Poytaxtimizdagi 77-son koʻzi ojizlar maktabida Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” mavzusida ochiq dars oʻtkazildi.
Ochiq dars yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirish asnosida 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuniga hamohang tarzda tashkil qilindi.
Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan dunyoda imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, turli sohada yuksak marralarni zabt etgan insonlar koʻp ekanligi, ular orasida sportchilar, mashhur sanʼatkor, hatto siyosiy yetakchi boʻlgan shaxslar ham koʻpchilikni tashkil etishi hamda ular yutuqlarining asosi – ichki olam goʻzalligida, qalb va ruh salomatligida ekanligi taʼkidlandi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda imkoniyati cheklangan bolalar uchun taʼlim huquqi kafolatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Konstitutsiyamizning 50-moddasida taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi, degan muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi norma mustahkamlab qoʻyildi.
2020–2025-yillarda taʼlim tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq inklyuziv taʼlim ixtisoslashtirilgan maktablar va birinchi marotaba umumiy oʻrta maktablarda tashkil etiladi.
Unga koʻra, sogʻligʻida nuqsoni boʻlgan bolalarni faqatgina ixtisoslashgan maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham oʻqishining yoʻlga qoʻyilishi inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir. Bugungi kunda nogironligi boʻlgan 21 231 dan ortiq bolalar uchun respublikamizda 90 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat yuritayotgani ham alohida eʼtiborga molik.
Inklyuziv taʼlimga oid alohida normaning belgilanishi alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim va tarbiya ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini hisobga olgan holda tashkil etilishiga, taʼlim olish jarayonida ularni biror-bir shaklda kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligiga xizmat qiladi va pirovardida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalarning taʼlim olishga boʻlgan huquqining toʻliq amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Adliya vazirligi tomonidan imkoniyati cheklangan bolalar oʻrtasida “Maftunkor ranglar jilosi”, “Biz birgamiz”, “Mehr ulash” kabi aksiyalar muntazam oʻtkazib borilishi qayd etildi.
Ochiq dars yakunida esa “Konstitutsiya haftaligi doirasida maktab oʻquvchilari uchun Brayl alifbosidagi Konstitutsiya va Konstitutsiyaning audio shakli joylashtirilgan disklar tuhfa qilindi.
Zero, inklyuziv, hammaga teng imkoniyat yaratilgan va eʼtibor koʻrsatilgan jamiyatda uygʻunlik boʻladi, qonunlarga hurmat shakllanadi.
Adliya vazirligi matbuot xizmati