Davr taqozosi bilan oʻquv yurtlarida “Moliyaviy psixologiya” fani joriy etildi va mutaxassislar bilan hamkorlikda biznes maktabi tinglovchilari uchun mazkur fanning dasturini ishlab chiqishga toʻgʻri keldi.

Taʼkidlash lozimki, ixtisosligim boʻyicha psixolog ham, matematik ham emasman. Shuning uchun dasturni ishlab chiqish ushbu yoʻnalishda qator ilmiy va amaliy adabiyotlarni, lozim boʻlsa publitsistik, hattoki badiiy adabiyotlarni mavzu doirasida baholiqudrat oʻrganishni talab etdi.

Shu asnoda Lev Tolstoyning “Iqrornoma” (Ispoved) asarini oʻqib qoldim. Tan olib aytish kerakki, rus tilida yozilgan mazkur asar domla Ozod Sharafiddinov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima etilishi natijasida, yana-da boyigan va falsafiy jihatdan chuqurlashganday tuyuldi.

Xizmat yuzasidan Jarqoʻrgʻon tumanida boʻlganimda, tuman prokurori bilan uning sektorini oʻrganish asnosida, u tuman yoshlari oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlari koʻpayib borayotganligini aytdi. Shu oʻrinda, yaqinda yoshgina yigit kompyuterda ishlab oʻtirib, tunda chiqib oʻz joniga qasd qilganligini, kompyuterda esa hech qanday shubhali materiallar topilmaganligini, faqat uyidagilar uning keyingi paytlarda kompyuter va internetga juda berilib ketganligini maʼlum qilishganini soʻzlab berdi.

Albatta, axborotlashgan dunyoda maʼlumotlarning “toʻlib toshib, tiqilib” ketganligi, ayniqsa yoshlarni real dunyo bilan virtual dunyo oʻrtasidagi farqni “yoʻqotib” qoʻyishlarigacha olib borayotganligi, ularning internet vositasida goʻyoki hayotning barcha sirlaridan “voqif” boʻlib, bu dunyoda yashash oʻzining mazmunini “yoʻqotayotganligi” toʻgʻrisidagi fikrlarni turli manbalardan oʻqiymiz, eshitamiz. Umuman, axborot texnologiyalari taraqqiyotining ijobiy tomonlarigina emas, mana bunaqangi – salbiy jihatlari ham borligi va bu salbiy holatlar jahon hamjamiyatining oʻtkir muammosiga aylanib boʻlganligi, sir emas! Shuning uchun hozirgi yoshlarga hayot mazmuni haqida turli “choʻpchagona” nasihatlar qilish oʻrinsiz...

Jarqoʻrgʻon prokurori bilan suhbat paytida yodimga yuqorida taʼkidlangan – Tolstoyning “Iqrornoma” asari keldi. Unda muallif bir paytlar oʻzi uchun hayot dabdurustdan oʻz maʼnosini yoʻqotganligini va u oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlganligini yozadi. Vaholanki, bu paytda Tolstoy jismonan toʻla sogʻlom, boy-badavlat, hurmat eʼtiborda, mashhur, oilasi badastir boʻlganligini taʼkidlab koʻrsatadi. Lekin uning uchun bu dunyoda yashab yurish umuman oʻz mazmunini yoʻqotganligini, shunga qaramasdan nimadir uni oʻz joniga qasd qilishdan “ushlab” turganligini taʼkidlaydi va bu “nimadirni” tagiga yetishga qaror qiladi.

Tolstoy bu “nimadirni” tagiga yetish maqsadida koʻp izlanadi, oʻqigan narsalarini yana qayta-qayta oʻqib chiqadi, anigʻu gumanitar fanlarni tahlil etadi. Shu oʻrinda u matematika faniga ham qayta-qayta “yuzlanadi”. Lekin, taajjublanarli tomoni shundaki, u Dekartning matematikaga asoslangan falsafiy qarashlarini “aqlga sigʻadigan” bilim sifatida baholab, bu bilim “hayot mazmuni”ni yechib berishga ojiz, deb hisoblaydi. Yaʼni 0=0; a=a; x=x kabi ayniyatlarni keltirib, “chegaralanganlik” (hayot davomiyligi) va “chegaralanmaganlik” (mazmun-mohiyati) munosabati aslida tenglama boʻlgani holda, ayniyatni yechishga majbur boʻlasan, deb ifodalaydi.

