Joriy yil 26-sentyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo Urban-forumi yakuniy deklaratsiyaning imzolanishi bilan yakunlandi.
Unda ishtirokchilar urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga intilishlarini bildirdilar.
Davlat organlari, biznes, yetakchi arxitektura va qurilish kompaniyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan imzolangan deklaratsiyada mintaqa shaharlarini yanada rivojlantirish uchun moʻljal boʻlishi kerak boʻlgan asosiy yoʻnalishlar aks ettirilgan.
Xususan, deklaratsiyani imzolagan kompaniyalar orasida “BIGroup”, “Eman Materials”, “MAFF”, “Knauf”, CAU, “Amsila” (Tojikiston), Qaragʻanda urbanistika markazi (Qozogʻiston), “Almatыgenblan” ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJ (Qozogʻiston), Oʻzbekiston yosh arxitektorlar birlashmasi va boshqalar bor.
Hujjatda bayon etilgan ustuvor yoʻnalishlar orasida urbanizatsiyalashgan hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash va “aqlli shaharlar”ni rivojlantirishga qaratilgan “Yashil tashabbus”ni qoʻllab-quvvatlash alohida oʻrin egallaydi. Deklaratsiyani imzolagan ishtirokchilar shahar resurslarini samarali boshqarish uchun ilgʻor raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlardan foydalanishni ilgari surish, shuningdek, aholining asosiy xizmatlar va shahar maydonlaridan teng foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyatini oldilar.
Deklaratsiyada qulay shahar muhitini shakllantirish jarayonida barcha ijtimoiy guruhlarning ishtirokini taʼminlaydigan inklyuziv rivojlanish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Shahar infratuzilmasini rivojlantirish va aholi turmush sifatini oshirish strategiyalarini muvofiqlashtirish uchun davlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish ham muhim jihat hisoblanadi.
Yakuniy deklaratsiyaning imzolanishi kelishilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yoʻlidagi birinchi qadamdir. Deklaratsiya barqaror urbanizatsiya sohasida hamkorlik va ilgʻor tajribalar almashinuviga zamin yaratadi. Bu esa, forum ishtirokchilari taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyoning ekologik toza, xavfsiz va uygʻun rivojlanayotgan shaharlarini barpo etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi.