Tarixi bir, urf-odat, madaniyat va qadriyatlari mushtarak Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari oʻrtasida oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, keyingi yillarda mintaqa davlatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foizga koʻpaydi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo hajmining barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. Masalan, tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Oʻzaro investitsiyalar hajmi qariyb 6-marta, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi esa 45 foiz oʻsdi. Bundan tashqari, ichki mintaqaviy turizm 2 barobar faollashdi.
Global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalar boʻyicha ham yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqda. Jumladan, mamlakatlarimiz 2017-yildan buyon Markaziy Osiyodagi taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalariga oid BMTning 8 ta rezolyutsiyasini qabul qilish yuzasidan tashabbuslarni ilgari surdi. Bularning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanib, keng eʼtirof etilmoqda. “Markaziy Osiyo +” formatida qariyb 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti taʼsis etilgani buni tasdiqlaydi.
Dunyoda geosiyosiy raqobat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari keskinlashayotgan bugungi davrda mintaqamizda yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro koʻmak asosidagi hamkorlikni yanada kengaytirish nafaqat global siyosiy-ijtimoiy vaziyat taqozosi, balki xalqlarimizning ezgu xohish-istagiga ham aylanmoqda.
Siyosiy fanlar doktori, professor Oybek SIROJOV bilan suhbatimiz aynan shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar xususida boʻldi.
— Suhbat avvalida mintaqaviy integratsiya tushunchasiga izoh berib oʻtsangiz. Tarixda bu borada qanday tajribalar bor?
— Integratsiya jipslashish, birlashish hisoblanadi. U jarayon sifatida bir qancha qismlarga boʻlinadi (davlatlararo, mintaqaviy, global va h.k). Mintaqaviy integratsiya bu — maʼlum bir mintaqa davlatlarining tenglik, oʻzaro xohish-istak asosida mintaqaviy yaxlitlikni vujudga keltirishga qaratilgan jarayon. Mintaqaviy integratsiya tenglik, ishonch va manfaatlar uygʻunligi asosida amalga oshadi.
Tarixda aynan bir xil modeldagi mintaqaviy integratsiya uchramaydi. Bu, birinchidan, integratsiyaning maqsadi va vazifasidan kelib chiqib, turli modellari, turlari borligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchidan, integratsion jarayonlarning subyektlari boʻlgan davlatlar milliy manfaatlari, mintaqalar, davr talabining turli-tumanligi bilan izohlanadi. Aynan mintaqaviy integratsiya jarayonining murakkabligi ham shunda, yaʼni har bir mintaqa oʻziga xos integratsiya modelini oʻzi shakllantirishi lozim.
Integratsion uyushmaning kuch asosida shakllantirilgan birlashmalar (imperiyalar)dan farqi ixtiyoriylik, tenglik va umummanfaatdorligida hisoblanadi. Jarayonda hamma ixtiyoriy ishtirok etishi, qarorlar qabul qilishda tenglik va natijalardan bir xilda manfaatdor boʻlish mintaqaviy integratsiyaning dolzarbligini koʻrsatadi.
— Markaziy Osiyoga integratsiyalashuv nima beradi?
— Birinchidan, xavfsizlikni mustahkamlash uchun zarur. Dunyo borgan sayin moʻrtlashib, lokal urushlar mintaqaviy urushlar darajasiga koʻtarilmoqda. Xalqaro huquq (suverenitet daxlsizligi, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik) tamoyillari ularni nazorat qiluvchilar tomonidan buzilmoqda. Bunday tahdidlardan himoyalanishning samarali yoʻli kuchlarni birlashtirish hisoblanadi.
Ikkinchidan, mintaqaviy muammolar vaqt oʻtgan sayin keskinlashmoqda. Ularni bir davlat darajasida hal qilib boʻlmaydi. Bunda birgalikdagi harakatgina yaxshi samara beradi.
Uchinchidan, mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan loyihalarni amaliyotga tatbiq etish uchun kuchlarni birlashtirish kerak. Bir davlat yakka holda bu loyihalarni amaliyotga tatbiq eta olmaydi. Ekspertlarning fikricha, mintaqa davlatlarining tovar ayirboshlashda oʻz imkoniyatlarini maksimal ishga solishi mintaqa uchun 10-20 milliard dollar foyda keltirib, 1 million 200 mingdan 2 milliongacha qoʻshimcha ishchi oʻrinlarini tashkil qilish imkonini beradi.
— Biz bu borada hozir qaysi bosqichdamiz?
