Men uchun eng sevimli joy...

    2018-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi mening hayotimni mutlaqo oʻzgartirib yubordi.

    Boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan jajjigina qizaloq paytimdayoq maktabimizda oʻtkaziladigan tadbirlarda Nodira, Uvaysiy, Zulfiyaxonimlarning sheʼrlarini yuragim hayajonga toʻlib oʻqib berardim. Ehtimol, bu buyuk siymolarga muhabbat, izdoshlik tuygʻusi menda oʻsha davrlarda paydo boʻlgandir. Keyinchalik ham ularning ibratli hayoti va bemisl ijodi meni oʻziga maftun etib keldi. Ayniqsa, Nodira va Zulfiyaxonimlarning taqdiri va hatto asarlaridagi motivning bir-biriga oʻxshashligi, sadoqati va matonati meni lol qiladi. Buyuk oʻzbek ayollari deganda eng avval mana shu siymolar koʻz oldimda gavdalanadi.

    Uyimizdagi ikkita katta javon kitoblar bilan toʻla. Bolaligimdanoq men uchun eng tinch, eng yoqimli joy ham kitob javonining yoniga oʻrnatilgan oʻrindiq boʻlgan. Eng yaxshi ovunchogʻim esa kitob edi. Savollar bilan toʻlgan qalbimni faqat kitoblar tushunardi, tushuntirardi.

    Meni muvaffaqiyatlar sari yetaklagan yoʻlchi yulduzim ham aynan men oʻqigan kitoblar, aslida. 2018-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi mening hayotimni mutlaqo oʻzgartirib yubordi. Tanlovning ilk gʻolibasi, kitob oʻqigani uchun Davlat rahbari avtomobil sovgʻa qilgan birinchi yosh men boʻldim. Bu yutuq meni kelgusi maqsadlarim sari olgʻa intilishga undadi. Shu kungacha respublika fan olimpiadalarida, koʻplab tanlovlarda gʻolib boʻldim. Nufuzli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda oʻz ilmiy maqolalarim bilan ishtirok etdim.

    Bu yilgi bahor fasli men uchun ulkan quvonch bilan kirib keldi. Prezidentimiz qaroriga binoan taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, jamoatchilik yoʻnalishlarida 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldilar. Meni ham taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bu mukofotga munosib koʻrishgani unutilmas voqea boʻldi. Menga bildirilayotgan yuksak ishonch uchun Prezidentimizga, ona xalqimga cheksiz minnatdorchilik bilodiraman. Bu ishonchga, bu mehrga munosib boʻlishga vaʼda beraman.

    Mohiniso SHOMURODOVA,

    Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi