Milliy tilni asramoq millatni himoya qilmoqdir

    Har bir millatning maʼnaviy kamolotini koʻrsatadigan qadriyatlari boʻladi. Shulardan biri, shubhasiz, til. Bizning ham dunyo tillari bilan bellashishga qodir goʻzal va boy tilimiz bor. Ona tilimiz xalqimizning uzoq tarixiy ildizlariga, oʻz siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas maʼnaviy yutugʻidir.

    Bugungi kunga qadar shonli va sharafli yoʻllarni bosib, keskin va shiddatli toʻfonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulugʻvor va ustuvorligini namoyon qilib kelmoqda.

    Prezidentimizning “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”, degan fikridan anglab yetish mumkinki, til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. U xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydigan, birlashtiradigan, urf-odat va anʼanalarini saqlaydigan asosiy vosita ekanini har birimiz chuqur anglab, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishga hissa qoʻshmogʻimiz lozim.

    Til juda muhim tarbiya vositalaridan biri. Yosh avlod qaysi tilda tarbiya topsa, uning keyingi taqdiri ham bevosita shu til bilan bogʻliq boʻladi. Bola qancha koʻp til oʻrganmasin, baribir uning tasavvurida ilk bora hayot ranglarini tanigan ona tili asosiy boʻlib qolaveradi. U ayni tilda fikrlaydi, mulohaza yuritadi. Shu oʻrinda oʻzimizga savol bersak: biz farzandlarimizni ona tilimizga muhabbat ruhida tarbiyalay olyapmizmi? Ular kelgusida tilimizning asosiy targʻibotchilari sifatida qolishini tushunib yetyapmizmi?

    Bugun mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor har qachongidan yuqori. Yilimiz ham bejiz “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nomlanmagan. Ularda oʻzini turli sohalarda sinab koʻrish, bu yoʻlda davlatimiz gʻamxoʻrligidan bahramand boʻlish imkoniyati bor. Kimdir biznesni tanlasa, kimdir oʻz kelajagini ilm-fanda koʻradi. Bugun oʻz brendini yaratish, uni keng tanitish uddalab boʻlmaydigan ish emas. Yoshlar orasida oʻz yoʻlini topgan, allaqachon muvaffaqiyatli tadbirkorga aylanganlari talay, ularning yutuqlaridan dil quvonadi. Biroq aksariyat yoshlar tomonidan shaxsiy biznesiga tanlanayotgan ajnabiy tillardagi nomlarni oʻqib xafa boʻlasan kishi. Buning sababini soʻrasangiz, dunyoga tanilish uchun shu yoʻlni tutganini aytadi. Nahotki ona tilimizda dunyoga tanilishga arziydigan soʻzlar boʻlmasa?! Shunday yoshlar nom tanlash jarayonida oʻzbek tilining izohli lugʻatiga bir qur nazar solsalar, qanchadan qancha goʻzal nomlar topgan boʻlardi-ya, deb oʻylab qolasan.

    Tilga mehrli har bir inson uning qoʻpol ravishda buzilishiga yoʻl qoʻymaydi, hurmat bilan qaraydi. Haydovchi yoʻl harakati qoidalariga xilof ish tutsa, belgilangan jarimani toʻlaydi. Adabiy til meʼyorlariga rioya etmasdan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar olib boruvchi boshlovchilarning tilimiz qoidalarini buzishiga esa negadir jarima solmaymiz. Aslida ularning ona tiliga mehru muhabbati boshqalarga oʻrnak boʻlishi kerak emasmi? Oʻzbek tilida tele va radiokoʻrsatuvlar olib boruvchi boshlovchi va jurnalistlarimizdan bu masalani qayta oʻylab koʻrishlarini iltimos qilgan boʻlardik.

    Oʻzbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi qator davlatlarning 60 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi va 100 dan ziyod maktabida oʻrganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini xorijiy tillarda nomlab oʻtirganimizni, hatto reklama materiallarini ham shundoq latif tilimiz qolib ajnabiy soʻzlar bilan toʻldirayotganimizni qanday tushunish mumkin?

    Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

    Mamlakatimizda davlat tiliga eʼtibor har qachongidan-da kuchaydi. Bugun ona tilimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etilgan. Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida saboq olgan yoshlar oʻzbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganayotir. Albatta, bu yoshlar kelgusida ona tilimiz, millatimizning haqiqiy jonkuyarlari boʻlib voyaga yetadilar.

    Taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, gʻururi boʻlmish oʻzbek tilining mavqeyini pasaytirishga urinishlar koʻp boʻlgan. Millat oydini, maʼrifatparvar adib Abdulla Qodiriy “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan xitobi bilan oʻtmishning achchiq sitamlarini bayon qilgan edi. Bugun esa holat butunlay boshqacha, ona tilimiz qadrini yuksaltirish fuqaro sifatida har birimizning oʻzimizga bogʻliq.

    Shunday ekan, barchamizda ona tilimizga boʻlgan gʻamxoʻrlik va muhabbat kun sayin oʻsib boruvchi jarayonga aylansin. Yosh avlodni ham ayni ruhda tarbiyalash masʼuliyatini hammamiz birdek his etaylik. Shundagina ajdodlarimiz ruhi bizlardan rozi, avlodlar esa minnatdor boʻladi.


    Azizbek HASANOV,

    pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent


    Hamkorlik materiali