Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan karantin tadbirlari butun mamlakat iqtisodiyotiga va oʻz oʻrnida, korxonalarga ham taʼsir koʻrsatdi. Biznes hamjamiyatni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan baʼzi bir korxonalar hanuzgacha pandemiya taʼsiri ostida boʻlishi mumkin.
BMT taraqqiyot dasturi koʻmagida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadqiqotda, pandemiyaning va davlat tomonidan qoʻllanilgan profilaktik chora-tadbirlarning kichik va oʻrta korxonalar faoliyatiga boʻlgan taʼsirini oʻrganish maqsadida tadbirkorlar bilan intervyular oʻtkazildi.
Tadqiqot maqsadi COVID-19 va tegishli profilaktik chora-tadbirlarning korxonalar faoliyatiga boʻlgan taʼsirini oʻrganish, shuningdek, ushbu davrda, hukumat tomonidan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirgan choralarni va korxonalarning tashqi qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan ehtiyojlarini baholashdan iborat.
Soʻrovnomada respublikaning 14 ta viloyatidan, 18 yoshdan 79 yoshgacha boʻlgan, 887 nafar biznes-menejerlar ishtirok etdi. Ularning aksariyatini (79%) erkaklar va umumiy respondentlar sonining beshdan bir qismini (21%) ayollar tashkil etdi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, aksariyat tashkilotlar COVID-19 pandemiyasi va karantin tadbirlari fonida, oʻz ish faoliyatini toʻxtatmagan. Ish bilan band xodimlar asosan oʻz ishlarini davom ettirganlar. Ishdan boʻshatishlar kam holatlarda kuzatilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari orasida aholiga maishiy xizmat koʻrsatish (mehmonxona biznesi) va oziq-ovqat sohasi eng koʻp zarar koʻrganligi maʼlum boʻldi. Xodimlarni boshqarish masalalarida bu soha faoliyatni ommaviy toʻxtatib turish, ishni masofaviy formatga oʻtkazish, taʼtilga tez-tez joʻnatish (ayniqsa, toʻlanmagan) va ishdan boʻshatish, shtatda qoladigan xodimlar uchun maosh va qoʻshimcha toʻlovlarni kamaytirish bilan tavsiflanadi. Ushbu sohadagi korxonalarning yarmi oʻzlarini 2-3 oydan ortiq karantinni davom ettirishga tayyor emas deb hisoblaydi.
Eng kam zarar koʻrgan soha qishloq xoʻjaligi, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi sohasi deb baholanmoqda. Ushbu sohada ishni uzluksiz davom ettirilishi va hattoki ish haqi oshirilish holatlari kuzatilgan. Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talab bir xil darajada qolgan va daromad umuman kamaymagan. Muammomlar orasida savdo bozorlariga kirishdagi oʻrtacha qiyinchiliklar mavjudligi koʻrsatib oʻtilgan.
Tadqiqot natijalari
Pandemiyaning korxonalar faoliyatiga boʻlgan taʼsiri
Soʻrovnoma natijalariga koʻra respondentlarning aksariyati (78%), pandemiya va u bilan bogʻliq profilaktika chora-tadbirlar doirasida tadbirkorlik faoliyatni davom ettirmoqdamiz deb javob berishgan.
Maʼlumot uchun: karantin davrida tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatgan tashkilotlarning eng yuqori ulushi Toshkent shahriga (31%) va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga (31%) toʻgʻri keladi.
Pandemiya davrida faoliyatni davom ettirgan korxonalarning barcha sohalardagi ulushi kamida 65% tashkil qilgan. Turar joy va oziq-ovqat xizmatlari bundan mustasno (30%).
Oʻtgan 30 kun davomida tovarlar va xizmatlar uchun boʻlgan talabning oʻzgargani haqidagi savolga korxonalar orasidagi eng mashhur javob (35%) talabning bir xil darajada saqlanib qolishi boʻlgan boʻlsa, talabning pasayishi 24% respondentlar tarafidan qayd etilgan.
Maʼlumot uchun: talabning sezilarli darajada pasayishi bilan bogʻliq eng yuqori koʻrsatkichlar Namangan viloyati (38%), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (35%) va Toshkent shahrida (41%) kuzatildi. Joriy pasayish asosan uy-joy va oziq-ovqat xizmatlari sohasiga (47%) toʻgʻri kelmoqda.
Pandemiya davrida korxonalar faoliyatidagi oʻzgarishlar
Pandemiya davrida korxonalarning yetkazib beruvchilar bilan bogʻliq tashkiliy siyosatidagi oʻzgarishlar masalasida respondentlarning sezilarli soni (55%) hech qanday oʻzgarishni qayd etmagan. Biroq 7-8% korxonalar yangi taʼminotchilarni izlab topganligini va xaridlar hajmini kamaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishilganini taʼkidlashgan.
Maʼlumot uchun: “oʻzgarmagan” javobining eng yuqori qiymati saqlash va transportirovka qilish sohasida kuzatildi – 68%. Turar joy va oziq-ovqat xizmatlari sohasida 16% korxonalar xaridlar toʻxtatilganligi haqida xabar berishgan.
Pandemiya bilan bogʻliq chora-tadbirlar joriy etilgandan soʻng, xarajatlarni kamaytirish yoʻnalishida 67% korxonalar oʻzgarish boʻlmagan deb javob berdi. Respondentlarning faqat 1% oʻz faoliyatini toʻxtatgan va davlat organlari tomonidan subsidiyalar uchun soʻrovlarni taqdim etgan.
Maʼlumot uchun: xarajatlarni kamaytirish yoʻnalishida oʻzgarishlar yoʻqligi asosan, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi (85%) va axborot-kommunikatsiya sohalari (80%) kichik va oʻrta biznes vakillari tomonidan tanlangan. Turar joy va oziq-ovqat xizmatlari uchun bu koʻrsatkich faqat 48% tashkil qilgan.
Respondentlar umumiy sonining 59%, koronavirus bilan bogʻliq chora-tadbirlar joriy etilgandan soʻng tashkilotning savdo bozorlari bilan shugʻullanishdagi faoliyati oʻzgarishi haqidagi savolga hech qanday oʻzgarish boʻlmagan deb javob bergan. Biroq 7-8% ishtirokchilar mijozlar bilan mahsulot va xizmatlar uchun yetkazib berish vaqtlarini kechiktirish va narxlarni pasaytirish haqida kelishuvlarga erishishgan.
Kichik va oʻrta biznesning katta qismi (64%), pandemiya boshlanganidan beri oʻz bizneslarini rivojlantirish rejalarini oʻzgartirmagan. Korxonalarning atigi 5-6% biznesni yuritishning yangi shakllarini ishlab chiqishni hamda tovarlar va xizmatlarning yangi turlarini oʻzlashtirishni yoʻlga qoʻygan.
Hukumat tomonidan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirgan choralarni baholash
Soʻrovnoma natijalariga koʻra, samarali chora-tadbirlar guruhi qisqa muddatli kreditlar boʻyicha foiz stavkalari (20-50%), davlat aktivlari uchun ijara toʻlovlari, ijtimoiy ajratmalar va ish haqidan olinadigan daromad soligʻi, QQS va aksiz soligʻi sezilarli darajada pasayganini oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga dastlabki roʻyxatga biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiya va grantlar hamda korxonalarning yollanma xodimlariga boʻlgan bir martalik ijtimoiy yordam toʻlovlari (har biri 5 mln. soʻm) kiradi.
Shuningdek, nisbatan samarali chora-tadbirlar guruhi kredit va soliq taʼtillari,davlat kafolatlarining kengaytmalari (barchasi 1 yil muddatga) va bojxona tariflarini oshirish orqali importdan himoyalashdan iborat.
Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar
Hozirgi paytda, tashkilotlarga eng zarur boʻlgan yordam haqida soʻralganda, tadbirkorlar koʻpincha soliq imtiyozlari (42%) va kreditlar boʻyicha foiz stavkalari (38%) pasaytirishni soʻrashgan. Keyingi oʻrinlardan soliq, yigʻimlarni (24%) va kredit toʻlovlarni (19%) kechiktirish joy olgan. Korxonalarning atigi 6,5% yordamga muhtoj emasligini qayd etishgan.
Respondentlar tomonidan korxonalarini rivojlanib ketishiga boʻlgan ishonchi nisbatan juda yuqori darajada ekanligini bildirilgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati