Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Zero, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Maʼlumki, Prezidentimiz ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surib, yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari davlat siyosati darajasida eʼtiborga olindi.
Yangi Oʻzbekiston tarixiy bosqichiga qadam qoʻyilgan ilk kunlardan buyon milliy yetakchimiz tomonidan alohida va uzluksiz eʼtibor berilayotgan masala maʼnaviyat va maʼrifat boʻlgani holda, boy va hech kimda yoʻq tarixiy-madaniy merosimiz qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyish, uni chuqur oʻrganish, undan taʼlim va tarbiyadek oʻta zarur va nozik sohada unumli foydalanishga alohida urgʻu berib kelinayotgani ham haqiqatdir. Kengashning bu galgi yigʻilishida esa davlatimiz rahbari hali hech kimning xayoliga kelmagan, kelganda ham yurak yutib koʻtarib chiqishi amrimahol mavzuni oʻrtaga tashladi, uning magʻzini chaqib, turmushga tatbiq qilish yoʻllarini ham koʻrsatib berdi.
Mamlakatimiz hayotida tarixiy bir voqea boʻldi. Davlatimiz rahbari bir fikrni aytilar. Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni, ruhi maʼnaviyatdir. Chunki maʼnaviy asoslarsiz, maʼnaviy negizlarsiz, maʼnaviy qadriyatlarsiz maʼnaviy-milliy ruhsiz hech bir davlat oʻzining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi. Agar biz bobolarimiz yaratgan ikkita Renessansning asosiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ikkalasida ham oʻsha iqtisodiy rivojlanish bilan ruhiy rivojlanish uygʻunligini koʻramiz. Davlatimiz rahbari bugun bizga yangi tizimni koʻrsatib berdi.
Davlatimiz rahbarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishi institutimizda maʼnaviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni yana-da tizimli va samarali tashkil etishga katta turtki boʻldi. Shu oʻrinda aytish joizki, 2020-yilda 70 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik targʻibot tadbirlari tashkil etildi.
Bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda oʻtkazib kelyapmiz.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida kursantlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etish, ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga ham jiddiy eʼtibor qaratamiz. Xususan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning tavalludning 579-yilligi, buyuk davlat arbobi va sarkarda, adib va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537, Abdulla Qodiriy tavalludining 126-yilligi munosabati bilan 10 dan ortiq ijodiy kechalar tashkil etildi.
Institut ofitser, serjant va kursantlarining ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Institut ofitser va kursantlarining nasriy va nazmiy ijod namunalaridan iborat “Qalb gavharlari” nomli toʻplam hamda kursant M.Temirovning “Umrim bahori” nomli sheʼriy toʻplamini chop ettirdik. Institutda “Yangi asr avlodi” va “Oʻzbekiston” nashriyotlari bilan hamkorlikda koʻplab kitob yarmarkalari tashkil etildi.
“Meni oʻzgartirgan kitob” onlayn tanlovi esa kursantlarimiz orasidan yangi-yangi iqtidorlarni kashf etishimizga xizmat qildi.
2021-yilda bu kabi tizimli ishlarimiz salmogʻini yana-da koʻpaytirishga kirishganimiz barobarida mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yana-da oshirish yuzasidan ayrim takliflarni aytib oʻtishni joiz topdim.
Jumladan, harbiy-tarixiy festivallarni tashkil etish orqali Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shoxrux va Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimizning harbiy va maʼnaviy jasoratlarini yoshlar ongiga chuqur singdirishga erishishimiz mumkin.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tarixiy va harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishda yozilgan nasriy va nazmiy asarlar tanlovini oʻtkazish esa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi, deb oʻylaymiz.
Shuningdek, “Men shu yurt farzandiman” ruknida turkum koʻrsatuvlar tashkil etish, “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi asosida barcha taʼlim muassasalarida el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan faxriy avlod vakillari bilan uyushmagan yoshlarning uchrashuvlarini tashkil etish ham maqsadga muvofiq boʻladi, nazarimizda. Bundan tashqari, yoshlarning ijodiy fikrlashini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasini amalga oshirishdek ezgu maqsadlar sari intilishimiz, ularga albatta yetishimiz kerak.
Xulosa qilib aytganda, maʼnaviyat – insoning maʼlum darajadagi jismoniy, aqliy, axloqiy va ruhiy balogʻati va dunyoqarashini ifodalovchi tushunchadir. Shu nuqtayi nazardan, yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, yurtimizda milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish yoʻlida barchamiz birdek masʼul boʻlishimiz lozim.
Raxmatilla Gaipnazarov,
Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti
Maʼnaviyat va yoshlar tarbiyasi markazi boshligʻi,
bojxona xizmati mayori,
Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)