Markaziy bankning 2022-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi

    Moliya 2 Iyun 2023 579

    Senatning qirq birinchi yalpi majlisida Markaziy bankning 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

    Qayd etilganidek, Markaziy bank 2022-yildagi faoliyatini pul-kredit siyosati va makroprudensial choralarini inflyatsiyaga monetar omillar taʼsiri darajasini qisqartirish, bank tizimida potensial xatarlarni moliyaviy barqarorlikka taʼsirini minimallashtirish hamda mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadlariga yoʻnaltirgan.

    2022-yil mart oyida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizgacha koʻtarilgan boʻlsa, II chorakdan boshlab makroiqtisodiy sharoitlarning barqarorlashuvi va ayrim inflyatsion xatarlarning pasayishi hisobiga asosiy stavka 15 foizgacha tushirildi.

    Hisobot yilida iqtisodiyotni moliyalashtirishda xususiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish, tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlari davom ettirildi.

    Xususan, aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 203 trillion soʻm yoki 2021-yilga nisbatan 22 foizga koʻp kreditlar ajratilgan.

    Aholiga ajratilgan kreditlar 2021-yilga nisbatan 1,6 barobarga oʻsib, 65,3 trillion soʻmni tashkil qildi. Ushbu ajratilgan kredit mablagʻlarining 25,6 foizini mikroqarz, 22 foizini ipoteka krediti, 33 foizini isteʼmol krediti, 14 foizini mikrokreditlar tashkil etgan.

    Shuningdek, 2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 424 mingdan ortiq loyihalarga jami 9,9 trillion soʻmdan ortiq imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.

    2022-yilda banklarning kapitallashuv darajasi 12 foizga oshib, yil yakunlari boʻyicha qariyb 80 trillion soʻmga, ustav kapitali miqdori 9 foizga oʻsdi.

    Shu bilan birga 2022-yilda bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilishga qaratilgan ishlar davom ettirilib, Ipotekabank va Oʻzagroeksportbankdagi davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha jarayonlar yakunlandi.

    Natijada davlat ulushi mavjud bank aktivlarining bank sektori aktivlari umumiy hajmidagi ulushi 2021-yildagi 81,5 foizdan 2022-yilda 78,2 foizgacha pasaygan.

    Aholiga respublika va xorijiy toʻlov tizimlari infratuzilmasida bir karta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi kobeydjing bank kartalari soni 2021-yilga nisbatan 2,7 barobarga oshgan.

    Shu bilan birga, senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan ayrim masalalarga eʼtibor qaratdilar.

    Oʻz navbatida, T.Narbayeva jahonda kuzatilayotgan murakkab iqtisodiy jarayonlar taʼsirida, yaʼni valyuta kursining oʻzgarishi, yoqilgʻi narxlarining oshishi va boshqa omillarni inobatga olib, aholi va tadbirkorlik subyektlariga inflyatsiya darajasining salbiy taʼsirini yumshatish choralarini koʻrib borish talab etiladi deya taʼkidladi.

    Yaʼni, aholini daromadini va xarid qobiliyatini pasayib ketishini oldini olish, tadbirkorlik subyektlariga qulay biznes sharoitini yaratishga koʻmaklashish kerak.

    Shundan kelib chiqib, inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini koʻrib borish, ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash zarur.

    Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, inson omilini kamaytirish, kredit olish jarayonini soddalashtirish maqsadida arizalarni onlayn elektron dastur orqali qabul qilish tizimini joriy etish kerak.

    Bunda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasini takomillashtirish, unda korrupsiya va sansalorlik xavflarini oshiradigan inson omili ishtirokini kamaytirish choralarini koʻrish zarur.

    Jumladan, banklarda raqamlashtirish bilan bogʻliq belgilangan qator vazifalar ijrosi qolib ketayotgani, tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflikning toʻliq taʼminlanmaganligi, inson omilining yuqoriligi kredit olish jarayonini qiyinlashtirib, byurokratik toʻsiqlarning yuzaga kelishiga omil boʻlayotgani qayd etildi.

    Shuningdek, Markaziy bankning 2023-yilgi faoliyatida narxlar barqarorligini taʼminlash, pul-kredit siyosati instrumentlarini hamda aholining banklardagi omonatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish, inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash borasida ishlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar bildirildi.

    Muhokamadan soʻng senatorlarning Markaziy bank faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflari aks etgan tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.