Milliy iqtisodiyotning istiqboldagi “drayver”i

    Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) huzurida Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi taʼsis etilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

    Uni Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov ochib berdi. Soʻngra Oʻzbekiston Transport vazirligi, Davlat bojona qoʻmitasi hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari tadbir ishtrokchilarini qutlab, Alyans tashkil etilishining maqsadi va butun TDT davlatlarining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ahamiyati xususida soʻz yuritdilar.

    Shuningdek, dasturi doirasi doirasida “TDTga aʼzo davlatlarning transport sohasidagi hamkorligi”, “Logistika markazlari va TDT yuk tashuvchilar alyansini shakllantirishning ahamiyati va roli” mavzusida taqdimot oʻtkazildi. Bundan tashqari, “TDT mamlakatlarida transport sohasida qulay shart-sharoitlar yaratish” mavzusida ochiq muloqot ham koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.

    Qayd etish kerakki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda logistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan vakolatli davlat organi sifatida Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, 2019-yil 1-fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Transport vazirligi tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi qarori bilan vazirlik huzurida Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Tadbirda TDT huzuridagi “Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish, taʼsis hujjatlarini imzolash marosimi oʻtkazildi. Shuningdek, Alyans bosh kotibi hamda kotibiyat aʼzolari tayinlandi.

    Maʼlumot uchun: Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) 2009-yil 3-oktyabrda “Naxchivan shartnomasi” asosida tashkil etilgan. Bosh kotibiyati Istanbulda joylashgan. Unga Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va 2019-yildan Oʻzbekiston toʻlaqonli aʼzo boʻldi. Vengriya va Turkmaniston TDTda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.

    – Turkiy mamlakatlardagi yirik logistika markazlari, yuk tashuvchilar, terminallar, dengiz va quruqlik portlari oʻrtasida samarali hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni jory etish orqali butun mintaqaning transport-logistika salohiyatini oshirish hamda barcha aʼzo davlat oʻrtasida muhim hamkorlikka erishi maqsadida bugun yigʻilish oʻtkazildi, – deydi “Boku xalqaro dengiz savdo porti” YOAJ boʻlim boshligʻi Xudayar Hasanli. – Shuningdek, Boku portini rivolantirish imkoniyatlari va istiqbollari taqdimot qilindi hamda keyingi yigʻilish Bokuda boʻlib oʻtishi yuzasidan kelishib olindi.

    – Turkiy davlat yuk tashuvchilari hamda logistik markazlari Alyansi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi xususiy sektor maqomini oshirishga xizmat qiladi, – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Mirvoxid Azimov. – Maʼlumki, turkiy tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar geografik nuqtayi nazardan Yevropa bilan Osiyoni bogʻlaydigan uch nuqtada joylashgan. Yaʼni, shimoliy, oʻrta va janubiy yoʻnalish. Bunday salohiyat bilan kuchlarimizni birlashtirsak barcha maqsadlarga albatta yetamiz.

    Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika sohasini rivojlantirish orqali iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda aʼzo davlatlarning barchasi manfaatdor hisoblanadi. Xususan, mazkur sohani tashkilot doirasida rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotning istiqboldagi “drayver” yoʻnalishiga aylantirish mumkin.

    Zulxumor Akbarova