Mavjud imkoniyatdan toʻliq foydalanish gidroenergetika salohiyatini qariyb uch barobarga oshiradi

    Energetika 14 Noyabr 2023 756

    2026-yilga borib, mamlakatda hosil qilinadigan elektr energiyasi quvvatining 30 foizini “yashil energiya” manbalari tashkil etishi moʻljallangan.Tabiiy ravishda savol tugʻiladi: bashorat qilinayotgan elektr quvvatlarini yaratishda GESlar qanday oʻrin tutadi?

    Statistik maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimizda 1991-2016-yillar davomida oʻrtacha yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 43 milliard kilovatt soatni tashkil qilgan. 2021-yilga kelib, bu koʻrsatkich 72 milliard kilovatt soatga yetgan. 2022-yilda esa 74,3 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, yaʼni, 2021-yildagidan 2,3 milliard kilovatt soat koʻproq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

    Oʻtgan yili isteʼmolchilarga 62,3 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan va bu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 3,2 milliard kilovatt soatga yoki 5,5 foizga koʻp ekanligini anglatadi.

    Mamlakatimizda 1991-yildan 2016-yilgacha 2 655 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilgan boʻlsa, 2016-2022-yillarda 5 000 MVtdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushirildi.Oʻzbekistonda sanoatning rivojlanishi, aholi soni va ishlab chiqarish hajmining yil sayin oʻsib borayotgani elektr energiyasiga boʻlgan talabni kundan-kunga oshirmoqda.

    Shu oʻrinda aniqlik kiritib oʻtish joizki, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85 foizi gazda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalari ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Qolgan qismi qayta tiklanuvchi energiya manbalari – GESlar va quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan yetkazib berilmoqda. Joriy yil yakuniga borib, ular safiga shamol elektr stansiyalari ham qoʻshilishi kutilmoqda.

    Umuman olganda, 2026-yilga borib, mamlakatda hosil qilinadigan elektr energiyasi quvvatining 30 foizini “yashil energiya” manbalari tashkil etishi moʻljallangan.Tabiiy ravishda savol tugʻiladi: bashorat qilinayotgan elektr quvvatlarini yaratishda GESlar qanday oʻrin tutadi?

    Aslida gidroelektrstansiyalar kundalik elektr energiyasini barqaror taʼminlashda samarali vosita hisoblanadi. Ulardan olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon va ekologik tozadir.

    Gidroenergetika — asosiy qayta tiklanuvchi energiya manbai hisoblanadi. Bu jarayonda yashil energetikani rivojlantirish aholini nafaqat energiya bilan taʼminlashda, balki ekologiyani asrashda ham muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu bois Oʻzbekistonda sohaga katta eʼtibor berilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-martdagi “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”giqaroriga muvofiq, 2023–2030-yillarga moʻljallangan sohani yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlangan. Unga koʻra, istiqbolli loyihalar hisobiga 2030-yilga borib, amaldagi quvvatlar ishlab chiqarish hajmini 4 999 megavattga yetkazish belgilangan.

    Shu nuqtayi nazardan, Investitsiya dasturi doirasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan umumiy qiymati 1363 million dollar, quvvati 741 megavatt va yillik ishlab chiqarish hajmi 2 118 million kilovatt soatga teng boʻlgan 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida joriy yilning oʻzida jamiyat tomonidan umumiy qiymati 124 million dollar, oʻrtacha yillik ishlab chiqarish hajmi 552 million kilovatt soat, jami quvvati qariyb 200 megavattga teng boʻlgan 7 ta GES ishga tushiriladi.

    Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 31-oktyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda bu borada sohada erishilgan natijalar ijrosi va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar majud salohiyatdan kelib chiqqan holda tahlil etildi.

    Davlatimiz rahbariga jamiyat tasarrufidagi korxonalar tomonidan 2023-yilda 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi hamda shu asnoda davlat gʻaznasiga 714 milliard soʻmlik byudjet tushumlari amalga oshirilishi, shuningdek, 1 423 milliard soʻmlik mablagʻlar investitsiya loyihalarini tatbiq etishga yoʻnaltirilishini maʼlum qilindi. Shu bilan birga, gidroenergetika dasturida koʻzda tutilgan loyihalarga qoʻshimcha ravishda 1 000 megavatt quvvat yaratish yuzasidan axborot berildi.

    Prezidentimiz 2030-yilni kutmasdan, 2024-2028-yillarda gidroenergetika quvvatini 6 000 MVtga (2,7 baravar), oʻrtacha yillik ishlab chiqarishni 7 milliard kilovatt soatdan17 milliard kilovatt soatga yetkazish boʻyicha 5 yillik dastur ishlab chiqish va buning uchun sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish zarurligini taʼkidladi.

    Buning uchun gidroenergetikaning yangilangan strategiyasiga asosan, 37 ta istiqbolli loyihani joriy etish hisobiga amaldagi 2 225 megavatt quvvatga qoʻshimcha ravishdv 3 775 megavatt quvvat yaratilib, 2028-yilga borib umumiy energiya hosil qilish hajmini 6 000 megavattga yetkazish va bu orqali oʻrtacha yillik ishlab chiqarishni 17-19 milliard kilovatt soat yoki qariyb 3 baravarga oshirish lozim boʻladi.

    Bu tarixiy maqsadlar yoʻlida joriy yil yakuniga qadar:

    - qiymati 338 million dollar, quvvati 170 megavatt boʻlgan Mullala GES loyihasi boʻyicha Fransiyaning EDF kompaniyasidan tijorat taklifi olinadi va kelgusi yilning birinchi choragida ochiq tender savdolari orqali xorijiy investor aniqlanadi;

    - umumiy qiymati 1 544 million dollar, quvvati 724 megavattga teng boʻlgan 4 ta GES (Toldiqsoy, Qorongʻitoʻqay, Norin, Yuqori Pskom GESdari) qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asosnomasi ishlab chiqiladi va xorijiy investorlarga taklif etiladi. 2024-yilning birinchi yarim yilligida moliyalashtirish yuzasidan kelishuvlar imzolanib, loyihani amalga oshirishning faol qismiga oʻtiladi.

    Bundan tashqari, mamlakatda soʻnggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, quyosh stansiyalarining keng koʻlamda qurilishi hisobiga energetika tizimida rostlovchi quvvatlarni yaratish zarur boʻlmoqda. Yaʼni, GESning yana bir muhim jihati, quyosh, shamol va boshqa energiya hosil qiluvchi manbalar muayyan bir vaqtda ishlashi oqibatida ishlab chiqarish quvvatlarining pasayishiga sabab boʻladi. Bu davrda esa GESlar tomonidan rostlovchi quvvatlarning ishga tushirilishi ayni muddao boʻlib, elektr energiyasiga boʻlgan talabning barqarorligini taʼminlaydi.

    Shu jihatdan, jamiyat tomonidan ana shunday loyihalarni barpo etish maqsadida umumiy qiymati 2 milliard dollar, quvvati 1 200 megavattga teng boʻlgan 2 ta gidrotoʻplash elektr stansiyasini (Xoʻjakent va Yuqori Pskom) qurish rejalashtirilgan. Bu kabi muhim ahamiyatga ega yirik loyihalar mamlakatimizda birinchi marta amalga oshirilayotganligini inobatga olib, ularning texnik — iqtisodiy asosnomasini tayyorlash boʻyicha sohada boy tajribaga ega boʻlgan nufuzli xorijiy hamkorlar jalb etiladi.

    Hududlar kesimida olganda, Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1700 megavattga teng Mullala, Yuqori Pskom, Qorongʻitoʻgʻay, Toldiqsoy, Oqbuloq GESlari va Oygain gidroelektrstansiyalari kaskadi hamda Xoʻjakent, Yuqori Pskom gidrotoʻplash elektrstansiyalari, Namangan viloyatida quvvati 224 megavatt Norin GES, Surxondaryo viloyatida umumiy quvvati 75 megavatt boʻlgan Mizot va Kshtut GESlari qurilishi moʻljallangan.

    Albatta, bunday yirik loyihalarni amalga oshirish va sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb etishda jamiyat ishonchlilik maqomini yanada mustahkamlashida jamiyatning xalqaro miqyosdagi nufuzi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Maʼlumki, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati toʻrt yildan buyon jahonda yetakchi “uchlik” reyting tuzilmalaridan biri hisoblangan “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentligining“BB-“ xalqaro kredit reytingini barqaror darajada saqlab kelmoqda. Qolaversa, 2023-yilda mustaqil kredit reytingini bir pogʻonaga oshirib, uzoq muddatli emitent reytingini “B+” darajaga koʻtarishga erishdi. Shuningdek, jamiyat tomonidan tez orada dunyoning nufuzli agentligini jalb etgan holda, “Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)“ xalqaro reytingini olish rejalashtirilgan.

    Jamiyat uchun yana bir katta yutuq, albatta, bu tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalarda Markaziy Osiyoda ilk bor “Yashil energiya” sertifikati joriy etilganidir. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, energiya hosil qiluvchi korxonalarda 2023-yil 1-iyuldan eʼtiboran ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun ilk bor “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi tatbiq etildi. Hozirgi kunda “Yashil energiya” sertifikatlarining birja orqali xaridi amalga oshirilmoqda. Unga ega boʻlish , oʻz navbatida, sohaga xorijiy investitsiyalarni yanada kengroq jalb etishda oʻziga xos kafolat vazifasini oʻtaydi.

    Bundan tashqari, tashqi begʻaraz koʻmak (grant) mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning oktyabr oyida Xitoyning Pekin shahrida boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida quvvati 20 megavatt Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish loyihasiga Xitoyning 28 million dollarlik grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyiha doirasida yangi avlodga mansub 4 dona, har birining energetik quvvati 5 megavattga teng shamol elektr stansiyasi quriladi. Buning natijasida yillik oʻrtacha 43 million kilovat soat qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

    Mamlakatimizdagi mavjud gidro salohiyatdan yanada samarali foydalanish maqsadida jamiyat tomonidan joriy yilda umumiy quvvati 27 MVtga teng boʻlgan 23 ta mikro GES loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda umumiy quvvati 0,4 MVtga teng 2 ta mikro GES, jumladan, Toshkent viloyatida Ispaysoy mikro GES va Andijon viloyatida Zavroq mikro GESi ishga tushirildi.

    Ahamiyatli jihati, amaliyotga tatbiq etilgan mazkur mikroGESlar loyihasi respublika boʻylab “Andijon tajribasi” sifatida nom olib, barcha mahalliy hokimliklarga namuna sifatida taklif etilmoqda. Bu borada joriy yil yakuniga qadar umumiy quvvati 14,4 MVtga teng boʻlgan yana 13 ta loyiha ishga tushiriladi. 2024-yilda umumiy quvvati 17 MVtlik 18 ta mikro GES loyihasini amalga oshirilishi moʻljallangan.

    Sohani rivojlantirishga, unga xususiy sektorni keng jalb qilishga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Buning uchun barcha huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Prezidentimizning 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektr quvvatini davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan. Tadbirkor auksiondan mikroGES loyihasini yutib olgandan soʻng, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun Loyiha institutiga buyurtma beradi. Tanlangan joyi va oʻzining talabiga mos loyihani olganidan soʻng asbob-uskunalarni buyurtma qilib, qurilish-montaj ishlarini boshlaydi.

    Tadbirkorlar belgilangan tarif boʻyicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi isteʼmolidan ortgan qismini davlatga kafolatli tarzda 1 350 soʻmdan sotishi mumkin. Bu jamiyat tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan elektr energiyasi tannarxiga nisbatan qariyb 3 (2,7) barobar qimmatga sotish imkoniyatini beradi.

    Koʻrib turganingizdek, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati xalq farovonligi va sanoati ravnaqi yoʻlida ulkan marralarni zabt etishni oʻzining bosh maqsadi sifatida belgilab olgan. Aminmanki, jamiyat boshqaruvi va uning tarkmibidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan oʻz kasbiga sadoqatli, shu bilan birga, fidoyi va mehnatkash ishchi-xodimlarimiz sayʼ-xarakati bilan bu maqsadlarga, albatta, erishamiz.

    Abdugʻani SANGINOV,

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi,

    senator