“Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” anjumani – mintaqaning xalqaro hamjamiyatidagi oʻrnini oshirishda muhim strategik qadamlaridan biridir

    Dolzarb 29 Dekabr 2020 12510

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, fan, taʼlim, madaniyat va boshqa muhim yoʻnalishlar boʻyicha bildirilgan tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz, balki chet el OAV va ekspertlari oʻrtasida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.

    Jumladan, 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro anjumanni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif siyosatshunos, tarixchi, ilm-fan, madaniyat va turizm sohasi vakillarining diqqat markazida turibdi.

    Qayd etib oʻtish lozimki, Davlat Rahbarining ushbu tarixiy tashabbusi ilk bor shu yilning sentyabr oyida oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi. Oʻz oʻrnida YUNESKO bosh direktori Odri Azule ushbu gʻoyaning nihoyatda dolzarbligini qayd qilib, shunday fikr bildirgandi: “mintaqaning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy vazifasi va bugungi taraqqiyotidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida oʻzaro muloqot va muzokara maydoniga aylanishi mumkin”.

    Shak-shubhasiz, mazkur tashabbus soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida olib borayotgan mutlaqo yangi tashqi siyosatining mantiqiy davomi sanalib, mintaqaning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini oshirishda muhim strategik qadamlaridan biri sifatida baholash mumkin. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash bu tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangan.

    Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligi ostida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi xalqlarni jipslashtirishga yoʻnaltirilgan yangi tashqi siyosatini amalga oshirishda madaniy va maʼrifiy-maʼnaviy sohalardagi faol hamkorliklar muhim omil hisoblanadi.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish va xalqlarning farovon hayot kechirishga sharoit yaratishdir.

    Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyo nihoyatda boy tarixga va madaniy merosga ega boʻlgan insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biridir. Mintaqaning “Buyuk ipak yoʻli”ning markazida joylashganligi, va unda yashovchi xalqlar Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi xalqaro savdo, ilmiy-fan yutuqlari va madaniyatlarining almashinuvini taʼminlovchi oʻziga xos muhim bogʻlovchi rolini amalga oshirgan. Mintaqaning beshta mamlakati - Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻz tarixi, madaniyati va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida koʻp uzviy oʻxshashliklarga ega boʻlib, tarixan yagona ilm-fan va madaniy makon sifatida shakllangan.

    Shu oʻrinda, umummintaqaviy ustuvor manfaatlarga asoslangan “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro anjumanni oʻtkazish mintaqa davlatlari aholisi oʻrtasida yakdillik ruhini kuchaytiradi va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yaxshi qoʻshnichilikning bardavomligini taʼminlashga gʻoyat muhim hissa qoʻshadi. Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari jahon sivilizatsiyasiga qoʻshayotgan ulkan hissalarini qayta eʼtirof etishga imkon beradi.

    Qolaversa, xalqaro miqyosdagi ilm-fan vakillarining Markaziy Osiyo xalqlari boy ilmiy va madaniy meroslarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini yana-da orttiradi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy meroslarini qayta tiklash va ommalashtirishda xalqaro hamjamiyatning ishtirokini yana-da faollashtirishga koʻmaklashadi. Shu bilan birga mazkur xalqaro nufuzdagi tadbir mintaqamiz xalqlarining madaniy taraqqiyotiga qoʻshgan mislsiz hissasi haqida keng qamrovli fikr bildirish uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtaydi.

    Shu oʻrinda qayd etish lozimki, keyingi yillarda yurtimizda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, forumlar, madaniy tadbirlar Oʻzbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning zamonaviy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini anglatadi.

    Mazkur xalqaro forumning yana bir muhim jihati –Oʻzbekistonning qadimiy Xiva shahri turizm brendini yana-da rivojlantirishga va turistik oqimning koʻpayishiga xizmat qiladi. Shubhasiz, davlatimiz Rahbarining ushbu tashabbusini Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdagi amaliy qadamlardan biri sifatida baholash mumkin.

    Amir Salyamov,

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi