баннер
18 Fev 2025
11:46

    Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan 497,7 mln soʻm mablagʻ oʻzlashtirib yuborilgan

    Oʻrganish natijasida Maktabgacha taʼlimi vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan jami 48,3 mlrd.soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

    Hisob palatasi tomonidan oʻrganishlar oʻtkazilganida bogʻchalarda saryogʻ sifatida isteʼmolga yaroqsiz “SPRED” (oʻsimlik moyi va sut yogʻining aralashmasi), veterinariya nazoratidan oʻtkazilmagan goʻsht mahsulotlari xarid qilinib, tarbiyalanuvchilarni ovqatlanishi uchun sarflangani aniqlandi. Hisob palatasi tomonidan ijtimoiy sohaning muhim boʻgʻinlaridan biri, Maktabgacha taʼlimi vazirligi tizimidagi tashkilotlarni 2018-2019-yillardagi byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlardan foydalanish samaradorligi hamda 2020-yilgi xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari yuzasidan vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati bilan hamkorlikda oʻrganish oʻtkazildi.

    Oʻrganish natijasida Maktabgacha taʼlimi vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan jami 48,3 mlrd.soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

    Jumladan, tizimda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning oylik ish haqisi uchun ajratilgan mablagʻlarning 7,2 mlrd. soʻmi quyi boʻgʻinlardagi ayrim mansabdorlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan noqonuniy oʻzlashtirish, ortiqcha toʻlovlar va oʻgʻirlik natijasida talon-taroj qilingan. Soxta taomnomalar tuzib, haqiqatda sarflanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarajatga chiqarish va kamomadlarga yoʻl qoʻyish orqali 3,6 mlrd. soʻmlik mablagʻ noqonuniy oʻzlashtirilgan.

    Saryogʻ sifatida 2,2 mlrd.soʻmlik isteʼmolga yaroqsiz “SPRED” (oʻsimlik moyi va sut yogʻining aralashmasi) va yogʻlilik darajasi meʼyordan past boʻlgan “sariyogʻ” mahsulotlari, 10,1 mlrd.soʻmlik veterinariya nazoratidan oʻtkazilmagan 309,4 tonna goʻsht mahsulotlari xarid qilinib, tarbiyalanuvchilarni ovqatlanishi uchun sarflangan.

    Tarbiyalanuvchilar sonini yashirish, ota-onalar toʻlovlarini kassaga kirim qilmaslik orqali 497,7 mln.soʻm mablagʻlar noqonuniy oʻzlashtirilgan.

    Xaridlarning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtib, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga zid ravishda 253 ta holatda 11,3 mlrd.soʻmlik shartnomalar tuzilgan.

    Bundan tashqari, xarid qoidalarini buzgan holda qimmat narxlarda hamda standartga javob bermaydigan 8,8 mlrd.soʻmlik tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.

    Tizimda amalga oshirilgan oʻrganish natijasi boʻyicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Hisob palatasi tomonidan 26 ta yoʻnalish boʻyicha 75 ta takliflar ishlab chiqildi, tizim tashkilotlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

    Ushbu takliflar asosida Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yoʻl xaritasi ishlab chiqilishi belgilandi.

    Amaldagi 16 ta meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish, moliyaviy va uslubiy yoʻnalishlarni oʻzida mujassamlaydigan axborot tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar berildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech