Maktablarda ispan tilini oʻqitish taklif qilindi

    Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

    Mamlakatimizning Madriddagi elchixonasi koʻmagida Oʻbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va Ispaniya Taʼlim va kasb-hunarga oʻqitish vazirligi vakillari oʻrtasida onlayn-muloqot tashkil etildi.

    Tadbirda mamlakatimizda xalq taʼlimi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12-maydagi “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni va “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorida belgilangan vazifalar xususidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

    Shuningdek, xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini yanada oshirish, oʻquvchi-yoshlarda yuksak maʼnaviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, intellektual barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida respublika “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil etilganligi taʼkidlandi.

    Respublikadagi oʻrta taʼlim maktablari faoliyatini dunyo standartlari talablaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish maqsadida Ispaniya taʼlim tizimi tajribasi, xususan, umumtaʼlim maktablarini boshqarish, oʻqituvchilarning malaka va bilim darajasini oshirish, baholash va sertifikatlash boʻyicha xorijiy ekspert va menejerlarni jalb qilish, maktablarda ispan tilini xorijiy til sifatida oʻqitishni joriy qilish yuzasidan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

    Oʻz navbatida, Ispaniya taʼlim va kasb-hunarga oʻqitish vazirligi vakillari Oʻzbekistonda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim sohasida aloqalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

    Xususan, Ispaniya va Oʻzbekiston maktablari oʻrtasida sherikchilik tizimini joriy qilish, oʻzbek maktablaridagi ispan tili va aniq fanlar oʻqituvchilarini malaka oshirish dasturlariga jalb qilish, ispan tili filologiyasi mutaxassisligi boʻyicha oliy taʼlimni tugatgan bitiruchilarni pedagogik tayyorlov kurslarida oʻqitish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mumkinligini taʼkidladi.

    Tomonlar taʼlim sohasida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish yuzasidan kelishib oldi.