosqichlarini amaliyotga tatbiq etish, uy-joy fondlarini saqlash borasida koʻchmas mulk egalari tomonidan bildirilayotgan koʻplab eʼtirozlarning oldi olishga xizmat qiladi.
Majlis yakunida ekspertlarning ushbu Qonun boʻyicha tavsiyalari tayyorlanib, Sud-huquq masalalar va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.