Maktabdan kasbga yo‘naltiruvchi tizim

    mustaqil hayotga dadil qadam qo‘yishga yordam beradi

    Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida umumta’lim maktablari kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarining davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy etish vazifasi belgilangan. Ana shu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘quvchilarning muayyan kasb o‘rganib, maxsus malakaga ega, raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. Zero, iqtisodiyot barqarorligi, barcha sohalarda rivojlangan davlatlar bilan bellasha olish ham mehnat bozoridagi kadrlarning salohiyatiga bog‘liq. Bunday kadrlar esa, eng avvalo, maktabda shakllanadi.

    Kasb­-hunarga yo‘naltirishda o‘quvchilarning ma’naviy­-axloqiy fazilatlari bilan birga ular tanlayotgan sohaga layoqati qay darajada muvofiqligini aniqlash, bu borada fan o‘qituvchilari, sinf rahbarlari, ota­onalar va mahalla faollarining shaxsiy namunasi va hamkorligini mustahkamlash katta ahamiyat kasb etadi.

    O‘quvchilarning kasb­-hunar haqidagi tasavvurini kengaytirish va qiziqishini aniqlash maqsadida xalq ta’limi tizimida o‘qitilayotgan 18 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha Milliy o‘quv dasturi doirasida yaratilayotgan zamonaviy darsliklarga 302 ta kasbga oid mavzular kiritildi. Dars jarayonida mazkur kasblar haqidagi tushunchalar o‘quvchilarga hayotiy misollar orqali yetkazilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘g‘il­-qizlarning hunar egallash va o‘zini o‘zi band qilish orqali xizmatlar ko‘rsatish (frilansing) yo‘nalishiga qiziqishini aniqlashga ko‘maklashayotir.

    Kasb egalarining mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishtirish uchun turli uchrashuv va sayyor mashg‘ulotlar tashkil etilayotgani bolalarning sohalar haqidagi tasavvurini boyityapti. Jumladan, yil davomida 9-­11­ cinf o‘quvchilari uchun ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va agrotexnologiya yo‘nalishidagi korxona va tashkilotlarga 34 mingga yaqin ekskursiya tashkil etildi.

    O‘g‘il-­qizlarning kelajakda munosib kasb egasi bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida kasb.maktab.uz va profnavigator.uz elektron platformalarida testlar majmuasi berilgan. Ular orqali o‘quvchilar o‘zining qaysi kasbga qobiliyatli ekanini aniqlashi mumkin. O‘quvchilarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va o‘qitish uchun “Milliy ta’lim resurslari”da 25 dan ziyod zamonaviy sohani o‘rgatuvchi 700 dan, “kasb.maktab.uz”da 500 dan, “profnavigator.uz”da 450 dan ortiq videodarslik, videokontent, taqdimot hamda professiogramma joylashtirilgan. Ayni paytda o‘quvchilar mazkur manbalardan unumli foydalanib, o‘zini qiziqtirgan kasblar haqida batafsil ma’lumot olish bilan birga ushbu kasblarni o‘rganish imkoniyatiga ham ega.

    Jumladan, umumta’lim maktablarining 11­ sinf bitiruvchilarini kasb­-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha Andijon, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida tajriba-­sinov o‘tkazildi. Natijada 2020/2021 o‘quv yilida Andijon viloyatida 4 mingga yaqin bitiruvchi ishga joylashdi, 14 ming 129 nafar yigit­-qiz o‘zini o‘zi band qilish tartibi bo‘yicha hunar bilan shug‘ullanmoqda. Qariyb 8 ming bitiruvchiga hunarmandlik va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun 114,2 milliard so‘m kredit ajratildi. Mazkur amaliy ishlar 2021/2022 o‘quv yilida ham davom ettirildi.

    Navoiy viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11­ sinf o‘quvchilarini kasbga o‘qitish bo‘yicha viloyat hokimligi, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi, Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi, “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi hamda xalq ta’limi boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Natijada 2021/2022 o‘quv yilida hududdagi maktablarni tamomlagan 11 ming 134 o‘quvchidan 10 ming 678 nafari 21 ta yo‘nalish bo‘yicha shartnoma asosida qisqa muddatli kasbga o‘qitish kurslariga jalb etildi.

    Har bir kasb egasi murabbiy ko‘magida kamolga yetadi. Hunar egallash istagidagi o‘quvchilarni ustozga biriktirish orqali sohaga oid zarur tajriba va mahoratini shakllantirish, bilim va ko‘nikmasini rivojlantirish mumkin. Shu bois, umumta’lim maktablarining 10-­11­ sinfida ta’lim olayotgan 124 ming 374 nafar o‘g‘il-­qizning kelgusida kasbni to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashish maqsadida 60 ming 237 nafar ota-­ona “ustoz-­shogird” an’anasi asosida 32 ta kasb bo‘yicha o‘quvchilarni shogirdlikka olish istagini bildirgan.

    Samarqand viloyatida o‘quvchilarni kasb-­hunarga yo‘naltirish va hayotda munosib o‘rin topishini ta’minlash uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi, KOISA markazi bilan o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu yerda ham hunar o‘rganib, kelgusida daromad topishiga ko‘maklashish maqsadida 7­-11 ­sinf o‘quvchilarining 2 ming 117 nafari “ustoz-­shogird” an’anasi asosida hunarmand ustalarga, 2 ming 479 o‘g‘il­qiz tadbirkorlarga biriktirildi. Qashqadaryo viloyatida esa, o‘quvchilarga zamonaviy sohalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berish, kasbga qiziqishini inobatga olib, darsdan tashqari vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Qashqadaryo tajribasi sifatida “Kasbga yo‘naltirish soati” tashkil etildi. Jarayonda viloyatdagi 1 ming 217 ta umumta’lim muassasasidagi 266 ming nafardan ortiq 7-­11 ­sinf o‘quvchisiga zamonaviy kasblar to‘g‘risida tushuncha berish yo‘lga qo‘yildi. “Kasbga yo‘naltirish soati”da o‘quvchilarning qiziqishini aniqlash va muayyan sohaga yo‘naltirish, oliy ta’lim muassasalaridagi mutaxassisliklar hamda ishchi kasblar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan elektron platformalar orqali bolalarga o‘zlari qiziqqan kasblar bo‘yicha onlayn o‘quv kurslarda o‘qishi uchun tegishli tavsiyalar berish, texnologiya va informatika xonalaridan samarali foydalanish imkoni yaratildi.

    O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish jarayonida, birinchi navbatda, ularning qobiliyati va mehnati jamiyat manfaatlariga mos tarzda e’tiborga olinishi lozim. Jarayonda turli sohalar, ularni egallash uchun qo‘yiladigan talablar, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan muassasalar to‘g‘risida ma’lumot berish katta ahamiyatga ega. Bu o‘g‘il­-qizlarni kasb tanlashga ongli munosabatda bo‘lishga tayyorlaydi.

    Jizzax viloyati bandlik va xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida mingga yaqin maktab bitiruvchisi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda kasb-­hunar o‘quv markazlarida qiziqishi, hududning ijtimoiy imkoniyatidan kelib chiqib muayyan kasblarga o‘qitilgan va sertifikat berilgan. Shu bilan birga, 524 bitiruvchi tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan doimiy ish bilan ta’minlangan. Qolgan bitiruvchilar o‘qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirayotgan bo‘lsa­da, ular ham kasb-­hunarga ega. Berilgan sertifikatlar asosida kelgusida ishlashi ham mumkin.

    Maktab bitiruvchilariga oliy ta’lim muassasalari haqida keng qamrovli ma’lumot yetkazish maqsadida sentyar-­oktyabr oylarida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Xorazm, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida “My Fair” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etildi.

    Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda maktab bitiruvchilarining kasbga qiziqishini oshirish uchun professional ta’lim muassasalarida “Kasb va yoshlar” ochiq muloqot oyligini tashkil etish va o‘tkazish belgilandi. Yurtimizdagi 270 ta professional ta’lim muassasasida “Kasb va yoshlar” muloqot oyligi o‘tkazilib, unga 400 mingdan ziyod o‘quvchi jalb etildi.

    O‘quvchilar texnologiya fani darslarida mehnatning har xil turlariga oid bilimlarni olish bilan birga maxsus ko‘nikma va malakaga ham ega bo‘ladi. Qobiliyatini rivojlantiradi, amaliy mashg‘ulotda layoqatini sinab ko‘radi. Shu bois, kasbga yo‘naltirishni umumta’lim maktabi faoliyatining tarkibiy qismi, deb bemalol aytish mumkin. Chunki o‘qishdan maqsad insonning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, tirikchiligi uchun zarur miqdorda daromad orttirishidir. Agar kasb to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, mehnat egasi uchun quvonch, ilhom manbaiga aylanadi. Bu esa inson uchun ham, jamiyat uchun ham birdek foydali. Shuning uchun o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishga ijtimoiy­-pedagogik masala sifatida qarash har jihatdan to‘g‘ri.

    Kasbga yo‘naltirish tizimi shaxsga muayyan soha va unga doir zarur ko‘nikmalarni o‘rganishda yordam beruvchi maqsad, mohiyat, prinsip, uslub va vositalar birligidir. Bu vazifa barcha o‘quv­-tarbiya ishlari bilan bog‘liq holda olib boriladi. O‘quvchini u yoki bu kasbga maqsadli yo‘naltirishdan avval uning shaxsini o‘rganish lozim. Buning uchun uni kuzatish (bevosita hamda bilvosita), maktabdagi, jamoat joylaridagi, oila va mehnatdagi amaliy harakatini tahlil qilish, so‘rovnoma o‘tkazish, suhbat, test, intervyu olish mumkin. O‘g‘il-­qizlar kasblar to‘g‘risidagi ma’lumot, bilimlarni nafaqat maktabda, balki ommaviy axborot vositalari orqali, tanishlari, qarindoshlaridan ham bilib oladi.

    Oydin va ravon hayot yo‘li ochilishi uchun yoshlar ko‘p kuch-­g‘ayrat sarflashi, eng asosiysi, ko‘ngliga yoqqan, jamiyatga zarur va foydali sohani tanlashi lozim. Shu bois, maktabni bitirayotgan yigit-­qizlar qanday kasb egasi bo‘lish to‘g‘risida ko‘p o‘ylaydi. Mamlakatimizda esa turli kasblarni egallash uchun barcha sharoit yaratilgan. Faqat bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, hayotda qo‘llash zarur.

    Komiljon Musayev,

    Xalq ta’limi vazirligining o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish

    va mehnat bozoriga tayyorlash bo‘limi boshlig‘i.