Markaziy Osiyo urban-forumi Toshkentdagi bir maydonda mintaqa va jahon meʼmorlarini jamladi

    Toshkentda Markaziy Osiyo urban-forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir yaqin va uzoq xorijlik dizaynerlar, meʼmorlar va shaharsozlarni oʻziga jalb etuvchi markazga aylandi.

    Spikerlar orasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston shaharlarining meʼmorlari, Britaniya meʼmorlari Qirollik instituti tomonidan tuzilgan “100 nafar amaliyotchi ayol meʼmor” reytingidan vakillar, yetakchi ishlab chiqaruvchi va developerlik kompaniyalar, dizayn byurolari va tegishli yoʻnalishlarda taʼlim olayotgan talabalar bor.

    Forumni Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi tashkil etdi. Ushbu tadbirni oʻtkazish orqali Toshkentni urbanistikaning dolzarb muammolari atrofida ekspertlar birlashmasining boshlangʻich nuqtasiga aylantirish gʻoyasi bir yildan ortiq vaqt davomida mutaxassislar doirasida faol muhokama qilingan, soʻngra tashabbus bosqichma-bosqich soha rivojlanishi uchun qoʻshma amaliy harakatlar rejasiga aylangan.

    Forumning asosiy kasbiy kun tartibidan tashqari, maʼruzachilarning katta qismi gender tengligi va dizayn hamda meʼmorchilikda ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga eʼtibor qaratdi.

    Forumni oʻtkazish gʻoyasi texnologiyalarni oʻzgartirish va shaharlarni kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishni talab qiladigan qurilish shiddati fonida paydo boʻldi. Bunday urbanizatsiya natijalari mehnat bozorlariga bosim, infratuzilmaning yomonlashuvi va iqlim oʻzgarishlariga zaiflashuvni oʻz ichiga oladi. Masalan, Nur-Sulton, Olma-ota, Bishkek, Dushanbe va Toshkent muntazam ravishda eng yomon havo sifati boʻyicha jahon reytinglarida yuqori oʻrinlarni egallab kelyapti. Mintaqa mamlakatlari munosib hayot sifatini taʼminlash va oʻziga xosligini saqlab qolish uchun investitsiyalar va shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga muhtoj.

    Markaziy Osiyo Urban-forumi davlat organlari, xususiy sektor va meʼmorchilik, qurilish, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarni ochiq muloqotda birlashtirish uchun platformaga aylandi. Ishtirokchilar shaharlarni rivojlantirish muammolarini, shu jumladan transport infratuzilmasi, ekologiya va uy-joy masalalari, iqtisodiy rivojlanish jihatlari, kelajakdagi shaharlarni shakllantirish, urbanizatsiyalashgan muhitda aholi turmush sifatini yaxshilash masalalarini koʻrib chiqdilar.

    Muhokamalar yakunida shaharsozlik masalalarida mavjud muammo va xatarlarni hal etish, Oʻzbekiston davlati, biznesi va aholisining tabiatni va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlovchi meʼyoriy bazani takomillashtirishga qaratilgan tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

    Forum yakunida ishtirokchilar urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish boʻyicha yakuniy deklaratsiyani imzoladilar.

    Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi.