Mustaqil O'zbekistonimiz joylashgan hududidan qadimda Buyuk ipak yo'li o'tganligi sababli savdo-sotiq markazlari, mamlakatlararo madaniyat almashinuvi paydo bo'lib, turli xalq vakillari esa jannatmakon o'lkaga ko'chib kelganligi barchamizga ma'lum. Bu jarayon o'zbek xalqining turfa an'ana va odatga ega millatlarga nisbatan do'stona munosabatning tarixan ildiz otib rivojlangani, bugun esa mazkuri nsonparvarlik ruhidagi g'oyalarning davlat siyosati darajasida ahamiyatga egaligini ko'rsatmoqda. Ichki va tashqi munosabatlar orqali yaratib berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek joriy yilning “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb nomlanishi bunday ezgu ishlarning yorqin namunasidir.
Ko'p millatli diyorimizda tinchlik va osoyishtalikni mutahkamlashning muhim omili bo'lgan millatlararo totuvlik va hamjihatlikni ta'minlash maqsadida 2007 yilning may oyida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasining tashkil etilishi esa ana shunday jarayonlarning faol tus olishiga yordam berdi. Son va sifat jihatdan rivojlanayotgan bunday milliy-madaniy markazlarining soni bugun 138taga etgan. Ulardan 14 tasi Respublika milliy-madaniy markazi mavqeiga egadir: Respublika arman, tojik milliy-madaniy markazlari, O'zbekiston ozarbayjon, turk, qirg'iz, qozoq, yahudiy milliy-madaniy markazlari, O'zbekiston koreys milliy-madaniy markazi uyushmasi, O'zbekiston rus, uyg'ur madaniy markaz-lari, “Wiedergeburt” O'zbekiston nemislari madaniy markazi, “Svetlitsa Polska” Polsha milliy-madaniy markaz, Respublika turkman madaniy markazi, “Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi kabilar. Millatlararo do'stlik va hamjihatlik, fuqarolar millati, irqi va diniy mansubligidan qat'iy nazar, tengligi, vijdon erkinligi kafolatlangani, dinga e'tiqod qilish-qilmaslik erkinligi, diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgani Konstitutsiyamizning 18-, 31-, 61-moddalarida ham mustahkamlab qo'yilgan.
O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi o'z dasturlarini 12 tilda efirga uzatayotgani, respublikamizning turli gazeta va jurnallari 10 tilda chop etilayotgani, mamlkatdagi 9765ta maktabdagi darslar turli tillarda olib borilayotgani mamlakat hududida inson huquqlari va erkinliklari ta'minlanayotganidan dalolat beradi. Misol uchun, yurtimizda 2 mingga yaqin dungan (etnik) diasporasi istiqomat qiladi. Birgina Jizzax viloyatda 6 ta – qirg'iz, tojik, qozoq, rus, tatar va koreys milliy madaniy markazlari faoliyat yuritmoqda. Demak, Qomusimizda belgilangan millat va elatlar haq-huquq va erkinliklari to'liq amal qilmoqda.
Milliy-madaniy markazlarining barchasi bir ezgu maqsad – hamjihatlik bilan bir yoqadan bosh chiqarib, insonparvarlik va vatanparvarlik yo'lida xizmat qilishga bel bog'lagan. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, aholi soni bo'yicha MDH davlatlari orasida O'zbekiston Respublikasi Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o'rinda turadi. Aholining aksar qismi – qariyb 80 foizi o'zbeklar. O'zbekiston ko'p millatli respublika bo'lib, unda 100dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Mehmondo'st o'zbek xalqi esa insonparvarlik g'oyalariga sodiq qolgan holda o'zga xalq vakillarini mamlakatimiz hududida erkin, farovon hayot kechirishi, ularni bir o'lkada hamjihatlikda yashashiga qo'lidan kelganicha yordam bermoqda. Bu esa respublika fuqarolarining millati, tili, dini, ijtimoiy mavqei, kelib chiqishidan qat'iy nazar teng huquqliligi va manfaatlarini ta'minlashi qator qonun hujjatlari, ayniqsa, bosh qomusimiz — O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham belgilab qo'yilganligida ham ko'zga tashlanadi.
Bir so'z bilan aytganda, respublikada yashayotgan millatlar demokratiya qonun-qoidalariga muvofiq o'z faoliyatini olib borish, ta'lim olish, o'z qiziqish va layoqati bo'yicha kasb-hunar egallash, an'ana va qadriyatlari, urf-odatlarini asrab-avaylash imkoniga ega.
Millatlararo totuvlik g'oyasi esa bir jamiyatda yashab, yagona maqsad yo'lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o'rtasida o'zaro hurmat, do'stlik va hamjihatlikni qaror toptirish va mustahkamlashning ma'naviy asosi, insoniyat taraqqiyotining eng muhim omilidir. Serquyosh o'lkada qadr topgan va do'stlik tushunchalarini ardoqlagan millat vakillarining yuragida esa o'zi yashab turgan yurtga bo'lgan muhabbat, sadoqat, uning ravnaqiga hissa qo'shish maqsadining jo bo'lganligi esa O'zbekiston ravnaqi kafolatlaydi.
Nozima MURATOVA,
O'zJOKU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori
Hamida MIRSULTANOVA,
O'zJOKU 1-bosqich tayanch doktoranti