Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Maqsad — Markaziy Osiyoning har bir mamlakatidagi fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlarning hozirgi holatini tushunishga, ular oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, mintaqadagi eng faol NNTlar faoliyatini tahlil qilishga, kelgusi hamkorlik uchun mexanizmlar va takliflar ishlab chiqishga hamda muammolarini muhokama qilishga mintaqa mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonchni mustahkamlashning ijobiy tendensiyasi hosil boʻlyapti. Umuman, vaziyat 2016-yilgacha boʻlgan davr bilan solishtirganda ancha yaxshilangan. Bu – barchamizning katta yutugʻimiz, bu – barcha mamlakatlarning qoʻshgan hissasi. Ekspertlar hamjamiyati Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy yoʻnalishi eʼlon qilingani transformatsiyalar uchun namuna boʻlganini, shu jumladan bu mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasidagi munosabatlar jadallashishiga, tovar ayirboshlash hajmi, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar soni oshishiga xizmat qilganini eʼtirof etyapti.
Shu bilan birga, ekspertlar muammolarning faqat birinchi sirt qatlamini hal qilishga erishilganini qayd etdi. Bir necha dolzarb masalalar hali ham oʻz yechimini kutyapti. Oldinda koʻplab vazifalar turibdi. Umumiy vazifa esa mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ishonchni mustahkamlashning yuzaga kelayotgan tendensiyalarini ortga qaytmaydigan qilishdir. Ishtirokchilarning fikricha, hozirda ushbu jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini yanada kengroq jalb etish maqsadga muvofiq. Chunki ular mintaqalararo hamkorlikning erishilgan natijalarini mustahkamlash, saʼy-harakatlarni birlashtirish va muhim ijtimoiy muammolarni birgalikda hal etishga beqiyos hissa qoʻshmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻn minglab jamoat (nodavlat) tashkilotlari faoliyat olib boradi, ular oʻz tarmoqlarida yuz minglab faollarni, volontyorlarni, jamoatchilik fikri yetakchilarini birlashtiradi. Fuqarolik jamiyati darajasidagi oʻzaro hamkorlik mintaqa mamlakatlarining nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun asos yaratadi, tizimli oʻzaro yordamni taʼminlaydi va uchinchi sektorda umumiy siyosatni muvofiqlashtirish uchun sharoit yaratadi.
Qayd etildiki, ushbu jarayonlarda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan koʻrsatiladigan koʻmak Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatini oshirishda, yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining muloqotini tashkil etish, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga tashrifidan soʻng, ikki mamlakatning yuqori darajadagi hamkorligining mantiqiy davomidir. Bugun Oʻzbekiston va Koreya strategik hamkorligiga 15 yil boʻldi, diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga esa 29 yil. Endilikda fuqarolik jamiyati sohasida ham tashabbuslarning amalga oshirilishi bilan oʻzaro aloqalarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadi koʻzlangan.
Ekspertlarning eʼtirof etishicha, Oʻzbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi oʻzgarmoqda. Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlari salmoqli salohiyatga ega, lekin ulardan toʻlaqonli foydalanilmayapti.
Muloqot chogʻida mintaqa mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy va institutsional jihatlari, shu jumladan moliyaviy, NNTlarning barqaror rivojlanish omillari muhokama qilindi. Ishtirokchilar hamkorlik uchun mavjud platformalarni koʻrib chiqdi.
Assotsiatsiyalar, jamgʻarmalar, rivojlanish markazlari va Markaziy Osiyoning jamoat tuzilmalari vakillari hamda ekspertlari NNTlarning ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Asosiy eʼtibor mintaqada fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik imkoniyatlarini topishga qaratildi. Bunda ularning faoliyatida yagona standartlarni, tendensiyalarni aniqlash va ilgari surish, mintaqaviy muammolar boʻyicha umumiy yechimlar, tavsiyalarni birgalikda ishlab chiqish, hamkorlikning barqaror va inklyuziv shakllarini qoʻllash uchun alyans tarzidagi yakdil ovozini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.