Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar tub burilish kasb etmoqda

    Fikr 21 Yanvar 2021 2833

    Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021-yilda mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ustuvorlik davom ettirilishi maʼlum qilindi.

    Bu davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyamizning takomillashtirilishini anglatadi. Xalqaro tajriba ham, eng avvalo, oʻz mintaqasidagi qoʻshnilari bilan doʻstona va samimiy munosabatlar oʻrnata olmagan mamlakat yakkalanib qolishini koʻrsatdi.

    Murakkab pandemiya sharoiti esa bir-birimizga qanchalik bogʻliq va kerak ekanimizni yana bir bor namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur oʻrganish va yana-da rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi. Maqsad — Markaziy Osiyoni tinchlik va barqarorlik, chinakam taraqqiyot va rivojlanish markaziga aylantirish.

    Buning isboti oʻlaroq, uch yil muqaddam Toshkent viloyati faollari oldida qilgan chiqishida davlatimiz rahbari shunday degan edi: “Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida soʻnggi 25 yil ichida toʻplangan ulkan muz bor. Bu muz erishi uchun qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikda koʻpgina ishlarni amalga oshirishimizga toʻgʻri keladi”.

    Ochigʻini aytish kerak, oʻtgan toʻrt yil ichida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlariga yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilindi.

    Natijada tarixan qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab boʻlgan ulkan oʻzgarishlar roʻy berdi. Aytish mumkinki, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlar qaror topdi. 2016-yilga qadar boʻlgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi. Mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasida siyosiy muloqot, prezidentlar oʻrtasidagi shaxsiy ishonch mustahkamlandi.

    Tashabbuslarning amaliy natijalari

    Bugun aytish mumkinki, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan savdo aylanmasida misli koʻrilmagan oʻsish kuzatilmoqda. 2019-yil natijalariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 5,2 milliard dollarga yetdi. Faqat koronavirus pandemiyasi 2020-yilning koʻrsatkichlariga biroz manfiy taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin.

    Agar 2016-yilgacha Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yillik tovar aylanmasi oʻrtacha 100-150 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yil natijalariga koʻra, barcha mamlakatlar bilan tovar aylanmasi oʻrtacha 50 foizdan koʻproqqa oʻsgan. Tovar aylanmasi Qirgʻiziston bilan 8 baravar, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5 baravar, Qozogʻiston bilan esa 1 milliard dollarga oʻsdi.

    Koʻrsatkichlar bu bilan cheklanmaydi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib oʻtish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi. 2017-yil 5-sentyabrda Prezidentimizning Qirgʻizistonga davlat tashrifi chogʻida mazkur davlat bilan, 2018-yilning 10-mart kuni Tojikiston bilan chegara shartnomasi imzolandi. Natijada chegara punktlaridagi barcha cheklovlar olib tashlandi. Agar 4-5 yil ilgari oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasini kuniga 200-300 kishi kesib oʻtgan boʻlsa, pandemiyagacha bu koʻrsatkich kuniga 30 mingdan oshdi. Tojikiston bilan shartnoma imzolangandan keyin avval “qulf urilgan” barcha
    17 ta chegara punkti toʻliq ishlay boshladi. Mana, Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda qanday oʻzgarishlar yuz bergan.

    Eslatishning hojati boʻlmasa kerak. 2016-yilgacha Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning integratsiya jarayonlaridagi “toʻsqinlik yaratuvchi davlat” sifatida taʼriflashgan boʻlsa, bugun bu “yorliq” Oʻzbekistondan butunlay olib tashlandi. Chunki bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan
    Oʻzbekiston mintaqadagi integratsiya jarayonlarini faol ilgari surmoqda. Aytish mumkinki, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olgan holda rivojlanmoqda. Munosabatlarimizning ushbu uchta ustuni barcha muammolarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi.

    Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlashda maydon boʻldi. Mazkur maslahat uchrashuvi katta istiqbolga ega, chunki ushbu uchrashuvda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ishtirok etmoqda. Ilgari bunday sammitlarga mintaqaning u yoki bu davlati turli bahonalar ostida ishtirok etmasdi.