— Mintaqaviy integratsiya koʻp tomonlama hamkorlikning yuqori bosqichida shakllanadi. Koʻp tomonlama hamkorlik rivojlanmagan makonda mintaqaviy integratsiya ham shakllanmaydi. Chunki koʻp tomonlama hamkorlik natijasida mintaqaviy integratsiyaning asosiy tamoyillari — oʻzaro ishonch, umummanfaatdorlik ortadi. Oʻz navbatida, bu hamkorlik samara beradi va uni rivojlantirishga ehtiyoj kuchaya boradi. Buni jamiyat ham, hukumat ham his qila boshlaydi. Bundan tashqari, mintaqaviy integratsiya uchun koʻlam va jabhalar ham muhim. Yaʼni turli sohalar, turli toifa vakillari kesimidagi integratsiya shakllanishi kerak. Bu esa koʻp tomonlama hamkorlik zaminida yuzaga keladi. Ana shu mezonlar asosida mintaqadagi integratsion jarayon darajasiga baho beradigan boʻlsak, Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya asoslari shakllanyapti yoki mintaqa koʻp tomonlama hamkorlikning rivojlanish bosqichida.
Navbatdagi masala — mintaqamizdagi integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni jalb qilish masalasiga kelsak, mintaqaviylashuv mezonlariga koʻra, bu mamlakatsiz mintaqa imkoniyatlari cheklanadi, lekin shu holatda uni integratsion jarayonlarga tortib ham boʻlmaydi. Sababi, unda Afgʻonistonning imkoniyatlari bilan birga muammolarini ham baham koʻrishimiz zarur boʻladi. Bu mintaqa xavfsizligiga tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan, avvalo, Afgʻoniston bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishimiz muhim va quyidagi loyihalar istiqbolli hisoblanadi.
Jumladan, biz uchun eng muhim geostrategik loyiha Transafgʻon koridori hisoblanadi. Bu loyiha Afgʻonistondagi ijtimoiy muammolar, yaʼni ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini ham beradi. Tranzitdan afgʻon xalqi ulkan foyda oladi. Shu bilan birga, buning butun mintaqa uchun geosiyosiy ahamiyati shundaki, tobora mustaqil qutb sifatida shakllanayotgan Hindiston bilan bogʻliqlik paydo boʻladi.
Afgʻoniston tomonidan qurilayotgan Qoʻshtepa kanalini betonlashtirishda mintaqa davlatlarining ishtirok etishi orqali suv isrofgarchiligini karrasiga kamaytirish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, mavjud hokimiyat bilan murosa orqali maqsadga erishish muhim hisoblanadi. Oʻzbekiston hukumatining bu boradagi siyosatini olqishlash mumkin. Sababi, davlatimiz har qanday sharoitda afgʻon xalqiga gumanitar yordam beryapti va xalqaro hamjamiyatni ham bunga chorlayapti.
Afgʻoniston bilan munosabatlarda “yumshoq kuch”dan samarali foydalanish muhim. Shu nuqtayi nazardan, mintaqa Afgʻoniston bilan alohida — “Markaziy Osiyo+Afgʻoniston” formatida hamkorlikni rivojlantirishi maqsadga muvofiq. Bu formatning asosiy maqsadi — hamkorlikni kuchaytirish orqali Afgʻonistonni mintaqa uchun potensial xavfdan ulkan imkoniyatlar makoni darajasiga olib chiqish. Qolaversa, keyingi yillarda mintaqa diplomatiyasining muhim yutuqlaridan biri ham turli formatlar kesimida diplomatik aloqalarni mustahkamlash va unda ustuvorlik mintaqani yaxlit holda namoyon etish hisoblanadi (S5+1, Markaziy Osiyo+Yaponiya, Markaziy Osiyo+Xitoy, Markaziy Osiyo+YEI).
— Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ana shunday muhim jarayonlar qanday natija bermoqda?
— Nazarimizda, erishilgan eng muhim yutuq keyingi yillarda davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch mustahkamlangani boʻldi. Sir emas, mintaqada integratsiya yoʻlida 30-yildan ortiq vaqt mobaynida harakat qilib kelinadi. Ammo yaqin yillargacha davlatlar oʻrtasida aynan oʻzaro ishonch boʻlmagani, bir-biridan hadiksirash oqibatida maʼlum jabhalarda bir-birini toʻldiruvchi emas, raqobatchiga aylanish tendensiyasi ustuvorlik kasb etib kelayotgan edi. Bugun esa vaziyat oʻzgardi. Davlat rahbarlaridan boshlab, jamiyatimizning har bir aʼzosigacha qoʻshnilarni potensial raqib emas, balki muhim hamkor deb qarab, munosabatlar shu qarash asosida yangicha tarzda yoʻlga qoʻyila boshlandi. Bu esa mavjud muammolarni uchinchi tomonning aralashuvisiz oʻzaro hal qilish imkonini bermoqda.
