Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan korxona o‘zlashtirgan innovatsion loyihalarni tatbiq qilmoqda

    “Zarbuloq Engineering” korxonasi Buyuk Britaniyaning “Belzona” kompaniyasi bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish natijasida O‘zbekistonga yangi texnologiyani olib kelgan.

    Koʻrsatilayotgan xizmat turlari Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan maʼsuliyati cheklangan jamiyat maqomidagi “Zarbuloq Engineering” MCHJ oʻzi ixtisoslashgan torkret uslubida quvurlarni qayta tiklash hamda qurilish sohasida tadbiq qilingan innovatsion loyihalarga oid seminar-taqdimotini oʻtkazdi. Respublikamizdagi bir qator vazirliklar va manfaatdor idoralaridan iborat 65 ta tashkilot vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir poytaxtimizdagi INTERNATIONAL (sobiq Interkontinental) mehmonxonasining konferensiya zalida tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi topshirigʻiga asosan oʻtkazilgan anjuman “Zarbuloq Engineering” MCHJ oʻzlashtirgan innovatsion loyihalarni respublikamiz hududlarida keng qamrovli tadbiq qilishga qaratilgan.

    Muhokama chogʻida quvurlarni innovatsion torkretlash uslubi bilan qayta tiklash ishlari eskirgan quvurlarni anʼanaviy yangi quvurlarga almashtirishga nisbatan 4-6, katta diametrli quvurlarda esa 8 barobargacha arzonligi hamda 3-4 barobar kam vaqt talab qilinishi taʼkidlandi. Shuningdek, qayta tiklangan quvurlar 50 yilgacha xizmat qilishiga kafolat berildi. Tadbirda namoyish qilingan innovatsion torkretlash uslubi aks etgan planshetlar, videoroliklar va boshqa turdagi taqdimot materiallari ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi. Taqdim qilingan texnologiya Oʻzbekiston sifat standartdartlariga kiritilganligi, shaharsozlik normalari va qoidalarida koʻzda tutilgan qurilish sohasi talablariga muvofiqligi hamda ichimlik suvi quvurlariga ishlatilishga Respublika sanitariya epidimiologiya xizmatining ruxsati mavjudligi qayd etildi. Bundan tashqari, torkret texnologiyasini respublikada tadbiq qilish tajribasi, mavjud masalalar va muammolar haqida soʻz yuritildi.

    — Birinchi galda torkret oʻzi nima, degan tushunchaga oydinlik kiritsak, — deydi “Zarbuloq Engineering” korxonasi Bosh direktori Doniyor Yusupov. — Torkretlash – qum va portlandsement qorishmasidan iborat gidrotexnik betonni himoyalanishi lozim boʻlgan yuzaga siqilgan havo yordamida bir nechta qatlam qilib purkashdir. Bu uslub bosimli quvurlarning korroziyaga (yemirilish) chidamliligini oshirishda qoʻllaniladigan dunyoda keng tarqalgan texnologiyadir.

    Odatda, torkretlash uslubi gidrotexnik inshootlarning beton va temir-beton qismlarini korroziyadan himoyalash uchun suv oʻtkazmaydigan chora sifatida keng qoʻllaniladi. Ushbu jarayon quruq va suyuq qorishma bilan torkretlash orqali bajariladi. “Zarbuloq Engineering” MCHJ korxonasi torkretlash texnologiyasida “Kalmatron” (AQSH) qoʻshimchasini qoʻllaydi. Eskirgan quvurlarni qayta tiklash ishlaridan tashqari korxona kesakilarni mustahkamlash, yani poydevor va boshqa chuqurliklar kesakilarini (otkoslarini) siqilgan havo yordamida maxsus tarkibdagi beton qorishmasini purkash orqali mustahkamlash ishlariga ham ixtisoslashgan. Shunga oʻxshash uslublardan foydalanish qurilishda xavfsizlik meʼyorlariga rioya qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ushbu texnologiyani qoʻllagan holda korxona bir nechta nufuzli obyektlarda ish hajmlarini amalga oshirgan.

    Jumladan, “Toshkent siti” majmuasida Xitoy Xalq Respublikasining “Shanghai Contruction Group” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan “Xalqaro moliya markazi” inshooti poydevorining 6600 m2 ga teng yuzasi 2 oy muddat ichida torkret uslubi bilan mustahkamlandi. “Toshkent DEU” korxonasining Toshkent shahar janubiy vokzal yaqinidagi binosi 2021-yil iyun-avgust oylarida yuzasi 520 m2 boʻlgan qiyalik kesaki maydonda innovatsion torkretlash uslubi tatbiq qilindi. Hozirda mustahkamlangan kesaki yuzalari yogʻingarchilik va boshqa iqlim taʼsirlarga bardosh berib kelmoqda. Ayni paytda kesaki yuzasida yoriq va mayda teshikchalar kuzatilmagan.

    Bundan tashqari, Toshkent shahri markazidagi “Xalqlar doʻstligi” maydoni yaqinida Qozogʻistonning “NRG Group” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan 26 qavatli mehmonxona majmuasida chuqurligi 11 metrdan ortiq poydevorning toʻrt taraflama 1400 m2 yuzadan iborat kesakisi 2021-yilning avgust-sentyabr oylarida torkretlash uslubi bilan mustahkamlandi. Ushbu ishlarni bajarish jarayonida buyurtmachilar “Zarbuloq Engineering” MCHJ yuqori malakali xodimlardan iborat ekanligi, ish hajmlarini muddatida va yaxshi sifat koʻrsatgichlari bilan bajara oladigan korxona sifatida eʼtirof etishdi.

    Korxona bajargan ishlar orasida 2021-yilning noyabr oyida Navoiy viloyati “Issiqlik manbai” DUK Uchquduq filiali tasarrufidagi diametri 10.4 metrga teng va 1000 m3 hajmdan iborat yaroqsiz hamda ishdan chiqqan “Issiq suv rezervuari”ni innovatsion torkretlash uslubi bilan qayta tiklab berilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda rezervuarni 1,2 milliard soʻmga yangi metall bilan qoplashga nisbatan 175 million soʻm xarajat qilinib, 6,8 barobar kam mablagʻ tejab qolindi. Shu oʻrinda aytish joizki, oxirigi yillarda korxona quvurlarni markazdan qochma purkash orqali torkretlash innovatsion texnologiyasini toʻliq oʻzlashtirishga erishdi.

    Odatda, bu usul uzoq yillar ishlatilishi oqibatida eskirgan va nosoz holdagi quvurlarni qayta tiklashda qoʻllaniladi. Bu jarayon tiklanayotgan quvurga “Kalmatron” (AQSH) qoʻshimchasi qoʻshilgan beton qorishmasini markazdan qochma purkash orqali amalga oshirimoqda. Beton qorishmasiga “Kalmatron” (AQSH) komponentining qoʻshilishi beton mustahkamligini 25 foizgacha oshirib, qoplamada yoriq hamda tirqishlarni paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Komponentning kristallizatsiyalanishi va beton ichiga singib borishi paydo boʻlayotgan “nuqsonlarni” davolaydi.

    Darhaqiqat, tadbiq qilingan texnologiya Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “innovatsion texnologiya” deb eʼtirof qilingan va korxona “Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidentlari roʻyxatiga kiritilgan. Quvurlarni markazdan qochma torkretlash uslubi bilan qayta tiklash texnologiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Tarmoq ilmiy-texnik kengashining qarori bilan maʼqullangan.

    — Korxona oʻtgan vaqt mobaynida jami 35 kilometrga yaqin turli vazirlik va idoralar tasarrufidagi quvurlarni qayta tiklab berishga erishdi. Bunda tamirlash xarajatlari – 157 milliard soʻmga tejalib, yani 5 barobar kam miqdorni tashkil qildi, — deydi “Zarbuloq Engineering” MCHJning innovatsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD Azimjon Raximov. — Hozirda qayta tiklangan quvurlar hech qanday kamchiliksiz ekspluatatsiya qilinib kelinmoqda.

    Shu oʻrinda aytish joizki, “Zarbuloq Engineering” korxonasi mutaxassislari Shvetsiyaning Stokgolm shahridagi “Xylem Water Solutions” AB korxonasida murakkab nasos uskunalarini oʻrnatish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha mashgʻulotlarda qatnashib, malakasini oshirgan hamda tegishli sertifikatga ega boʻlgan. Eʼtiborlisi, “Zarbuloq Engineering” MCHJ shunchaki savdo va texnik yordam korxonasi emas, balki muhandislik kompaniyasi hamdir.

    Shuning uchun jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yordami bilan har bir mijozning oʻziga xos ehtiyojlariga moslashtirilgan yechimlarni taklif qilish qobiliyatiga ega. Bu boradagi asosiy mijozlari qatoriga Shoʻrton gaz-kimyo majmuasi, “Suvsoz” DUK, “Discover Invest” MCHJ, “UZBAT” AJ Qoʻshma korxonasi, “Suvmash” AJ, “TOSHKENTVINO KOMBINATI” AJ va boshqalar kiradi.

    Markaziy Osiyoda yagona xizmat koʻrsatuvchi muassasa hisoblangan “Zarbuloq Injiniring” MCHJ korxonasi oxirigi vaqtda “Belzona” innovatsion texnologiyasining tadbiq qilish tajribasini ham mukammal oʻzlashtirgan. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, “Belzona” kompaniyasi 1952-yilda Angliyaning Elland shahrida uskunalarni korroziyadan himoya qilish maqsadida poʻlat yuzalarga ruhni olov bilan purkashga ixtisoslashgan kompaniya sifatida tashkil etilgan.

    Hozirda u sanoat himoya qoplamalari va taʼmirlash kompozitlarini yaratish hamda ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. “Belzona” turli sohalardagi mijozlarning muammolariga eng maqbul yechimlarni taklif qilish bilan birga, oʻz mahsulotlarining soni va sifatini oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlariga muntazam mablagʻ sarflash bilan ajralib turadi. “Belzona” materiallarini taʼmirlash ishlarida tadbiq qilish qisqa vaqt, kam mehnat va mablagʻ talab qilish bilan eʼtiborlidir. Kompaniya materillari – eroziya, korroziya, kimyoviy taʼsir, jismonan eskirish va boshqa jiddiy muammolarni hal qilishda ideal yechim sanaladi.

    Shu bois, 2019-yilda “Zarbuloq Engineering” korxonasi Buyuk Britaniyaning “Belzona” kompaniyasi bilan oʻzaro aloqalarni oʻrnatish natijasida Oʻzbekistonga yangi texnologiyani olib kelishga erishgan. Korxona muhandislari “Belzona” kompaniyasining Tailand davlatida joylashgan Tinch okean va Osiyo regionini boshqaruv markazi oʻquv mashgʻulotlarda ishtirok etib, oʻrnatilgan tartibdagi guvohnomalarni olishgan. “Belzona” texnologiyasini respublikamizda tadbiq qilinishi uzoq yillik ekspluatatsiya natijasida yemirilgan, qalinligini yoʻqotgan, turli nuqsonlar hosil boʻlgan metall va boshqa materiallardan tayyorlangan mashina hamda noyob uskunalar qismlari geometriyasini qayta tiklash imkoniyatini yaratib, ishlash muddatini sezilarli ravishda uzaytiradi.

    — 2019-yilda “Tuyamuyin” suv omboridan Nukus shahrini ichimlik suvi bilan taʼminlashda ishlatilgan va eskirganligi tufayli ishlash unumdorligi jiddiy pasaygan 4 ta ichimlik suv nasoslari “Belzona” texnologiyasini qoʻllagan holda qayta taʼmirlab berildi, — deydi “Zarbuloq Engineering” MCHJ bosh muhandisi Aleksandr Obyedkov. — Oʻtgan 3 yil mobaynida ushbu nasoslar hech bir kamchiliklarsiz va unumdorligi saqlangan holda ishlatilmoqda. Bundan tashqari, “Amu-Buxoro mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi” tasarrufidagi “Qiziltepa-1” nasos stansiyasida 1020 mm boʻlgan 26 ta soʻruvchi quvurlarini yemirilgan qismlari 500 million soʻm iqtisod qilingan holda 2,78 milliard soʻmga qayta tiklanib berildi. “Belzona” texnologiyasini keng tadbiq qilish xalq xoʻjaligini turli sohalarida unumdor taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.

    Bundan tashqari, tadbirda “Zarbuloq Engineering” MCHJ korxonasi Oʻzbekiston bozoriga qarorgohi AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan dunyodagi eng yirik nasos uskunalarini ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan Xylem Inc.Co kompaniyasi mahsulotlarini taklif qilishni bildirdi. Mazkur kompaniya 50 dan ortiq jahondagi yetakchi brendlarga egalik qiladi. Jumladan, Flygt (Shvetsiya) – oʻta ishonchli va eng yuqori samaradorligi bilan ajralib turadigan taniqli suvga botiriladigan oqova suvlari, sizot suvlari va loyqa haydovchi nasos uskunalari ishlab chiqaruvchisidir. Lowara (Italiya) – asosan ichimlik va issiqlik taʼminoti uchun markazdan qochma, sirkulyatsion, koʻp bosqichli, quduq nasoslari va nasos agregatlarining keng assortimentda ishlab chiqaruvchisi boʻlgan va jahondagi boshqa koʻplab yetakchi brendlarga egalik qiladi. Xullas, kompaniya mahsulotlari yirik korxonalar va aholi punktlari uchun oʻz afzalligi bilan ajralib turadi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro malakaga ega mutaxasslardan va sohaga aloqador masʼul xodimlardan oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shuningdek, respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan korxona va tashkilot vakillari bilan kelishuvlarga erishildi. Hozirda viloyatlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda taʼmirlash obyektlari kesimida ish reja-grafiklari ishlab chiqilmoqda.

    Gulsum SHODIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston”muxbiri