Bunday hollarda koʻpincha ayrim manipulyatorlar yurtimizda tinch-totuv yashab kelayotgan millat va elatlar oʻrtasiga nifoq solish hamda jamiyatni parokanda qilish maqsad qilinishi kundek ravshan. Aslida, oʻzbek xalqidek bagʻrikeng va soddadil xalq boʻlmasa kerak. Xayriddin Sultonning “Haqiqat jamoli” nomli kitobida bir fikr meni juda taʼsirlantirdi: “Shoir Erkin Vohidovning guvohlik berishicha, Alisher Navoiy yubileyida yolgʻiz bir kishi oʻzbek tilida gapirgan, u ham boʻlsa leningradlik olim va tarjimon Sergey Ivanov boʻlgan ekan”.
Soʻnggi paytlarda mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash boʻyicha qatʼiy qadamlar tashlanmoqda. Xalqimiz, ayniqsa fidoyi ziyolilarning oʻzbek tilining munosib oʻrnini egallashiga oid urinishlar umumxalq harakatga aylandi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni davlat tili rivojida muhim qadam boʻldi. Unga asosan oʻzbek tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, uning sofligini saqlash, uning raqamli texnologiyalar asosida faol integratsiyalashuvini taʼminlash kabi real vazifalar asosida davlat tilini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Hujjatga asosan, 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Maqsad oʻzbek tilini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish va uni izchil amalga oshirish.
Kezi kelganda taʼkidlash joizki, davlat tilining izchil taraqqiyoti mustaqil davlatchiligimizning rivojlanish, milliy oʻzlikni anglash yoʻlidagi oldinga tashlangan yana bir mustahkam qadamdir.
Butun dunyoda globalizatsiya sabab ayrim davlatlarda ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yoʻqolayotganligini guvohi boʻlmoqdamiz. YUNESKO vakillarining soʻzlariga qaraganda, qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi.
Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining 75 foizida milliy tilni himoya qilish maqsadida tilga oid davlat siyosati mavjud. Aksariyat davlatlarda muayyan xalq tilini davlat tili deb eʼtirof etilishi davlat tilining davlat boshqaruvida, sud ish yurituvida hamda ish yuritishda majburiy tartibda yuritilishini anglatadi.
Masalan, Germaniya Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunda maʼmuriy organga faqat nemis tilida murojaat qilish shartligi toʻgʻrisidagi norma belgilangan. Germaniya fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunda fuqarolar “nemislar” degan tushuncha bilan ifodalanadi. Nemis tilini lozim darajada bilish Germaniya fuqaroligiga qabul qilinishning muhim sharti sifatida belgilangan.
Ukrainada 2019-yilda qabul qilingan qonunga koʻra, deputat va mansabdor shaxslar davlat tilidan boshqa tilda chiqish qilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Ukrainada “Til ombudsmeni” lavozimi ham joriy etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi ukrain tilini davlat tili sifatida faoliyat yurilishini taʼminlash hisoblanadi.
Latviyada davlat tili normalarini buzganlik uchun javobgarlik doirasi ancha keng. Jumladan, ommaviy tadbirlarda yoki ish jarayonidagi majlislarda davlat tiliga tarjima yoʻlga qoʻyilmaganlik uchun jarima jazosi koʻzda tutilgan. Shuningdek, davlat tilini lozim darajada bilmaydigan xodimni ishga olgan ish beruvchiga ham maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Latviyada davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik uchun 140 yevro miqdoridagi jarima belgilangan boʻlib, Latviya parlamenti tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasiga koʻra mazkur huquqbuzarlik uchun jarima miqdorini 1400 yevrogacha belgilash taklif etilmoqda.
Yevropaning “madaniy markazi” boʻlgan Fransiya uchun fransuz tili milliy qadriyat kabidir. Shu sababli faranglar yurtida koʻcha-kuyda davlat tilidan boshqa yozuvni koʻrmaysiz. Qoʻshimchasiga bu qadriyat qonun bilan mustahkamlangan. Davlat tiliga oid normani buzish jismoniy shaxsga oilaviy byudjetning 700 yevrosidan mahrum boʻlishga olib keladi. Tabiiyki, mehnat munosabatlarida ham faranglar toʻliq ona tilida ish yuritishadi.
Albatta, mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bundan keyin ham davlatimiz uchun ustuvor boʻlib qoladi.
Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.
Bekzod NARIMONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b.