Korxonalar tomonidan 780,27 tonna sanoat chiqindilari sotildi

    Dunyo boʻylab atrof-muhit muhofazasi meʼyorlari tobora kuchayib borayotganligi sababli sanoat chiqindilarini utilizatsiyasi muammosi tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Ushbu muammoni hal qilish samarali usullari – bu chiqindilarni qayta ishlash natijasida turli xil xoʻjalik sohalari uchun zarur boʻlgan funksional xususiyatlarga ega xom ashyo sifatida foydalanib (ikkilamchi maqsadlarda foydalanish) tegishli mahsulotlarni olishdir.

    Chiqindilarni yoqib yuborish yoki chiqindixonalarda joylashtirish atrof-muhitning ifloslanish muammosini toʻliq hal qila olmaganligi sababli, yaratilgan ekologik samaradorlik konsepsiyasiga asosan chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda qayta ishlash bir vaqtning oʻzida ikki tomonlama ham atrof-muhit uchun, ham iqtisodiy samarani beradi.

    Ishlab chiqarish chiqindilarining salbiy taʼsirini kamaytirish, shuningdek 2022-yilning birinchi chorak davri uchun kompensatsiya toʻlovlarini kamaytirish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan shartnomalar asosida 48,19 million soʻmlik 566,64 tonna sanoat chiqindisi turli xil qurilish va xoʻjalik mahsulotlar ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida ikkilamchi maqsadlarda foydalanishga topshirildi.

    Shuningdek, Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida ham ushbu yoʻnalishdagi ishlar samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy 2022-yilning birinchi chorak davomida jami 1190,485 million soʻmlik 213,63 tonna ishlab chiqarish chiqindilari shartnoma asosida qayta foydalanish uchun yetkazib berildi.

    Iqtisodiy foydadan tashqari chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldi olindi va 2022-yilda sanoat chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda qayta ishlash uchun topshirilgan miqdorga nisbatan chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari kamaytirildi.

    Shu munosabat bilan, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan sanoat chiqindilarini utilizatsiyasi bu iqtisodiy zararli yoʻnalish emas balki qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish uchun qimmat xom ashyo va yordamchi moddalar sifatida ham koʻrib chiqilishi mumkin.

    Ayni paytda “Oʻzbekneftgaz” AJda ushbu yoʻnalishda boshqa turdagi ishlab chiqarish chiqindilarini ikkilamchi foydalanishga sotish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.