Mamlakat boʻylab sayohatimiz Yuvaskulya shahridan boshlandi.
Shahardagi Yuvaskulya universiteti Finlyandiyaning eng obroʻli OTMlari qatoridan joy olgan. Bugun unda 14 ming 600 talaba kunduzgi, 26 ming yigit-qiz esa masofaviy taʼlim shaklida oʻqiydi. Muassasadagi 2800 xodimdan 850 nafari bevosita ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanadi. Aytishlaricha, oliygohning bir yillik daromadi oʻrtacha 232 million yevro. OTM xalqaro nufuzli universitetlar 1000 taligidan joy olgan.
Universitetda raqamlashtirishning ilmiy asoslangan istiqbolini yaratish ustida tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Bu jarayonda tadqiqot yoʻli asosan axborot tizimlari taʼlimoti, raqamlashtirish ilmi, muhandislik ishi hamda oʻrganish va kognitiv bilimlarga yoʻnalgan.
Ularning har bir loyihasi asosida innovatsiya, oʻrganish va ijtimoiy muhit omillari turgani eʼtiborga loyiq. Ilmiy tadqiqotlar loyihalash va oʻrganishni oʻz ichiga oladi, biroq talabalar bu bilan cheklanmaydi, oʻquv texnologiyalari, innovatsion taʼlim va oʻqitish amaliyotini tahlil qilish, texnologiyaga asoslangan oʻrganish, baholash va taqqoslash, shuningdek, taʼlimda AKTdan foydalanish ham ularning asosiy vazifalari doirasiga kiradi.
2021-2023-yillarda Finlyandiya taʼlim tizimini tijoriy raqamlashtirish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan ilmiy tadqiqotchilar 2023-yildan xalqaro bozorga ham chiqa boshladi.
Mamlakatning bir necha universiteti va ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan oʻzaro hamkorlikda maktab taʼlimi muammolari yechimi, pedagoglar va rahbariyatga oid ilmiy va amaliy yordam koʻrsatishga bagʻishlangan loyihalar, shuningdek, «Maktablarni sunʼiy intellektga tayyorlash», «Raqamli kontentni yaratishda pedagog kompetentligi» va «Rivojlantirilgan taʼlimda texnostressni oldini olish» kabi innovatsion loyihalar amalga oshirilyapti. Ushbu loyihalarning maqsad va vazifalari hamda amaliy ahamiyati bilan tanishish jarayonida Finlyandiyada tom maʼnoda taʼlim yaxlitligi shakllanganiga amin boʻldik. Mamlakatdagi ilmiy tadqiqot markazlari ham uzluksiz oʻqitish muammolari bilan shugʻullanib, elektron taʼlim resurslari tijoratida Xitoy bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Finlyandiyada fin, ingliz, shved va nemis tilida ilmiy tadqiqot olib borish imkoniyati mavjud, ammo yuqori reytingli nashrlarda ilmiy ishlar faqat fin tilida nashr etiladi. Fin tilida ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanish va uni himoya qilish yuksak qadrlanarkan. Bunda ularning ona tiliga cheksiz hurmati namoyon boʻladi. Bu bizni juda taʼsirlantirdi.
Mamlakat taʼlim tizimi haqidagi taassurotimiz Xelsinki universitetida yanada boyidi. Jumladan, OTMning tillar kafedrasida 10 dan ortiq xorijiy tillarni oʻrganish yoʻlga qoʻyilgani, ular orasida sharq tillari ham borligi, ayniqsa, eʼtiborga sazovor.
Mazkur davlatga sayohat davomida fin taʼlim tizimini milliy oʻqitish tajribamiz bilan taqqoslash imkoniyati paydo boʻldi. Menimcha, baʼzi jihatlarini oʻzlashtirishimiz ham ancha foydali boʻlardi. Jumladan, taʼlimga oid ilmiy tadqiqotlarda bevosita sohada ishlayotgan mutaxassis ishtiroki muhimligini inobatga olish, faoliyatida uchrayotgan muammolarga birgalikda yechim izlab, natijasini tajriba-sinovlarda qoʻllash va tatbiq etishimiz kerak. Biroq bu jarayon hozir faqat qogʻozlarda aks etmoqda, xolos.
- Shuningdek, oʻquvchilarda oʻzaro ishonch, atrof-muhitga eʼtibor, mehnatdan uyalmaslik, oʻzaro hurmat, jamoaviy ishlash koʻnikmalarini yanada takomillashtirishimiz zarur. Finlyandiya maktablarida oʻquvchilarning velosiped, samokati ochiq holda turibdi, yaʼni bir-birining mulkiga daxl qilish yoʻq. Oshxonalarda ham barcha oʻquvchilar ovqatlangandan keyin idishini yigʻishtirib ketishi madaniyati shakllangan. Yuqori sinf oʻquvchilari ham ijtimoiy mehnatning hech bir koʻrinishidan uyalmay, pul topish koʻnikmasi shakllantiriladi. Masalan, qariyalarga ijtimoiy koʻmak, uy hayvonlarini parvarishlash va sayr qildirish, obodonlashtirish ishlari, shuningdek, ofitsiantlik qilish ular uchun xijolatli ish emas. Yaʼni bu vazifalarni bajarayotgan oʻsmirlarda bir-biridan uyalish hissi yoʻq. Bizda esa aksincha, bu yoshdagi oʻsmirlar ofitsiantlik bilan shugʻullanayotgan yoki bozorda savdo qilayotgan tengdoshini koʻrib qolsa, albatta, oʻrtoqlari bilan uni muhokama qiladi, kamsitadiganlar ham topiladi.
- Finlarda taʼlim jarayonida jamoaviy ishlash texnologiyalarini bajarishda oʻzaro hurmat mukammal shakllangan. Bir-birini shovqinsiz tinglay oladi, muhokamada fikrlarini qizishmasdan, muloyimlik bilan bildiradi. Biz borgan taʼlim muassasalarida oʻqitish jarayonida shovqin-suronni yoki baland ovozdagi muhokamani koʻrmadik. Jamoat transportlari, doʻkonlar, koʻcha-koʻyda bir-biriga hurmat juda chiroyli shakllangan.
Oʻylaymanki, bizda ham bu va boshqa koʻnikmalarni shakllantirish imkoniyati mavjud. Oson boʻlmaydi, biroq natijasi kelajak avlod uchun bizdan qoladigan katta yaxshilik boʻladi.
Goʻzal odatlarni shakllantirish oson boʻlmaydi
Umida Marasulova,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti
prorektori, pedagogika fanlari nomzodi,
dotsent