Maktablarga ishga qabul qilishda va moliyalashtirishda shaffoflikni taʼminlash zarur

    Xavfsizlik 16 Iyun 2021 842

    Aholining korrupsiyani anglash darajasini oʻrganishga qaratilgan ijtimoiy tadqiqotda 5 274 nafar respondent, shu jumladan boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, birinchi sinf oʻquvchilarining ota-onalari va maktab direktorlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston xalq taʼlimi tizimida korrupsiya xatarlarini oʻrganishda esa 14 ta viloyatning 28 ta shahridagi 114 ta maktab qamrab olindi...

    Tadqiqot “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda ilk bor korrupsiyaga qarshi laboratoriyalarni yaratish” loyihasi doirasida oʻtkazildi.

    — Soʻrovnoma va respondentlarning uchta guruhi orasida intervyular 22-maydan 10-iyungacha toʻliq anonim, yaʼni ularning shaxsi sir saqlangan holda oʻtkazildi, — deydi “Oʻzbekistonda ilk bor korrupsiyaga qarshi laboratoriyalarni yaratish” loyihasi menejeri Lyudmila Stayshyunayte. — Hozirda ekspertlar toʻplangan maʼlumotlarni keyingi tahlillar uchun tizimlashtirmoqda. Ammo dastlabki maʼlumotlar oʻqituvchilarni ishga qabul qilish, maʼmuriy lavozimlarga tayinlash va maktablarni moliyalashtirish jarayonlarining shaffofligini oʻrganish zarurligini koʻrsatmoqda.

    Soʻrovnomalarga birinchi sinfga qabul uchun hujjatlarni topshirish onlayn navbat tizimi – qabul.maktab.uz samaradorligi, sinflarda oʻquvchilar soni normadan oshib ketishi, maktablardagi mavjud muammolar va byudjetdan moliyalashtirish masalalariga tegishli savollar kiritilgan. Dastlabki natijalarga koʻra, Toshkent shahrida joriy qilingan qabul.maktab.uz tizimi respondentlarning uchta guruhi tomonidan maʼqullandi. Tizim maktabga qabul qilishni tashkillashtirilgan tarzda taʼminlagani sababli, u barcha ishtirokchilarning vaqtini tejaydi. Koʻplab direktorlar maktabga qabul qilish maʼlum bir belgilangan kunlarda va qisqa muddatlarda oʻtkazilishi tarafdori ekanini bildirdi. Shunda ota-onalar hujjatlarni rejali tarzda topshiradi va “bolamni maktabga qabul qiling” deb, maktabga oʻquv yili boshlanishiga oz qolganda kelmaydi.

    Respondentlar maktabga qabul jarayonida kasbdagi nohalollik va korrupsiyaning namoyon boʻlishi sabablariga haddidan oshish, jazolanmaslik, qabul vaqtida aniq mezonlarning yoʻqligini keltirishdi.

    Shuning uchun har bir kishi muammoni oʻz foydasiga hal qilish yoʻllarini izlaydi. Respondent-oʻqituvchilar bolalarning bilim darajasi ustidan ota-onalarning nazorati, ularning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish va bolalarning bilim olishga qiziqishini oshirish istagi kamligini qayd etishdi. Buning ustiga tajribali oʻqituvchilar yetishmasligi taʼlim olishni qiyinlashtiradi va sifatini pasaytiradi.

    Loyiha menejeri L. Stayshyunayte taʼkidlaganidek, Toshkentdagi tadqiqot davomida muammolarning butun qatlami aniqlandi. Ularga quyidagilarni misol keltirish mumkin: shaharda yangi uy-joylar jadal qurilayotgan boʻlsada, maktablar yetishmaydi, malakali kadrlar kam, maktablarga, xususan, rus tilidagi sinflarga qabul qilish mezonlari yoʻq. Vaholanki, bunday maktablarga aholi orasida talab katta, chunki fuqarolar ushbu maktablarda sifatli taʼlim beriladi, deb hisoblashadi.

    Oʻrganish jarayonida aniqlangan va keng yoyilgan muammo bu — taʼlim tili rus tili boʻlgan maktabga qabul qilishda til bilan bogʻliq toʻsiqdir. Bu nafaqat oʻquvchilar orasida, balki farzandlariga uy vazifasida yordam bera olmaydigan ota-onalar orasida ham qayd etilgan. Kundalik hayotda faqat oʻzbek tilida soʻzlashadigan oilalar bolalarini rus sinflarga berar ekan, bola bogʻchaga yoki maktabga borishdan oldin til bilan bogʻliq tayyorgarlik koʻrishi lozimligini hisobga olmaydi. Ushbu tendensiya salbiy oqibatlarga olib kelishini oʻqituvchilar ham, maktab direktorlari ham taʼkidlab oʻtdi. Bu hatto isteʼdodli bolalarda ham komplekslar va kamsitilish tuygʻularining shakllanishiga olib keladi. Respondentlar muammoning yechimi sifatida maktablarda taʼlim tilini inobatga olgan holda, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun tillar boʻyicha tayyorlaydigan oʻquv dasturlarini joriy qilish va ommalashtirishni koʻrishmoqda.

    Soʻrovlar shuni koʻrsatdiki, aholi bunday tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlaydi, ularda bajonidil qatnashadi, keyingi bosqichlar uchun takliflar beradi va oʻzgarishlarga tayyor. Ekspertlar laboratoriyalari korrupsiya xatarlarini, omillarini, odamlarning korrupsiyaga boʻlgan munosabatini oʻrganishga, jamiyatning bu boradagi kayfiyati va tendensiyalarni tushunishga va boshqa sohalarni ham tadqiq qilishga yordam berishi kutilmoqda.

    Qonunchilikdagi kamchiliklar ham korrupsiya xatarlari paydo boʻlishining omilidir. Shu sababli, korrupsiyaga qarshi laboratoriya ekspertlari maktablarda oʻtkazilgan soʻrovnomalardan tashqari, maktabga qabul qilish va umuman taʼlim tizimiga oid normativ hujjatlarni oʻrganib chiqdi.

    Ijtimoiy tadqiqotning yakuniy natijalari respublika boʻylab toʻplangan maʼlumotlar tahlil qilingandan soʻng maʼlum boʻladi. Maʼlumotlarni viloyatlar, tumanlar, shaharlar, qishloqlar kesimida taqqoslash rejalashtirilmoqda, bu nafaqat respondentlar guruhlarining, balki hududlarga oid muammolar va tendensiyalarni tushunishga koʻmak beradi.

    Oʻzbekistonda bolalarni 1-sinflarga qabul qilish jarayonining shaffofligini oʻrganish laboratoriyalari bu – korrupsiya xatarlarini oʻrganish mexanizmini ishlab chiqish boʻyicha tajriba hisoblanadi. U maqsadli guruhlar oʻrtasida qonunchilikdagi kamchiliklarni oʻrganish va xatarlarni kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, olingan maʼlumotlarni tahlil qilishni oʻz ichiga oladi. Korrupsiya xatarlarini tahlil qilish va baholash boʻyicha ishlab chiqilgan metodologiya keyinchalik boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda qoʻllaniladi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.