Balki Tolstoy mazkur munosabatning yechimini topishda ayniyat bilan chegaralanmay, matematikaning boshqa, yuqoriroq qismiga – funksiyalar va ularning hosilasiga eʼtiborini qaratsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Yaʼni, aynan funksiya va uning hosilasigina turli omillarning oʻzaro munosabatlarini koʻrsatib, tushuntirib bera oladi. Masalan, har qanday manzilga borishga ketadigan vaqt harakat tezligiga bogʻliq, demak – vaqt tezlikning funksiyasidir. Endi, tezlik esa bosib oʻtilgan maʼlum bir “chegaralangan” masofaning hosilasidir:

Yaʼni, matematik tilda aytganda: funksiya orttirmasining argument orttirmasiga nisbatining, argument orttirmasi “nolga” intilgandagi “chekli” limitiga funksiyaning hosilasi deyiladi. Demak, “hosila” mavjud boʻlishi uchun argument orttirmasi “nolga” intiladi, lekin “nolga” teng boʻlmaydi! Aytmoqchi boʻlganimiz – inson yaratilgan ekan (eng kichik miqdorda boʻlsa ham argument “orttirma”si berilgan ekan), yaratganning oʻzi albatta funksiya “orttirma”sini ham keltirib chiqarib, yoʻl koʻrsatadi. Mazkur yoʻlni aniqlab olish – biroz tiniq mushohadani talab etadi, xolos. Shunda oʻz-oʻzidan “hosila”ga erishiladi.

Demak, “hosila”ga erishishning yagona yoʻli – “argument” orttirmasini eng kichik miqdorda boʻlsa ham “chegaralash”dir. Mazkur “chegara” qoʻyilmasa “hosila”ga, yaʼni natijaga erishib boʻlmaydi, yaʼni formula mazmun-mohiyatini yoʻqotadi (shu kabi – “hayot mazmuni” ham!). Shu kabi – Tolstoy ham “hayot mazmuni”ni ayniyatlar orqali “chegarasiz” muhitdan, qandaydir mavhum “cheksizlik”dan qidirmay, balki “chegaralangan” – bugungi kunidan, joriy holatdagi reallikdan qidirganida, balki erta qachon “hosila”ga, yaʼni natijaga erishar edi. Albatta, u oʻz kitobida yozganidek, maʼlum davr oʻtgach tahlillari asosida iymon eshigini topadi va tirik qoladi...

Yuqorida qayd etilganlardan xulosa oʻrnida quyidagi haqli savollar tugʻiladi: xoʻsh, matematikani yoshlarga hayotdagi muammolarini yechishiga yordam bera oladigan darajada oʻqityapmizmi, yaʼni matematika fanini oʻqitishdan “hosila” ola oldikmi? Axborotlashgan jamiyatda yoshlarning mavjud “tiqilinch” axborotlarni “singdira” olmay, ayrim hollarda, yuqorida taʼkidlaganimizdek – “reallik” bilan “virtuallik”ni farqlay olmay qolayotganligiga ulardagi matematik bilimlarning yetishmasligi sabab boʻlmayaptimikan? Yaʼni, bir “ot kuchi”ga ega boʻlgan otni minishni oʻrganmagan bolaga yuz “ot kuchi”ga ega boʻlgan avtomobilni mindirib qoʻyishimiz – qator avtohalokatlar sodir boʻlishiga olib kelayotgani kabi, matematika boʻyicha yetarlicha bilimga ega boʻlmagan, matematik mantiqiy fikrlashi va matematik psixologiyasi shakllanmagan yoshlarning yuqori texnologiyalarda (IT) birdaniga ishlashga oʻtib ketayotganligi va olayotgan “haddan ortiq” axborotlari, ayrim hollarda ularning ruhiy dunyosiga aksincha – salbiy taʼsir etmayaptimikan?! Yoshlar psixologiyasini koʻproq matematikaga asoslangan mantiqiy fikrlash asosida emas, balki Tolstoy yozganidek – “chala ilm”ga asoslangan, “nasihatomuz” fanlar va bilimlar asosida shaklantirmayapmizmi?..

Albatta, qayd etilgan fikrlar – munozaraviy xususiyatga ega. Shuning uchun mazkur qarashlarimizga mutaxassislarning, ayniqsa matematik va psixolog mutaxassislarning munosabatlarini kutib qolamiz...

O.Iminov,

iqtisod fanlari doktori, professor