Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar kompleks yondashuv asosida koʼrsatiladi

    “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni koʼrsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga koʼtarish hamda xotin-qizlarni kasbga oʼrgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–300-son, 29.06.2022-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʼra, 2022-yil 1-iyuldan Mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

    Qaror bilan Mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish boʼyicha respublika shtabi tashkil qilindi.

    2022-yil 1-noyabrgacha:

    mahallalardagi xotin-qizlar faollari har 2 haftada Hududiy shtablarga quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:

    - xonadonlar ahvoli, oilalarning ijtimoiy xizmatlarga ehtiyoji;
    - oilalarga aniq ijtimoiy xizmat koʼrsatish boʼyicha maʼlumotlar;
    - murakkab operatsiyalarga, nogironlarning protez-ortopediya buyumlariga ehtiyoji boʼyicha buyurtmalar;

    Hududiy shtablar ushbu maʼlumotlarni oʼz hududi kesimida umumlashtirgan holda 2 kunda Muvofiqlashtirish shtabiga yuboradi;

    Muvofiqlashtirish shtabi kelib tushgan maʼlumotlar asosida 3 kunda haqiqatda ijtimoiy xizmatga ehtiyojmand boʼlgan oilalarga Hududiy shtab aʼzosining masʼul xodimi tomonidan manzilli ijtimoiy xizmat koʼrsatilishini tashkillashtiradi.

    Shuningdek, 2022-2023 yillarda respublika boʼyicha jami 827 780 nafar (shundan joriy yilda 383 565 nafar) xotin-qizlarni kasb-hunarga oʼqitish va ularning bandligini taʼminlash nazarda tutilgan.

    2022-yil 1-avgustdan dastlab Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda (2022-yil 1-noyabrdan respublikaning boshqa barcha mahallalarida) “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish tizimi joriy etiladi.

    Mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan xotin-qizlarni kasbga oʼqitish bilan bogʼliq xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga BHMning 4 barobaridan oshmagan miqdori davlat tomonidan qoplab beriladi.