Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash, markazda hamda joylarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va hududiy dasturlarini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslari shakllantirildi. Ijro hokimiyatining vakillik organlari oldida hisobdorligi tamoyili Konstitutsiya hamda qonunlarda mustahkamlab qoʻyildi. Biroq baʼzi mahalliy ijro etuvchi organ vakillari konuniy vakolatlari doirasidan chiqish holatlari ham koʻp uchraydigan holatlardan biri qolmoqda...
Ayni shu masalada toʻxtalar ekan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hali Konstitutsiya islohotlar boshlanmasdanoq 2021-yil 18-iyun Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda kelajakda hokimlarning saylanishiga toʻxtalib oʻtib, shunday degan edi:
“Biz joylardagi muammolarni hal qilish boʻyicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga oʻtamizki, har bir kengash rahbari hokim boʻlmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar boʻladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari boʻlmaydi. Ijro organi rahbari — tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Davlat rahbari har bir viloyat, tuman va shaharda vazirlik va respublika idoralarining vakillari borligini, lekin ular haligacha quyi pogʻonaga hisobot berishni oʻrganmaganligi taʼkidladi. «Bizning ijro organimizdagi eng katta kamchilik shu. Bu organlar vakillari yuqori tashkilotiga suyanib oʻz bilganicha ishlab yuribdi. Bu zamon tugagan”, — dedi u.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yangicha imiji boʻlajak konstitutsiyamizning 99-101-moddalarida aks etadi. Aynan 99-moddada viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga boʻysunadigan shaharlardan tashqari) avvaldan mavjud boʻlgan ijro va vakillik organlaridan iborat va shu hudud hokimi boshchilik qiluvchi yagona organ bundan buyon rasman ikkita hokimiyat organi xalq deputatlari Kengashlari, yaʼni hokimiyatning vakillik organlari hamda tegishli viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi hududdagi ijroiya hokimiyatiga ajratiladi.
Bundan buyon xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari bayon etilgan konstitutsiyamizning 100-moddasiga koʻra vakillik organining vakolatiga hududni rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini va uni qurish qoidalarini, tegishli mahalliy byudjetlarni koʻrib chiqish va qabul qilish, ushbu byudjetlarning ijro etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash, mahalliy soliqlar stavkalarini va boshqa majburiy toʻlovlarni qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash kabi oʻta muhim va strategik masalalar kiradi. Shu bilan birga ijro organining, tegishli prokurorlarning, ichki ishlar organlari rahbarlarining, adliya organlarining va davlat boshqaruvi organlari boshqa boʻlinmalarining hisobotlarini eshitish vakolati xalq deputatlari Kengashiga taalluqli.
Boʻlajak konstitutsiyamizning 101-moddasida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, unga koʻra endi hokimlar asosiy vazifasi qonunlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining farmonlarini, qarorlarini va farmoyishlarini, yuqori turuvchi organlarning hamda tegishli xalq deputatlari Kengashining qarorlarini bajarishdan iborat. Shu bilan birga sogʻliqni saqlash, taʼlim, jamoat transporti tizimlarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan choralarni amalga oshirish, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning xavfsizligini va jamoat tartibini taʼminlashga doir choralarni amalga oshirish kabi hokimlarning hududiy rivojlanishni taʼminlashda oʻziga yarasha masʼuliyat yuklaydi.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda boshqa sohalarda boʻlgani kabi vakillik va ijro organi vakolatlari taqsimoti sohasidagi ham islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda hamda bu borada amaliy harakatlar amalga oshirilmoqda. Loyihada keltirilgan takliflar bu ikki hokimiyat organlarining ish samaradorligini oshirishiga xizmat qiladi.
Ahmad Jabbarov,
TDYUU Ixtisoslashtirilgan filiali
Huquqbuzariklar profilaktikasi va
jamoat xavfsizligini taʼminlash
kafedrasi mudiri v.vb.