Toshkent viloyatida arzon va ko'rkam uy-joylar qurilishi jadallashadi

    2021-2022-yillarda umumiy qiymati 11,5 trillion so'm bo'lgan 125 ta qurirlish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirib, 8 062 ta yangi ish o'rni yaratish ko'zda tutilgan.

    Qurilish sohasi allaqachon mamlakatimiz iqtisodiyotining “drayveri”ga aylanib ulgurdi. Oxirgi yillarda respublikaning barcha hududlarida zamonaviy bino-inshootlar, ko'p qavatli uy-joylar qurish ko'lami bir necha barobarga oshdi.

    Aholi sonining ortishi, joylarda yirik korxonalarning ishga tushishi hisobiga odamlarning yashash joylariga bo'lgan talabi o'sib borishi tabiiy. Ayni sharoitda bu boradagi ehtiyojni qondirishga bo'lgan sa'y-harakatlar jadallik bilan olib borilyapti. Ammo maqsad faqatgina son natijadorligiga erishishdan iborat emas. Davlatimiz rahbari har gal shu yo'nalishda o'tadigan yig'ilishlarda soha vakillari oldiga arzon va sifatli uy-joy qurish vazifasini qo'yyaptiki, odamlarning ularni xarid qilishga qurbi ham, imkoniyati ham etsin.

    Prezident joriy yilning 18-19 mart kunlari Toshkent viloyatida bo'lib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik korxonalar faoliyati bilan tanishish jarayonida ham uy-joylar narxlarini imkon qadar tushirish, buning uchun qurilish materiallari ishlab chiqarish ko'lamini oshirishga urg'u berdi. Yuqori Chirchiq tumanidagi yirik yig'ma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan “Yevro Global Invest” MCHJ korxonasida bo'lib, “Shunday klasterlarni boshqa hududlarda, Samarqand va vodiy viloyatlarida ham ko'paytirish kerak. Qurilishda eng muhimi narx, sifat va muddat. Shuning uchun raqobatbardosh qurilish materiallari turi ko'p bo'lsa, narx-navo arzonlashadi. Bu korxonada malakali mutaxassislar tayyorlash uchun markaz tashkil etish kerak”, — deya ta'kidladi.

    Investitsion loyihalar ko'paymoqda

    Uyning poydevori mustahkam bo'lsa, uzoq yillar o'z sohibiga “oxori to'kilmasdan” xizmat qiladi. Mustahkam poydevorning asosini esa pishiq va bardoshli qurilish materiallari tashkil etadi. Bugun jahon bozorida energiyatejamkor, arzon va sifatli qurilish materiallariga talab ortayotgani boisi ham shundan. Dunyo malakatlari allaqachon oddiy g'isht o'rniga undan ancha engil, pishiq, shovqin qaytaruvchi, issiq va sovuqdan himoyalash xususiyatiga ega gazobetondan foydalana boshlagan. Boshqa turdagi an'anaviy qurilish materiallari o'rnini ham zamonaviylari egallab bormoqda.

    Ilg'or texnologiyalar asosida yangicha qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish, bu yo'nalishda jahon tajribasini qo'llashga mamlakatimizda ham so'nggi yillarda alohida e'tibor qaratilmoqda. Joylarda investitsion loyihalar amalga oshirilib, yangi korxonalar faoliyati yo'lga qo'yilyapti.

    2 million 994 ming aholi istiqomat qiladigan Toshkent viloyatida ham bu borada yangi marralar ko'zlangan. Tabiiy zaxiralarga boy bo'lgan mazkur hududda zamonaviy uy-joylar barpo etilib, qurilish materiallari sanoati yildan–yilda jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda. Hududda ushbu yo'nalishda investitsiya salmog'i ortishi hisobiga 2020 yilda viloyat bo'yicha 973 ta korxona tomonidan 4,9 trillion so'mlik keramik plitalar, keromagranit, gazobeton, pardozbop toshlar, metall konstruktsiyalar kabi 25 dan ziyod turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

    “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bergan ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent viloyatida 2020-yil davomida yuzaga kelgan murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'nalishida umumiy qiymati 9 trillion so'mlik 102 ta loyiha ishga tushirilib, 3 777 ta yangi ish o'rni yaratildi. Xususan, Ohangaron tumanida yiliga 200 ming kub metr avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “East Mining Invest” MCHJ qo'shma korxonasi ishga tushirilgan bo'lsa, O'rta CHirchiq tumanida 201 milliard so'm investitsiya mablag'lari hisobiga “Toshkent temir-beton uy qurilish kombinati” MCHJ faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Yangicha yondashuv — zamon talabi

    Yuqori Chirchiq tumanida o'tgan yilning dekabr oyida ish boshlagan “Yevro Global Invest” MCHJ ham ana shunday yirik loyihalardan biri. Loyiha qiymati 289,9 milliard so'm bo'lgan korxona Germaniya texnologiyasi asosida yiliga 180 ming kvadrat metr uy-joy qurish uchun yig'ma temir-beton buyumlari ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfal`t tayyorlash quvvatiga ega. Shu erning o'zida ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda.

    Bugun yurtimizda qurilish ko'lami kengayib, yangicha dizayndagi temir-beton materiallariga talab ortib bormoqda. Shu bois, korxona mutaxassislari 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga o'rnatilgan Italiya, Germaniya va Avstriyadan keltirilgan zamonaviy liniyalar yordamida sifatli, jahon standartlariga mos mahsulotlar tayyorlashga intiladi. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon bo'ladi.

    Klaster usulidagi mazkur korxonada ishlab chiqarish jarayoni ketma-ketligi avtomatik tarzda bir-biriga zanjir misol bog'lanib ketaveradi. Ishchi xodimlar yuqori aniqlikdagi texnologiyalarni boshqarish asnosida “aqlli” qurilmalarga zarur topshiriqlarni elektron dasturlar orqali berib turadi.

    — Ayni paytda korxonada 850 nafar ishchining bandligi ta'minlangan bo'lib, yil yakunigacha ish o'rinlari sonini 1,5 mingtaga etkazishni rejalashtirilganmiz, — dedi “Yevro Global Invest” MCHJ rahbari Jamshid Inog'omov. — Davlatimiz rahbari korxonamizga tashriflari davomida materiallar ishlab chiqarish va qurilishning to'liq “zanjiri”ni tashkil qilib, uy-joylar narxini yanada arzonlashtirish, ko'proq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini ta'kidladi. Albatta, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishga kirishamiz. Shuningdek, Prezidentimizning topshiriqlari asosida qisqa vaqtda mutaxassislarni tayyorlaydigan markaz faoliyatini yo'lga qo'yishni maqsad qilganmiz.

    Toshkent viloyatida bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2021-2022-yillarda ham umumiy qiymati 11,5 trillion so'm bo'lgan 125 ta qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirib, 8 062 ta yangi ish o'rni yaratish ko'zda tutilgan. Joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga mahsulot ishlab chiqarish hajmi 9,3 trillion so'mgacha, jumladan, import o'rnini bosuvchi qurilishi materiallari ishlab chiqarish 85 million dollargacha, eksport hajmi esa 62 million dollarga oshishi, buning natijasida viloyatda qo'shimcha 3 572 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi kutilmoqda.

    Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o'rin tutadi va hududda sanoat, qishloq xo'jaligi, savdo, xizmat ko'rsatish bo'yicha ulkan salohiyat bor. Ana shu yo'nalishlarni bundanda rivojlantirish bo'yicha ustuvor vazifalarning belgilanishi viloyatning imkoniyatlarini yanada kengaytirib, odamlarning farovon, hayotidan rozi bo'lib turmush kechirishiga, yangi, arzon va sifatli uylarda umrguzaronlikda yashashiga xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri