Kutubxonalar taraqqiyoti: kecha va bugun

    Fikr 22 Sentabr 2020 12588

    “Kutubxona – inson ichki olami ruhiyatining eng katta xazinasidir”   faylasuf Leybnis

    Oʻzbekiston shaharlari azaldan ilm-fan markazi sifatida mashhur boʻlib, bunda kutubxonalar katta rol oʻynagan. Ayniqsa, IX-XII asrlarda, Amir Temur va Temuriylar davrida mamlakatda ulkan kutubxonalar tashkil etildi, ilm-fan yuksaldi. Keyingi asrlar, xususan, xonliklar davrida ham mintaqadagi yirik shaharlar, xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon shaharlarida hukmdorlar saroylarida yirik kutubxonalar faoliyat yuritgan.

    Sadri Ziyo maʼlumotlariga qaraganda XX asrning boshida birgina Buxoro shahrida 13 ta kutubxona, 96 ta qiroatxona bor edi. Buxoro shahridagi hukmdor saroyidagi kutubxonada xitoy, uygʻur, pushtu, fors, arab va boshqa tillardagi qoʻlyozmalar saqlangan. Kutubxonada kitobdor, mushrif, risolachi va mirzolar xizmat qilganlar. Saroy kutubxonasida amirlarning shaxsiy kolleksiyalari bilan birga 47.500 jild turli tillardagi qoʻlyozma va toshbosma kitoblar saqlangan.

    Buxoro shahrida eng boy shaxsiy kutubxona amirzoda Hashmatga tegishli boʻlgan. U Buxoro amiri Muzaffarning oʻgʻli boʻlib, oʻzidan bir necha asarlar ham qoldirgan. Mamlakatda yana bir nechta yirik shaxsiy kutubxonalar boʻlgan.

    XX asr boshida jadidchilik harakati rahnamolari mintaqa shaharlarida maʼrifatni keng targʻib qilish maqsadida dastlabki ommaviy kutubxonalarga asos soldilar. Ularning shaxsiy mablagʻlari va xayriyalar hisobidan tashkil qilingan ushbu kutubxonalarda jamlangan adabiyotlar mazmuni va yoʻnalishi jihatidan saroy kutubxonalaridan ancha farq qilib, zamon ruhini aks ettirib turar, xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega edi.

    Xususan, 1908-yilda Namanganda Isʼhoqjon oʻgʻli Ibrat tomonidan «Matbaai Isʼhoqiya» nomli ilk nashriyot qoshida «Kutubxonai Isʼhoqiya» nomli kutubxona tashkil etildi. Shuningdek, Buxoro shahrida ham “Yosh buxoroliklar” harakati tomonidan “Maʼrifat” kutubxonasi tashkil etiladi. “Maʼrifat” kutubxonasida mamlakatda va xorijda chiqarilgan yangi adabiyotlar, gazeta va jurnallar jamlangan edi. Kutubxonada Istanbulda chop etilgan “Hikmat”, “Sirotil mustaqim”, «Taʼrifi muslimin» jurnallari, Rossiyada chop etilgan “Tarjimon”, “Irshod”, “Vaqt” gazetalari va “Shoʻro” jurnali, Turkistonda chop etilgan jadid matbuoti namunalari jamlangan edi. 1913-yilda Samarqandda Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan yangi usul maktablari uchun darsliklar chop etish, mahalliy matbuotni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan «Nashriyoti Behbudiya» kutubxona tashkil etiladi. Kutubxonada zamonaviy adabiyotlar bilan bir qatorda oʻsha davr matbuot namunalari, diniy, tarixiy adabiyotlar ham jamlangan edi. 1914-yilda Toshkentdagi “Turon” jamiyati qoshida ham kutubxona tashkil etiladi. 1915-yilda Qoʻqon shahrida Hamza Hakimzoda tomonidan “Gʻayrat” kutubxonasi tashkil etiladi.

    Oʻsha davrlarda kutubxonalarni tashkil etishdan asosiy maqsad eng avvalo yoshlar, maktab oʻqituvchilari, madrasa talabalari, ziyolilarni yangi adabiyotlar, darsliklar, matbuot bilan muntazam tanishtirib borish edi. Chunki bu adabiyotlar va gazetalarni boshqa biror joydan topish amri mahol edi.

    Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, onggu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratib, 2017-yil 13-yanvar hamda shu yilning 13-sentyabr kuni Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi va kitobxonlikni targʻib etish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisidagi Qaror va farmoyishlari joylarda mahalliy hokimliklar har bir shahar va tumanda kitob savdosiga ixtisoslashgan doʻkonlarni tashkil etish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlariga foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini tekin foydalanish uchun berilishini taʼminlash,.ularning moddiy texnik bazasini shakllantirish, va eng asosiysi joylarda zamonaviy tipdagi kitob doʻkonlari tashkil etish koʻzda tutilgan.

    Jumladan, Buxoro shahri markazida zamonaviy kitob doʻkoni faoliyati joylardagi sektor binosida kutubxonalar va tuman markazlarida “Maʼrifat bekati” tashkil etildi. Birgina “Buxoro kitob olami” doʻkonida har kuni minglab buxorolik yoshlar qatnab, kitob mutolaa qilishi yoki kitob sotib olishi mumkin.

    Shuningdek, 2019-yil 19-martda yoshlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “5 muhim tashabbus” dasturida ham aynan yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish tashabbusi ilgari surilgan edi. Bu boradagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bir qator tanlovlar, ijodiy kechalar, aksiyalar oʻtkazildi. Birgina kitobxonlik yoʻnalishida joylarda “Bolalarga maʼrifat ulashib” aksiyasi hamda “Bolalarga kitob ulashing” tadbirlari davomida mahalla kutubxonasiga va faol yoshlariga badiiy adabiyotlar jamlanmasi taqdim etildi.

    Bu boradagi ishlar albatta bir kun kelib oʻz samarasini beradi albatta. Zotan, Prezidentimiz, “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib boʻlmaydi”. – Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – deb taʼkidlaydilar.

    Aziz HAKIMOV,

    RMMM Buxoro shahar boʻlinmasi rahbari,

    “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.