Turizm va madaniy meros vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, ko‘rgazmaning asosiy maqsadi ijtimoiy ko‘makka muhtoj va nogironligi bor bolalarning o‘zini har tomonlama namoyon qilishiga, iqtidorlarini shakllantirishiga, kelajakda yetuk kadrga aylanishiga va to‘laqonli hayot qurishiga barcha sharoitlarni yaratib berish kerakligini ko‘rsatishdan iborat edi.
Bundan tashqari, ishbilarmonlar, xayriya va xalqaro tashkilotlar vakillari, poytaxt aholisi va mehmonlarning eʼtiborini nogironligi bor, yetim va og‘ir sharoitda yashaydigan bolalarga qaratish, bolalarning ijodiy tashabbuslarini har tomonlama rag‘batlantirish ham maqsad qilingan.
Tadbirda mahalliy va xorijlik ekspertlar, shuningdek, 100 nafardan ortiq ko‘ngillilar va nogironligi bor bolalar manfaatiga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshiruvchi 20 dan ortiq tashkilotlar, xususan, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, mehribonlik uylari va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Xayriya aksiyasining ochilish marosimida turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev so‘zga chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini o‘qib eshittirdi.
Taʼkidlash joizki, yarmarkada 400 nafar bola tomonidan 2000 dan ortiq ijod namunalari: rasmlar, otkritkalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zlik, kashtachilik, zargarlik namunalari va boshqa ko‘plab buyumlar ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi. Shuningdek, chegarasiz turizm, ekologik masʼuliyatni oshirish, ekotizimlarni saqlash va tabiatga hurmat borasidagi bilimlarni ommalashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Nogironligi bor yoshlarning faolligini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, mahorat darslari, katta muvaffaqiyatlarga erishgan nogironligi bor insonlar, Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari va Hamdo‘stlik mamlakatlari mehmonlari ishtirokida video intervyular o‘tkazildi.
Ko‘rgazmadan tushgan mablag‘lar bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida masʼul ishtirokchi tashkilotlarga ajratiladi.
Maʼlumot uchun, «Moʻjizalar davri» Markaziy Osiyodagi yagona platforma bo‘lib, u nogironligi bor yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ilgari suradi. Xayriya yarmarkasi 2003 yildan buyon har yili ko‘ngillilar tashabbuskor guruhi tomonidan o‘tkazib kelinmoqda. 2020 yilda O‘zbekiston ko‘ngillilar uyushmasi tashkil etilishi bilan yana davom ettirildi. Bugungi kunga qadar «Moʻjizalar davri» loyihasi 4500 dan ortiq ko‘ngillilarni o‘z atrofiga birlashtirgan.