Masalan, chegara muammosini olaylik. Oʻzbekiston tomonidan Qirgʻiziston bilan chegara muammosini bartaraf etish masalasi ilgari surildi. Yillar mobaynida oʻzaro bahsga sabab boʻlgan hududlar murosa-madora orqali hal qilindi. 2022-yil noyabrda toʻliq kelishuvga erishildi. 2023-yilda esa 2009-yildan buyon yopiq boʻlgan Andijon viloyatidagi “Mingtepa” va “Xonobod” oʻzbek-qirgʻiz chegara bojxona postlari ochildi.
Bunday saʼy-harakatlar esa hatto urushgacha borgan Tojikiston — Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegara muammosini tinch yoʻl bilan, kelishuvlar asosida hal qilish uchun turtki boʻldi. 2023-yil oktyabrda ikki davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi bayonnoma imzolandi. Shu kunlarda bu borada yana bir xushxabar tarqaldi. Yaʼni joriy yilning 11-18-fevral kunlari Tojikistonning Boʻston shahrida Qirgʻiziston va Tojikiston hukumatlari delegatsiyalarining chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish yakunlari boʻyicha tomonlar davlat chegarasi chizigʻining yana 1,11 kilometri boʻyicha kelishib oldi.
Navbatdagi yutuq mintaqada birlashish zaruratini koʻpchilik anglab borayotgani va aynan ana shu asosda oʻzaro hamkorlik yanada kengayganidadir. Ukraina va Rossiya mojarosi fonida dunyo tartibotining oʻzgarishi mintaqa davlatlari siyosiy elitasini oʻzaro birlashishga undamoqda. Qolaversa, Oʻzbekiston tashabbusi bilan mintaqada yangi formatdagi siyosiy institut — davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvi shakllantirilishi mintaqaga qarshi qaratilgan chaqiruvlarga birgalikda, bamaslahat javob berish imkonini yaratdi. Bugungi kunda ushbu siyosiy institut mintaqaviy integratsiya shakllanishi uchun imkon yaratadigan yagona institut hisoblanadi.
— Mintaqaviy integratsiyani taʼminlashda Oʻzbekiston omiliga qanday baho berasiz?
— Prezidentimizning “qoʻshnilarimiz bilan raqobat emas, oʻzaro manfaatli hamkorlik” degan konseptual gʻoyasi mamlakatimiz qoʻshnilar bilan hamkorligining yangi bosqichini boshlab berganini alohida qayd etish joiz. Aynan shu gʻoyani moddiy kuchga aylantirish uchun davlatimiz rahbari mintaqadagi barcha respublikalarga davlat tashriflarini amalga oshirdi. Umuman, Oʻzbekiston mintaqaviy hamkorlikka liberal yondashib, tadrijiy rivojlanish, umummanfaat ustuvorligi tarafdori sifatida pragmatik siyosatni olib bormoqda. Prezidentimizning “Qoʻshnimizning yutugʻi — bu bizning ham yutugʻimiz. Ularning tinch va farovon hayoti — butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning garovi deb bilamiz. Mana shu yoʻlda yangi amaliy qadamlar qoʻyayotganimiz, jumladan, qoʻshni davlatlarning rahbarlari bilan olib borayotgan muzokaralarimiz buning amaliy tasdigʻidir”, degan fikrlari Oʻzbekistonning mintaqaviy integratsiya masalasida sobitqadam ekanidan dalolat beradi.
Bunday ochiqlik siyosati istiqbolda ham davom etishi belgilanmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Markaziy Osiyoda xalqaro huquq va mintaqadagi barcha davlatlar milliy manfaatlarini inobatga olgan holda keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish masalasi ilgari surilgan.
2024-yil uchun moʻljallangan davlat dasturida ham Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish vazifasi belgilangan. Bularning barchasi Oʻzbekiston mintaqaviy hamkorlikdan manfaatdorligini, bu yoʻnalishda ochiqlikka va oʻzaro ishonch, doʻstlik, hamkorlikka asoslangan siyosiy faoliyati bundan keyin ham izchillik bilan davom etishini namoyon qiladi.
