Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan deputatlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduhakimovning axborotini eshitdi.
Majlisda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻtgan 2022-yili jami 202,7 mln tup daraxt koʻchatlari ekilgani taʼkidlandi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, “Yashil makon” loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq ekilmagan koʻchatlarni hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgan, sugʻorib boʻlmaydigan joylarga 7,3 million tup nihol oʻtqazilgan, ekilgan 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar belgilanmagan.
Aziz Abduhakimovning aytishicha, koʻchatlar ekilganining haqqoniyligi tekshirilganda ayrim rahbarlar tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.
“Monitoring davomida ekilmagan koʻchatlarni ekildi, deb hisobotga qoʻshib yozish holatlarini aniqladik. Maʼlumot uchun, Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Fargʻona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ekilmagan daraxt koʻchatlari hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgani aniqlandi.
Shu bilan birga, 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar umuman belgilanmagani oshkor boʻldi. Eng achinarli ahvol – Fargʻona viloyatida. U yerda 415 ming tup daraxtga umuman, hech qanday masʼul belgilanmagan. Toshkent viloyatida 355 mingta, Surxondaryoda 331 mingta, Buxoroda 146 mingta, Qoraqalpogʻistonda 36 mingta ekilgan daraxtlar eʼtiborsiz qoldirilgan”, — dedi vazir.
Shuningdek, majlisda deputatlar ekilgan daraxtlarni saqlab qolish maqsadida sugʻorish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish, bu jarayonlarda suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, koʻchat yetishtirish ishlariga xususiy tadbirkorlar va ishsiz fuqarolarni haq evaziga keng jalb etish, daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish lozimligini taʼkidladilar.
Shuningdek, koʻchatxonalar sonini oshirish, hududlarda iqlimga mos, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish, har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarni belgilash boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yuzasidan atroflicha maʼlumotlar taqdim etilgani eʼtirof etilib, vazirning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.