Maʼnaviyat — yangi uygʻonish sari yoʻl

    Madaniyat 21 Yanvar 2021 4512

    Davlatimiz rahbari tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bugungi tahlikali davrda yoshlarning maʼnaviy tarbiyasiga eʼtibor va masʼuliyat masalalari boʻyicha ziyolilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.

    Xalqimiz asrlar davomida dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qoʻshgan komil farzandlari, ularning ilmiy-maʼnaviy merosi bilan ham boshqa xalqlar orasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlib kelgan. Sharqona taʼlim-tarbiyada or-nomus, odob-axloq, sabr-qanoat, bagʻrikenglik, ilm-maʼrifatga intilish, oʻzidan yaxshi nom, yaxshi amallar qoldirish kabi fazilatlar bundan ming yillar avval ham bugungidek muhim ahamiyat kasb etgan.

    Qalblari ilm-maʼrifat nuridan munavvar boʻlgan kishilar gʻayriaxloqiy xatti-harakatlardan tiyilib, kibrga, hoyu havasga berilmay, bellariga kamtarinlik belbogʻini bogʻlab yashagan. Ulugʻ allomalarimizning bizlarga qoldirgan maʼnaviy merosida bu borada koʻp hikmatli hikoyatlar bor. Saxovatpeshalik, bagʻrikenglik, savobli xayriya ishlari, har qanday holatda ham maʼnaviy komillikka intilish, farzandlarni imon-eʼtiqodli qilib tarbiyalash xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

    Shu bois, el-yurtimiz ne-ne bosqinu istilolarga, ogʻir yoʻqotishlarga qaramay, oʻzligini, dinu diyonatini saqlab qolgan.

    Maʼrifatli, ziyoli kishilarning ibratli hayoti, ilmiy xazinasi dunyo tamadduni sahifalarini hamon mashʼala yangligʻ yoritib keladi. Xalqimizning tabiati va tarixiy tajribasidan kelib chiqqan holda, maʼnaviy tarbiya va maʼnaviy komillik milliy istiqlol gʻoyasining muhim talabiga aylandi.

    Bu gʻoya yangi ozod va erkin jamiyatimiz hayotida qadim-qadimdan jamoa boʻlib yashash ruhining bugun ham ustuvorligi, oila, mahalla, el-yurt tushunchalarining muqaddasligi, ota-onaga, millatning oʻlmas ruhi boʻlgan ona tiliga muhabbat, hayot adabiyligining ramzi boʻlmish ayol zotiga ehtirom, mehnatsevarlik, halollik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni oʻzida toʻla aks ettiradi. Ayni chogʻda, bu gʻoya qonun ustuvorligi, inson haq-huquqlari va hurfikrlilik, turli millat va elat vakillariga, ularning milliy tuygʻulari va diniy eʼtiqodiga hurmat kabi umuminsoniy qadriyatlarni ham yuksak darajada eʼtirof etadi.

    Bugun dunyoning u yoki bu mamlakati, u yoki bu qitʼasi emas, butun yer yuzi turli talatoʻplar girdobida qolayotgan, qonli mojarolar, bosqinchilik harakatlari va, nihoyat, jumlai jahonni titragan koronavirus pandemiyasi paytida umumtiriklikni, tinch-totuv hayotni, iqtisodiy barqarorlikni, ertangi kunimizni saqlab qolishning yagona najot yoʻli — maʼnaviyatni asrashdir. Faqat shu fazilat bilangina omon qolish mumkin. Ortimizdan kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga bir kunlik eʼtiborsizlik, talabchanlikning bir zum susayishi ham jiddiy muammolarga olib keladi. Bu saboq, ayniqsa, bugun — yoshlar ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda yana-da muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tarbiya nainki ota-onaning, ustoz-murabbiyning, jamiyat taqdiriga, tinchlik-totuvlikka befarq boʻlmagan har bir kishining, davlat va jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, faol ziyolilar, ­mahalla oqsoqollari, huquq-tartibot organlari xodimlarining ham mushtarak vazifasi hisoblanadi. Tarbiya qayerda sust boʻlsa, shu yerda turli noxush illatlar urchiy boshlaydi, yosh, hayotiy tajribasi kam yoshlar turli gʻarazli oqimlarning taʼsiriga tushib qoladi.

    Sotsiolog olimlar uzoq kuzatuv va tahlillardan soʻng, jinoiy xatti-harakatlar milliy-maʼnaviy tafakkur zaiflashgan, milliy anʼanalarga rioya qilish sustlashgan, tarixiy xotira unutila boshlagan hamda ona tilining qoʻllanilishi kamaygan hududlarda koʻproq sodir boʻladi, degan xulosaga allaqachon kelgan.

    Buyuk faylasuf olim Abu Nasr Forobiy oʻz asarlarida tarbiya taʼlimdan ustun turadigan va taʼlimga nisbatan erta boshlanadigan jarayon ekanini isbotlab bergan.

    Insonning pokiza tuygʻulari, dastlabki hayotiy tasavvurlari oila bagʻrida, ona allasi va milliy-maʼnaviy muhit sharoitida shakllanadi. Jamiyat taʼlim va tarbiyaga eʼtibor berar ekan, bu bilan u, avvalo, oʻzining maʼnaviy-axloqiy poydevorini mustahkamlaydi, oʻsib-ulgʻayayotgan yosh avlod dunyoqarashining toʻgʻri shakllanishini, ilm-maʼrifatga havas qoʻyishlarini taʼminlaydi. Buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”, deganida qanchalik haq ekanini bugungi yosh avlodning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlaridan ham bilib turibmiz.

    Mustabid tuzum ulugʻ ajdodlardan meros boʻlib qolgan koʻplab qadriyatlarni feodal oʻtmish sarqiti, deya hayotimizdan ajratib qoʻydi, ong-shuurimizga, turmush tarzimizga oʻzining gʻayriaxloqiy, maʼnan puch gʻoya va “qadriyat”larini singdirdi, shu yoʻl bilan milliy tuygʻu va gʻururni zaiflashtirishga, tariximizni soxtalashtirishga, xotiramizni sustlashtirishga erishdi. Bu yoʻqotishlarni joy-joyiga qoʻyish oson kechayotgani yoʻq.

    Bosh Qomusimizda inson shaʼni, gʻururi, qadr-qimmati, boshqa daxlsiz haq-huquqlari hayotimizdagi oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Oʻqish, mehnat qilish, ilm-fan, madaniyat va sanʼat yutuqlaridan bahramand boʻlish, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlarning oʻz ota-onalariga gʻamxoʻrlik qilishi, ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunga qadar tarbiyalashlari kabi talablar milliy qadriyat sifatida konstitutsiyaviy burchimizga aylandi.

    Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turli kasb egalari, nuroniylar, yoshlar, ijodkor ziyolilar bilan muloqotlarida, Oliy Majlisga Murojaatnomalarida yangi avlod tarbiyasining milliy taraqqiyot bilan bevosita bogʻliqligi oldimizda turgan eng muhim vazifa ekanligi alohida uqtiriladi. Biz bugun tarixning yangi uygʻonish fasliga poydevor qoʻyayotgan ekanmiz, bu ulugʻ vazifani maʼnaviyat asoslarini, zamonaviy bilimlarni, ilgʻor xalqaro tajribalarni talab darajasida egallamay turib, amalga oshirib boʻlmaydi. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Oʻzbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida maʼnaviyat yoʻnalishida belgilab bergan vazifalari bu ishga yana-da jiddiy kirishishni taqozo etadi. “Chunki bu borada yechimini kutib turgan, oʻzgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar koʻp. Milliy gʻoyaning mohiyatini toʻliq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yoʻq emas. Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”.

    Oila-mahalla juftligi yosh avlod tarbiyasi uchun birgalikda masʼul desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Keyingi yillarda dunyo jamoatchiligining oʻzbek mahallasiga eʼtibori ancha kuchaydi, oila, nikoh, bolalar tarbiyasi, ota-ona va farzandlar munosabatlari kabi tushunchalarni jiddiy oʻrganish boshlandi. Bu quvonarli, albatta. Ammo taassuf bilan aytish kerakki, mamlakatimizda oila va mahallaga boʻlgan eʼtiborni boshqacha talqin etayotganlar ham yoʻq emas. Ular oila aʼzolarining, masalan, er va xotinning, ota-ona va farzandlarning, turli millat va elatlarga mansub mahalladoshlarning ahil-inoqligini, bir-birlariga hurmat-eʼtiborni, farzandlarning ota-onalari bilan birga yashashlarini, ulardan doimo xabar olib turishlarini ortiqcha tashvish, inson huquqlarining cheklanishi, deb baholaydi. Ularga qolsa, farzandlar koʻproq oʻzlarini, shaxsiy rohat-farogʻatlarini oʻylashlari, vaqtlarini ota-onalariga sarflab oʻtirmasliklari kerak. Keksalar bolalariga “yuk” boʻlgandan koʻra, qariyalar uyida istiqomat qilganlari maʼqul, deyishadi. Biz bugun erkin va ochiq mamlakatmiz. Ammo bunday qarashlarni qabul qila olmaymiz.

    Bugun Oʻzbekistonda yoshlar maʼnaviyatiga oid davlat siyosatini belgilashda Prezidentimiz tamomila yangi yondashuv zarurligini uqtirmoqda. Ochiq aytish kerakki, yillar davomida jamiyat yoshlarning gʻayrat-shijoatlaridan foydalanib keldi, ularni turli vazifalarga, harakatlarga safarbar etdi, ammo zarur hayotiy muammolarini hal etmadi, orzu-niyatlari yoshlikka xos joʻshqin talqinlari eʼtiborsiz qoldi.

    Natijada koʻpgina yoshlarda ijtimoiy faollik susaydi, befarqlik, umidsizlik kayfiyati yuzaga keldi. Maʼnaviyat bu noxushliklarga barham beradi. Chunki kelajakka ishonch, sabr-qanoat, har qanday sharoitda ham olgʻa intilish, birovning haqiga xiyonat qilmaslik bizning qonimizda bor. Musulmon ota-bobolarimiz Andaluziyada erishgan ilmiy-maʼnaviy yutuqlar ularni “Ovrupo muallimlari” maqomiga koʻtargan. Fitrat bobomizning “Sharq siyosati” asarida quyidagilarni oʻqiymiz: “Afriqogʻa kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon (bosib olgan) madaniy ovrupolilardek, yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar. Ulargʻa madaniyat berdilar. Amriqogʻa qoʻnoq boʻlub kirgan Ovrupa madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmagʻan yoʻqdir. Afriqoni bosib olgʻan Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni oʻlat kabi oʻldirib turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoir, Tunis, Fas (Markaziy Afrika) kabi oʻrinlarini olgʻach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, ulardan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq oʻzining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va hidmatu eʼtiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizga sigʻmaydur. Sharq madaniy yirtgʻuchi emas edi. Sharq boshqalarning haqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat oʻchogʻi, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqliklar, bashariyatga qilgʻan xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupagʻa qarshi yaxshigʻina maxtana olurmiz... Negakim, Sharq bilim, hunar yoʻlinda Ovrupa jahongirlari qonin ichmak, orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi”.

    Bu satrlar xalqimizning maʼnaviy ildizlari borib taqaladigan sof va pokiza chashmalarga eltadi. Shu bois, bugun Oʻzbekistonda maʼnaviy tarbiya birlamchi, ertangi kunimizning asosini yaratuvchi vazifa maqomiga ega boʻlib turibdi. Bu ishda matbuot, radio-televideniye, xususan, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Maʼnaviy hayot”, “Saodat” jurnallarida eʼlon qilinayotgan asarlar, tahliliy maqolalar maʼnaviyat targʻibotchilariga jiddiy koʻmakchi boʻla oladi. Oliy oʻquv yurtlari, litsey, kollej va umumiy oʻrta maktablarning tarix, ona tili va adabiyot, maʼnaviyat asoslari oʻqituvchilari “Jahon adabiyoti”da chop etilayotgan Alisher Navoiy gʻazallariga yozilgan oʻzbekcha, ruscha va inglizcha sharhlarni, Aziziddin Nasafiyning “Komil inson kitobi”, Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, Rustam Ummatovning “Bobur va Napoleon”, Sharlotta Brontening “Jeyn Eyr” asarlari, Isajon Sultonning “Bibi Robiya qissasi”, Marhabat Boygʻutning “Hokimning ayoli” hikoyalari, Farruxbek Olimning “Pahlavon Muhammad — komillik timsoli”, Sherxon Qorayevning “Samoʼ yigʻinlari va Alisher Navoiy”, Qozoqboy Yoʻldoshning “Poetik yolqin yogʻdusi”, “Tafakkur”da bosilgan akademik Abdulla Aʼzamning “Buyuk armon”, Eldor Asanovning “Bizni qanday kelajak kutmoqda?”, Nodira Ofoqning “Navoiy va jadidlar”, “Maʼnaviy hayot”da eʼlon qilingan Halim Saidovning “Behbudiy fenomeni”, Eshqobil Shukurning “Yashil olamning qizil kitobi”, Abdulla Ulugʻovning “Qadriyatlar ham qariydimi?”, “Sharq yulduzi”da bosilgan Nazar Eshonqulning “Taqiq mevasi”, Xurshid Doʻstmuhammadning “Oʻyin” romanlari, Xayriddin Sultonovning “Xalqimiz hayotining badiiy qomusi”, Hamidulla Boltaboyevning “Hazrat Navoiy ijodidan ruh olib” maqolalari muhtaram oʻqituvchilarimiz oldida turgan eng katta muammo — bugungi kun talablariga javob bera oladigan mukammal darsliklarning kamligi oʻrnini toʻldirishi aniq-ku. Kutubxonalarda bu nashrlarning, hech boʻlmaganda, bir nusxadan boʻlishi ilmga ixlosmand juda koʻp yoshlarning oliygohlar sari yoʻlini yoritishi, tarbiyachilarning adabiy-maʼnaviy olamini boyitishi oddiy haqiqat. Taassufki, shu oddiy arifmetikani tushunmayotganlar, toʻgʻrirogʻi, tushunishni istamayotganlar orasida masʼul lavozimli mansabdorlar ham bor. Davlatimiz rahbarining maʼnaviyatchilar bilan muloqoti bu boradagi sunʼiy toʻsiqlarni bartaraf etishiga shubha yoʻq.

    Ahmadjon MELIBOYEV,

    “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri