Milliy mafkura yolqini: “Bir mayizni qirq boʻlgan millatim!”

    Fikr 26 Yanvar 2022 3518

    Erta tongdan ishga otlangan chogʻimda odatiy bir hol borki, qalbimni ajoyib orziqish qamrab oladi va jamoa sari oʻzgacha bir bolalarcha talpinish bilan shoshaman. Inson — insonlar ichida oʻzini topadi va bir-biriga tutash niyatlar maslakdoshlarni, jamoadoshlarni birlashtiradi. Chunki biz shoshayotgan, biz intilayotgan maqsadlar yurakka yaqin — mamlakatga maʼrifatli, barkamol, kelajakni ishonch bilan topshirish mumkin boʻlgan yoshlarni, oʻz dunyoqarashi bilan dunyoni boshqarish salohiyatiga ega kadrlarni yetkazib berishdir. Shu ezgu maqsad — biz ziyolilar qatlamini yakdil qila olgan, ishimizni sevdira olgan, oʻzlikdan qoniqish hissini bera oladigan kuchli mafkuradir.

    Mafkura xususida soʻz ketar ekan, aytish kerakki, mafkura – ruhning tirikligi belgisi va hayotning asl rangidir. Insonning vujudi shu ruh bilan yashnar ekan, jamiyat ham, inson ham mafkura bilan uygʻoq va barhayotdir.

    Xalqimizda “Arpasiz ot qir oshmas, yordamchisiz alp yengolmas”, “Bir qargʻa birla qish kelmas”, “Yolgʻiz gʻoz uchmas”, “Besh barmoq yigʻilsa, musht boʻlar”, degan maqollar bejiz yoshlar qulogʻiga quyilmagan. Ayniqsa, el orasida “jamoatdan ajralmaslik”, “elning etagidan tutish” kabi iboralar aynan mafkuraviy yakdillik uchun xizmat qilgan. Donishmand tarix guvohki, asliyu, nasli, dini va eʼtiqodi, qon-qoniga ezgulik, moʻmin-qobillik, sabr-toqatlilik singib ketgan oʻzbek xalqi hamisha hamjihatlik, milliy yakdillik, mafkuraviy birdamlik borasida boshqa elatlarga oʻrnak boʻlib kelgan. Shu bois milliy mafkuramiz ildizlari ham “Ezgu soʻz, ezgu fikr, ezgu amal”, “Dil ba yoru dast ba kor”, “Adolat kuchda emas, kuch – adolatdadir” (Amir Temur), “Haq olinur, berulmaydur. Har millat va mamlakat xalqi oʻzining huquqi, dini va siyosatini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi” (M.Behbudiy), jaholatga qarshi maʼrifat, yomonlikka javoban yaxshilik singari insonparvar gʻoyalar asosiga qurilgan. Odamiylik himmati, uygʻoq vujudni gʻayrat sari chorlaguvchi quyidagi satrlar soʻz mulkining sultoni Mir Alisher Navoiydan bejiz yaralmagan:

    Tuxum yerga kirib, chechak boʻldi,

    Qurt jondin kechib, ipak boʻldi.

    Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?!

    Pilla qurticha himmating yoʻqmi?!

    Ha, insonning yashayotgani, borliqda mavjudligi uning ruhidan, harakatidan, ongu-tafakkuridan, amallaridan anglanadi. Mafkura esa shu ruhni tiriklik suvi bilan sugʻorgan holda, insoniylik mohiyatini belgilab beradi. Qalbimning bir ogʻrigʻi sifatida eslar ekanman, Buxoriy, Zamaxshariy, Moturidiy avlodlari boʻlgan bu millat taniga mustamlakachilar singimas mafkurani tiqishtirishga urindilar. Xalqimiz uzoq yillar milliy mafkura qudratini anglamay yashagan yillar ham oʻtdi. Xalqning asl birdamligi, barhayot kuch va salohiyatini namoyon etuvchi milliy gʻoyalarimiz faqat balandparvoz shiorlar, baland hayqiriqlar soyasiga berkindi. Asliyati buyuk boʻlgan bu xalq koʻp yutuqlarga erishdi, biroq bu yutuqlar, uddalashimiz mumkin boʻlganlari oldida juda kamlik qildi. Qoʻyni puch yongʻoqqa toʻlgan elning ertangi kunga umidi ham shunchalik xira boʻladi.

