Ongli hayotimning chorak asri universitetda talabalarga dars berish bilan oʻtdi. Shundan oʻn toʻqqiz yili jurnalistika taʼlimida kechdi. Koʻp yillik tajribamga tayanib bugun kelgan xulosam shuki, boshqa sohalarga qaraganda jurnalistika taʼlimida ishlash ancha murakkab. Chunki bu sohada oʻqiydigan talabalar oʻziga xos, yaʼni birmuncha erkin fikrlaydi, koʻproq ijodkor boʻladi. Ularning eʼtiborini, hurmatini qozonish uchun pedagog yo bilimi, yo ijodiy salohiyati bilan hayratlantirishi kerak. Ammo bu oson ish emas.

Buning uchun oʻqituvchi oʻz ustida tinimsiz ishlashi, oʻqib oʻrganishi, oʻzi ham ijod qilishi talab etiladi. Shu sababdanmi, darsga tayyorgarlik koʻrish uchun koʻp oʻqiyman, muntazam izlanaman. Qayerda yangilik koʻrsam, talabalarga yetkazishga, oʻrgatishga harakat qilaman. Agar ular men bergan maʼlumotga eʼtibor qaratsa, eshitsa, topshiriqni bajarsa, koʻzlarida uchqunni, ishonchni koʻrsam, shundan kuch olaman.

Ammo besh qoʻl barobar emas. Jurnalistikani hoyu havas uchun tanlaydigan, jurnalistlikni mikrofon koʻtarib, kamera qarshisida chiroyli koʻrinishdan iborat, deb oʻylaydigan yoshlar, afsuski, kam emas. Oʻqituvchilarning: “Avval matbuot nashriga bor, matn tuzishni, fikringni ifoda etishni oʻrgan”, deyishiga qaramay, birinchi kursdanoq televideniyega yuguradi. Shunday talabalarni koʻrgan, teleradiokanallarda ishlaydigan hamkasblarim menga: “Talabalarga nima oʻrgatasizlar, oddiy matn tuzishni ham bilishmaydi-ku” desa, mulzam boʻlib ketaman.

Baʼzan kimdir tahrir qilib bergan bitta maqolasi qaysidir gazetada chop etilgandan keyin “boʻldi, ustozsiz ham oʻzim eplayman”, deydigan, oʻzini har eshikka uradigan talabalar ham yoʻq emas. Ularning ortidan turli tadbirlar, uchrashuvlarda tayyorlayotgan mutaxassislarimizning hozirgi talabga javob bermasligi haqida eʼtiroz eshitamiz. Bu gaplarda jon boʻlsa-da, ochigʻi, shu sohaning nonini yeyayotgan mutaxassis sifatida juda ogʻir botadi. Vaholanki, jurnalistika sohasini tanlagan talabada Xudo bergan iqtidor, qobiliyat, hech qursa, qiziqish boʻlmasa, oʻn yil oʻqitsangiz ham yaxshi mutaxassis boʻlmaydi. Buni juda yaxshi bilsam, isbotlab berolsam-da, baribir amaliyotchilarning bahosi haqiqat.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida oliy taʼlim sohasini rivojlantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishini diqqat bilan kuzatdim va tingladim. Davlatimiz rahbari oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni keng va atroflicha tahlil qilib berdi. Keltirilgan baʼzi aniq faktlar kishini oʻylashga majbur qiladi.

Masalan, oliy taʼlim muassasalari 815 yoʻnalishda tayyorlayotgan mutaxassislarning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. 65 foiz aholining oliy taʼlim sifatidan koʻngli toʻlmaydi. Ayrim sohalar boʻyicha talabalar 40 yillik fan dasturlari asosida oʻqitilyapti. Ikki mingga yaqin fandan oʻquv adabiyotlari yetishmaydi. Bular shunchaki raqamlar emas, balki isbotlangan dalillardir.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun oliy taʼlimning toʻrtta ustuvor vazifasi belgilab berildi. Videoselektorda asosiy urgʻu taʼlim sifatini oshirishga qaratildi. Davlatimiz rahbari kadrlar tayyorlashda taʼlim muassasasi va ishlab chiqarish amaliyoti haqida toʻxtalar ekan, buni jurnalistika misolida asoslab, talabalarning amaliyotini tashkil qilishda ommaviy axborot vositalari tahririyatlari muhim tajriba maydoni boʻlishini, 3-kursda hech boʻlmaganda 0,25 shtatga ishga olingan talaba oʻqishni bitirgunga qadar tayyor mutaxassis boʻlishini taʼkidladi.

Darhaqiqat, jurnalistika taʼlimini amaliyotsiz tasavvur qilib boʻlmadi. Tashkil etilganiga yaqinda uch yil toʻlgan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyatining dastlabki kunidanoq yangi formatda ishlay boshladi. Taʼlim jarayonida amaliyotchilarning faol ishtiroki taʼminlandi.

Agar eʼtibor berilsa, har yili ijodiy imtihonlarga markaziy OAVning koʻzga koʻringan jurnalistlari, vazirlik va idoralarning ilgʻor axborot xizmatlari xodimlari, hatto blogerlar taklif qilinadi. Ana shu tajriba yoʻlga qoʻyilgandan keyin kadrlar tayyorlash jarayoniga jurnalistlar bevosita oʻzi hissa qoʻshadigan boʻldi. Shunga qaramay, amaliyotchi jurnalistlarni oʻquv jarayoniga iloji boricha koʻproq jalb etishga harakat qilamiz. Chunki sohada aksariyat hollarda amaliyot nazariyadan oldinda yuradi.

Universitetning media nazariyasi va amaliyoti kafedrasida faoliyat koʻrsatayotgan 34 nafar professor-oʻqituvchining teng yarmi amaliyotchilar — yetakchi nashrlarning bosh muharrirlari, taniqli jurnalistlar. Jumladan, kafedrada “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri A.Meliboyev, “Boshlangʻich taʼlim” jurnali bosh muharriri H.Saidov, “Sport”, “Oʻzbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri M.Toʻxtamirzayev, “Sport” telekanali direktori Z.Karimov, taniqli jurnalistlar K.Bahriyev, Oʻ.Mirzayorov, N.Niyozov, A.Teryoxina ishlaydi.

Ochiq aytish kerak, bu mutaxassislarni kafedrada ishlatish oson emas. Oliy taʼlimdagi professor-oʻqituvchilarga qoʻyilgan talablar boʻyicha, aytaylik, dars materiallarini tayyorlash va platformaga joylashtirish yoki boshqa uslubiy ishlarga jalb qilinadigan boʻlsa, ijod ahli bunaqangi qogʻozbozlikka toqat qilolmaydi. Shu bois, ularning har biriga asosiy stavkada ishlaydigan pedagog yoki yosh oʻqituvchini biriktirib, diqqatini darsdan tashqari ishlarga chalgʻitmaslikka harakat qilinadi. Maqsad bitta — talabalar koʻproq amaliy koʻnikmaga ega boʻlsin.

Universitetda oʻqish istagidagi talabgorlar soni yildan yilga ortyapti. Shunga yarasha qabul kvotasi ham koʻpaymoqda. Biroq jurnalistikada olimlar, mutaxassislar boshqa sohalardagiga nisbatan ancha kam. Yaʼni professor-oʻqituvchilarga ehtiyoj katta. Shuning uchun bosma OAV va saytlar orqali kafedralardagi lavozimlarga tanlov asosida ishga qabul qilish haqida eʼlonlar berilyapti, hamkorlikka chorlanyapti.

Prezidentimiz yigʻilishda: “Endi har bir kafedra kamida ikkita xorijiy oliy oʻquv yurti kafedrasi bilan hamkorlik qiladi. Har bir kafedradan bittadan oʻqituvchi xorijiy OTMga stajirovkaga borishi shart”, dedi. Bu — kafedralar uchun juda katta imkoniyat. Toʻgʻri, koʻpchilik oʻqituvchilar xorijga borishni xohlaydi. Ammo stajirovka yoki malaka oshirishga borish faqat oʻsha universitetning tajribasini oʻrganish degani emas. Pedagog oʻzi xohlagan soha, fan boʻyicha oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, reja tuzib borsagina, safari samarali va foydali boʻladi. Buni boshimdan oʻtkazganim uchun aytyapman. Oxirgi marta 2018-yili Rossiyaning Sankt-Peterburg universitetiga oʻquv qoʻllanma yaratish niyatida stajirovkaga bordim. U yerdagi hamkasblar bilan qoʻllanmaning rejasi, boʻlimlari, ularda yoziladigan fikrlarni koʻp muhokama qildik. Jurnalistika boʻyicha rossiyalik G.Melnik, G.Korkonosenko, V.Mesejennikov, M.Kim singari taniqli olimlarning maslahatini oldim. “Tahliliy jurnalistika” degan oʻquv qoʻllanmani safarda yozib tugatdim. Yurtimizga kelib, mutaxassislarga koʻrsatdim va chop ettirdim.

Jurnalistika sohasida yetarli tajriba va malakaga ega, zamonaviy bilimlardan xabardor, yangi texnologiyalarni puxta oʻzlashtirgan, qalami oʻtkir amaliyotchi mutaxassislar juda zarur. Prezidentimiz aytganidek, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi chegarani olib tashlash, mehnat bozorida oʻz mahsulotimizga xaridor topishimiz bugungi kunning talabi.

Nazira TOSHPOʻLATOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti dotsenti,

“Doʻstlik” ordeni sohibi