    2018-yil 15-martda Ostona shahrida boʻlib oʻtgan birinchi uchrashuvning asosiy natijasi mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash boʻldi. Ikkinchi Maslahat uchrashuvi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilning 29-noyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtdi. Toshkent uchrashuvidan soʻng Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqinlashuvi qaytarib boʻlmas jarayonga aylandi. 29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan oxirgi uchrashuv natijalariga koʻra, barcha davlat rahbari bilan qoʻshma bayonot imzolandi. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari oʻrtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, yoshlar siyosati boʻyicha barcha kelishuvlar mavjud boʻlib, tabiiyki, Afgʻoniston masalasi ham koʻtarilgan. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Afgʻoniston muammosini hal qilish juda muhimdir. Bugungi kunda Markaziy Osiyoga asosiy tahdid Afgʻonistondan keladi.

    Afgʻoniston — mintaqaning ajralmas boʻlagi

    Oʻzbekistonning mintaqaviy tashqi siyosati haqida gap ketar ekan, yana bir muhim yoʻnalish — bu, shubhasiz, Afgʻonistondagi vaziyatdir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Afgʻoniston Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi hisoblanib, ikki mamlakat xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-tamaddun makonda yashab kelgan. Taʼkidlash kerakki, hozirda dunyo hamjamiyatida Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarning sezilarli faollashuviga turtki bergan hodisa, bu — 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiya sanaladi. Anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinchlikparvar muzokaralarni zudlik bilan boshlash zarurligi boʻyicha mintaqaviy va global darajadagi yagona pozitsiyani namoyish etdi. Bu qadar samarali tashabbusni qudratli davlatlar ham ilgari sura olmagandi.

    Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor maqsad bu, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ushbu yoʻnalishda keng qamrovli harakatlarni amalga oshirishdir. Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyodagi yangi mintaqaviy hamkorlik Afgʻoniston masalasida ham yagona pozitsiya shakllanishiga olib keldi. Xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining 2019-yil Toshkent shahrida oʻtkazilgan ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida qabul qilingan Qoʻshma bayonotda barcha davlatlarning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishdan manfaatdorligi aks ettirildi. Bunda mintaqa davlatlari Afgʻonistonni Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarga jalb etish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Eng asosiysi, Toshkentning Afgʻoniston yoʻnalishidagi yangilangan siyosati va tashabbuslari butun Afgʻonistonda — mamlakat aholisi, rasmiy hukumat, turli siyosiy kuchlar tomonidan munosib kutib olinmoqda.

    Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlarning faollashuvi natijasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli darajada yuksaldi. Xususan, ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2019-yilga kelib, 617 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2015-yilga nisbatan 28 foiz yuqoridir. Savdo-iqtisodiy aloqalarning faollashuvi transport-logistika sohasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Misol uchun, 2019-yilga kelib, temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi 10 foiz oshib, 1,1 million tonnaga yetdi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik energetika sohasida ham jadallashmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr energiyasini yetkazib berish hajmini 2002-yilga nisbatan 30 baravarga oshirdi. Ikki tomonlama munosabatlarning muhim yoʻnalishlaridan yana biri, bu — afgʻonistonlik malakali kadrlarni tayyorlash masalasidir. Ushbu maqsadda 2018-yil Termiz shahrida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish markazi ochilib, uni 136 nafar afgʻonistonlik talaba yakunladi. Ushbu bitiruvchilar Afgʻoniston parlamenti, vazirlik va idoralarda faoliyat koʻrsatyapti. Hozirgi kunda Termizdagi oʻquv markazida 172 nafar afgʻon talabasi tahsil olmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, ularning 46 nafari afgʻonistonlik qizlar.

    Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi ikki marta quruqlik bilan oʻralgan Oʻzbekistonning transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini oshiradi. Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalarimiz kengayadi. Dunyoning iliq portlariga chiqishning qisqa yoʻli paydo boʻladi. 2021-yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga doir yuqori darajadagi xalqaro konferensiya oʻtkazish rejalashtirilayotgani ham bejiz emas. Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlandi. Bu loyihaning roʻyobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.

    Bejiz xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonning mintaqadagi, shu jumladan, Afgʻoniston yoʻnalishidagi tashqi siyosati mamlakatni investorlar uchun jozibador va xalqaro hamjamiyatda ishonchli hamkor sifatida gavdalanishiga sabab boʻlayotganini yozayotgani yoʻq. Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatida olib borayotgan butkul yangicha islohotlar nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatyapti, shu bilan birga, uning xalqaro maydondagi muhim davlatlardan biri sifatida tan olinishiga olib kelmoqda.

    Suv masalasidagi muammolar yechim topdi

    Bir vaqtlar Oʻzbekiston suv masalasida urush olib borishga tayyorligi borasida tahdidli bayonotlar yangragan edi. Ammo Prezidentimizning uzoqni oʻylab olib borayotgan tashqi siyosati qoʻshnilar bilan asriy doʻstligimizni tikladi va mustahkamladi. Shavkat Mirziyoyev oʻz siyosati bilan dunyo siyosat maydonida urushlarga barham beruvchi global siyosatchi sifatida tarixga kirdi. Toʻgʻri, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda koʻp suv isteʼmol qiladi, chunki bizning aholimiz va iqtisodiyotimiz juda katta. Mintaqada suvga talab doimiy ravishda oʻsib bormoqda: aholi koʻpaymoqda, iqtisodiyot kengaymoqda, sanoat va qishloq xoʻjaligi rivojlanmoqda. Boshqa tomondan, suv manbalari kamayib bormoqda. Lekin shunday sharoitda qoʻshnilar bilan til topisha oldik. Bugun ­Oʻzbekistonning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli muammo barham topdi. Yodingizda boʻlsa, Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimida joylashgan Tojikiston va Qirgʻizistonda baʼzi obyektlarning qurilishi, masalan, Tojikistonda Rogʻun GESi yoki Qirgʻizistonda Qambarota-1, Qambarota-2 GESlarining qurilishiga uzoq vaqt davomida qarshilik koʻrsatildi. Oʻzbekistonning yaxshi qoʻshnichilik siyosati tufayli ushbu savollar olib tashlandi.

    Markaziy Osiyoda barpo etiladigan barcha obyektlar qoʻshni davlatlar manfaatlarini inobatga olgan holda qurilishi zarurligi kelishib olindi.

    Pandemiya hamkorlikka toʻsiq boʻlolmaydi

    Koronavirus pandemiyasi xavfiga qaramay, bugungi kunda mintaqa mamlakatlari oʻrtasida faol hamkorlik mavjud. Davlat rahbarlari doimiy ravishda telefon orqali muloqot qiladi. 2020-yilning oʻzida Oʻzbekiston Prezidenti mintaqa davlat rahbarlari bilan 40-marta suhbatlashgani fikrimizni isbotlaydi. Xalqimizda shunday maqol bor: “Doʻst boshingga kulfat tushganda bilinadi”. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki kunlaridanoq mamlakatlar bir-biriga ijtimoiy yordam koʻrsatishni boshladi. Oʻzbekiston Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va Tojikistonga yordam yubordi. Bunga javoban, Qirgʻiziston va Tojikiston singari qoʻshnilarimiz Sardoba suv omborini tiklash uchun insonparvarlik yordamini koʻrsatdi. Yaratilgan doʻstlik, qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik muhiti pandemiya sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va, umuman, ular oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

    Shubhasiz, mamlakatlarimiz hozirgi koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolmaydi. Yangi vazifalar haqida gapirar ekanmiz, davlatimiz rahbari 29-dekabr kuni parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berganini aytish joiz. Oʻzbekiston tashqi siyosatining birinchi ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan konstruktiv siyosatni ishlab chiqish va davom ettirish belgilandi. Tabiiyki, biz bugungacha boʻlgan munosabatlarni rivojlantirishni, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kuchaytirishni va iqtisodiy hamkorlikka katta ahamiyat berishni davom ettiramiz. Qozogʻiston bilan savdo hajmini 5 milliard dollarga, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

    Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi oʻzgarishlar toʻplanib qolgan muammolarni mamlakatimiz rahbari tomonidan hal qilishga kompleks yondashilayotganini koʻrsatadi. Bu oʻzgarishlarni xalqaro hamjamiyat ijobiy kutib oldi va eʼtirof etmoqda. Shubhasiz, bularning barchasi 2021-yilda yana-da koʻproq manfaatli hamkorlik uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi islohotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligini kuchaytirishning muhim koʻrsatkichiga aylandi. Mintaqa tobora tarqoqlikdan hamkorlik sari intilmoqda. Istiqbolda biz yana-da tub bunyodkorlik jarayonlariga guvoh boʻlishimiz mumkin. Binobarin, mintaqani umumiy qadriyatlar, madaniyat, din va tarix birlashtirib turadi. Shu maʼnoda, mintaqa xalqaro maydonda oʻzini yangi bir shakl-shamoyilda namoyish etish, oʻz imidjini yaxshilab olish, chet el investitsiyalarini yana-da koʻproq jalb qilish imkoniga ega. Zero, bular barcha mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi.

    Abdugʻaffor QIRGʻIZBOYEV,

    tarix fanlari doktori, professor