    Biroq, xalq irodasi bukilmadi va katta tantana bilan aytamanki, bugun oʻzbek xalqi kechagi xalq emas. Milliy yakdillik, birdamlik bilan Yangi Oʻzbekistonni qurayotgan xalqning tafakkuri ham, mafkurasi ham endi yangicha.

    Ayni shu pallada bizga asl milliy mafkura, butun elni bir bayroq ostida birlashtirishga qodir milliy gʻoya naqadar zarur ekanligini angladik. Yuragida mustaqillik orzusi bilan bilan birga milliy yakdillik, maʼnaviy teranlik, oʻzlikka sadoqatni, dunyoga oʻzbek boʻlib magʻrur yuzlanish toleini orzu qilib oʻtgan jadid bobolarimiz yoqlagan yoʻl aynan biz yaratmoqchi boʻlgan buyuk istiqbol yoʻli ekanligini anglab, uygʻondik.

    Bugun koʻpmillatli xalqimiz oʻzining xohish-irodasi, orzu-maqsadlarini, umummilliy manfaatlarimiz negizini yuksak tafakkur bilan anglash yoʻliga oʻtdi. Zotan, yillar davomida mustaqillik qudratini mustahkamlab borayotgan Vatanimizning bugungi rivojlanish yoʻli, shubhasiz, xalqimiz bilan birgalikda tanlangan va birgalikda amalga oshirilmoqda, deb baralla ayta olamiz.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki qadamlaridayoq “Buyuk istiqbolimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” deb butun xalqimizni milliy birlikka, mushtarak maqsadlar yoʻlida birlashishga undadi. Soʻnggi yillarda yurtimiz taraqqiyotidagi sezilarli oʻsishlar, ijtimoiy yuksalishga yuz tutganimiz, avvalo, Prezident islohotlarining ezgu natijasi boʻlsa, yoshu qarining ana shu islohotlar zamirida davlat va jamiyat ravnaqi, el osoyishtaligi, odamlarning roziligi, baxti va farovon hayoti yotganini teran anglayotganining oʻzi katta yutuq, kerak boʻlsa, mafkuraviy gʻalabamizdir.

    Aytish kerakki, bugun barcha kuch va salohiyatimiz yagona ulugʻ maqsadimiz – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ekan, avvalo, millatning mafkuraviy yakdilligi, gʻoyaviy birligi bu borada mustahkam ustunimiz ekanligi bir lahza ham unutmasligimiz darkor.

    Mafkura masalasi kecha yoki bugun dolzarb tus olgan masala emas. Insoniyat tarixida jamoa, xalq, millat tushunchasi borki, gʻoya ham, mafkura ham bor, shubhasiz. Aytmoqchi boʻlganim, mushtarak mafkura bor joyda, jipslik, Vatan va el manfaati uchun birgalikda kurashish istagi ham boʻladi, albatta. Masalaning boshqa tomonini olib qaraydigan boʻlsak, bitta ezgu mafkuraga birlasha olmagan xalqlar taqdiri qanchalik halokatga yuz tutgani yoki milliy gʻoyasiz ellarning tarqoq toʻdalarga aylanganiga ham tarixda misollar koʻp.

    Dunyo davlatlari orasida bir Vatanda yashab, bir millat boʻlaturib, ikki xil mafkura ortidan ergashadiganlar yoki har bir provinsiya, shtat yoki viloyati oʻzicha “yashash prinsipi”ni tutgan mamlakatlar koʻp. Ularning misolida bir millat, bir din vakili boʻlgani oʻlaroq, bir bayroq ostida birlasha olmagan alohida xalqlarni koʻrish qiyin emas. Bularning bari biz uchun tarixiy saboq boʻlishi juda muhimdir. Zero, Oʻzbekiston deb atalgan Vatan taqdiri, manfaati deganda har birimizning yuragimiz birga yonishi, milliy oʻzlik degan muqaddas tushuncha faqat tillarda emas, amaliy saʼy-harakatlarimizda namoyon boʻlishi muhimdir.

    Tan olishimiz kerak, bugun Vatan, mustaqillik, milliy oʻzlik, milliy gʻoya singari muqaddas tushunchalarni arzon baholaydigan kimsalar ham yoʻq emas. Oʻz vatanidan qusur qidirib, oʻzining vatan uchun qay darajada boʻlsa ham naf keltirishga layoqatli yoki layoqatsiz ekanligini baholamay, undan iddao qilishga uyalmaydiganlar qancha?! Goʻyoki toʻqlik niqobida, aslida esa qullik davrlarini koʻr-koʻrona qoʻmsayotganlar ham bor oramizda. Biroq soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston koʻrgan yangilanish va oʻzgarishlar ular kabi tafakkuri puch odamlar qalbini ham uygʻotdi, nazarimizda. Xalqning roziligi yoʻlida olib borilayotgan islohotlardan minnatdorlik kayfiyati kirdi yuraklariga. Quvonarlisi, xalqimiz bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emasligini oʻz taqdiri, oʻz hayoti misolida angladilar.

    Oʻtgan qisqa davr ichida kengli koʻlamli ishlarni amalga oshirishimiz uchun asos boʻlgan Harakatlar strategiyasi ham xalqimiz bilan bamaslahat qabul qilingan ediki, uning samarasini yaqqol koʻra oldik. Ayniqsa, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil davlat va jamiyat faoliyatining bosh mezoniga aylandi. Eng asosiysi, inson qadri davlatimiz uchun qandaydir mavhum tushuncha emas, oʻzida har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, huquq va erkinliklari taʼminlanishini koʻzda tutishiga guvoh boʻldik. Bu borada Oʻzbekiston chinakam xalqparvarlik yoʻlini tutgani xalqaro maydonda eʼtirof etilib, mamlakatimiz birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi aʼzoligiga saylangani bejiz emas.

    El-yurtimizning xalqchil islohotlarga boʻlgan xayrixohligi va qatʼiy ishonchi sabab, endilikda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Bugun “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va mezonimizga aylanib, u orqali milliy rivojlanishimizning yangi bosqichi boshlandi.

    Bugungi kunda insoniyat oʻz tarixidagi nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotgani hech kimga sir emas. Dunyoda turli kuchlar oʻrtasida qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib, resurslar uchun shafqatsiz kurash ketayotgani, mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlikka nisbatan yangi-yangi tahdidlar paydo boʻlayotgani xavotirlanarli va oʻz navbatida barchamizni ogohlikka, uygʻoqlikka undaydi.

    Ammo bir haqiqat yuraklarimizga taskin beradi: milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari, degan mushtarak gʻoya, umummilliy maqsadimiz borki, u bizga har qanday tahdid va raqobatga, shiddat bilan oʻzgarayotgan hayot sinovlariga magʻrur nigoh bilan qarashga kuch beradi. Bu borada jamiyat va xalq joni, ruhi boʻlgan maʼnaviyat va maʼrifiy tafakkur nuri bizga qoʻshqanotdir. Zero, kuchli maʼnaviyat suvi bilan sugʻorilgan “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni maʼnaviy-maʼrifiy barkamol, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashimiz uchun muhim asos boʻladi.

    Prezidentimiz tomonidan aytilgan haqli soʻzlar millat maʼnaviyati, milliy gʻoyaga sadoqat hamishalik qudrat ekanligiga yanada ishonch hosil qilamiz: “Bugun dunyo taraqqiyoti shu darajaga yetdiki, endi mafkuraviy kurash, maʼnaviy salohiyat yetakchi oʻringa chiqdi. Endi qurol-yarogʻlar emas, mafkurasi, milliy gʻoyasi kuchli boʻlgan yengib chiqadi. Mafkuraviy kurash bir jamiyat, mamlakat ichida ham, xalqaro va davlatlararo miqyosda ham davom etmoqda”.

    Darhaqiqat, millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, siyosiy va konstitutsion tizimni zaiflashtirish va buzishga yoʻnaltirilgan, fuqaro va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi mafkuraviy tajovuzlar keskinlashayotgani, bu yoʻlda razil kuchlarga odamlarning diniy, milliy hissiyotlari, hayotida uchragan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklari, ayniqsa, gʻoʻr va sodda, hali mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan oʻgʻil-qizlarimizning maʼnaviyati, maʼrifatidagi boʻshliqlar qoʻl kelishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.

    Biroq, bugungi islohotlarni koʻrib-bilib ulgʻayayotgan yoshlarimiz ota yurt, ona Vatan ixlosiga munosib tafakkur qilishga qodir boʻladi. Qolaversa, buzgʻunchilik, millat maʼnaviyatini buzishga intiladigan axloqsizlik, diniy ekstremizm gʻoyalari tarafdorlarining gʻarazli maqsadlarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz sogʻlom tafakkur bilan anglab yetayotgani katta yutugʻimizdir.

    Bahodirjon Shermuhammadov,

    Fargʻona davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori,

    professor.