Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 29 Aprel 2022 1831

    Senat yalpi majlisida “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

    Tahlillarga koʻra, soʻnggi besh yil davomida koʻp kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida jami 37 mingdan ortiq koʻp kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini oʻrganish natijalari boʻyicha 61 mingdan ortiq holatda koʻchmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda oʻzboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilganligi aniqlangan.

    Biroq, noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji toʻlovini amalga oshirish belgilanganligi tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.

    Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish boʻyicha hamda aholiga boshqa xizmatlar koʻrsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar koʻrsatish uchun tegishli soliq toʻlovlaridan ozod etilgan boʻlib, boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchilarni yuzaga keltirilishi qayd etildi.

    Ushbu boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu Qonun bilan “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksga, “Soliq kodeksi”ga, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida kommunal xizmat koʻrsatish sohasida, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda qonun buzilish holatlarini oldini olishga hamda aholining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi.

    Shu bilan birga aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va aholining turmush darajasini koʻtarish imkoniyati yaratiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.