Endilikda bu jabhadagi ishlarni tizimli davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarish uchun integratsiyaga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni chuqur oʻrganishimiz lozim. Zero, integratsiyaning murakkabligi uning har bir mintaqaga xos boʻlgan muhim asosi mavjudligida va ana shu asosga tayanib, strategiya ishlab chiqish va siyosat yuritishda hisoblanadi.
Qizigʻi shundaki, mintaqadagi muammolar ham integratsiya uchun asos boʻla oladi. Masalan, Yevropada koʻplab urushlarga sabab boʻlgan resurslar (poʻlat va koʻmir) Yevropa integratsiyasi asosi boʻldi. Davlatlar oʻrtasidagi doimiy kurashlar va bahslarga sabab boʻlgan bu resurslar integratsiya uchun jiddiy qadam tashlashga zamin yaratdi.
Nazarimizda, bizda ham xuddi shunday asos sifatida suv, gaz va elektr energiyasini olish mumkin. Xoʻsh, ular qanday qilib asos boʻla oladi? Ana shuni tahlil qilsak.
Birinchidan, yuqoridagi resurslar mintaqani bogʻlaydi. Ulardan ratsional foydalanish bir davlat kesimida hal boʻlmaydi. Bundan tashqari, ushbu resurslardan foydalanish masalasi vaqt oʻtgan sayin dolzarblashib bormoqda. Qolaversa, bu resurslar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Biri ikkinchisini taqozo qiladi.
Endi ilgari surayotgan gʻoyamizni ochiqlasak. Mintaqadagi suv zaxiralarining 90 foizga yaqini Qirgʻiziston va Tojikiston hududlarida shakllanadi. Ular suvdan, asosan, elektr energiyasi ishlab chiqishda foydalanadi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston uchun esa qishloq xoʻjaligida juda zarur. Buning uchun Qirgʻiziston va Tojikiston elektr yoʻqotishlarini qoplash uchun Turkmaniston gazidan foydalanib, Oʻzbekiston IESlari koʻproq elektr energiya ishlab chiqib, qish mavsumida Tojikiston va Qirgʻizistonga yetkazib berishi maqsadga muvofiq.
Yoki Turkmaniston gaz xomashyosining Oʻzbekiston zavodlarida qayta ishlashni tashkil etish uchun yetkazib berilishi ikki davlat uchun ham manfaat olib keladi. Xuddi shunday, Qozogʻiston neftini ham qayta ishlash mumkin. Ana shu tarzda mintaqadagi muhim resurslardan birgalikda, ratsional foydalanish davlatlarni birlashtiradi, mintaqaviy integratsiyaga asos soladi. Muhimi, bunday formuladan hamma manfaatdor boʻladi. Bu jarayonga bosqichma-bosqich Afgʻonistonni ham jalb qilish mumkin.
Umuman olganda, bugungi kunda mintaqaviy integratsiyani shakllantirish uchun noyob imkoniyat vujudga keldi. Bu, avvalo, dunyoda kechayotgan geosiyosiy vaziyat bilan bogʻliq. Yaʼni hozirgacha mintaqa integratsiyasiga toʻsqinlik qilib kelgan yirik geosiyosiy kuchlar muammolar girdobida oʻzaro kurashmoqda.
Ikkinchidan, tobora dolzarblashib borayotgan mintaqaviy muammolarning yechimi yoʻlida ham dilema vujudga keldi. Yaʼni birlashib, ularni yechamiz yoki vaziyatimizni yanada chigallashtirib boraveramiz. Shunday ekan, vaqtdan unumli foydalanish muhim. Mintaqaviy integratsiya uchun jiddiy qadamlar tashlash zarur. Bu borada 2024-yil hal qiluvchi yil boʻlishi lozim.
Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikdagi ilmiy-amaliy loyihalarni yoʻlga qoʻyish hamda ularni moliyalashtirish boʻyicha xalqaro grantlarni jalb qilish ham oldimizda turgan muhim vazifa.
Ishonchimiz komilki, tarixan hamkor va hamnafas yashab kelgan mintaqamiz xalqlari bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda kelajak taqdirimizni belgilaydigan bunday dolzarb vazifalar yechimi yoʻlida hamjihatlik, yakdillik koʻrsatib, kelgusi avlodlarimiz tinch, farovon va goʻzal zaminda, ahil-inoq, baxtli yashashi uchun bugun mustahkam poydevor qoʻyishga erishadi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Bahor Xidirova
suhbatlashdi