Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish Milliy strategiyasi tasdiqlandi

    Moliya 17 Iyul 2021 4557

    2021-2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish Milliy strategiyasi tasdiqlandi.

    Milliy strategiyaning bosh maqsadi aholining barcha qatlamlari va kichik biznes subyektlari uchun arzon va yuqori sifatli moliyaviy mahsulotlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlgan dinamik, innovatsion va inklyuziv moliya tizimini yaratishdan iborat.

    Milliy strategiya 2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.

    Soʻnggi yillarda bank-moliya tizimida bir qator islohotlar amalga oshirilganiga qaramay, ayrim jihatlari moliyaviy xizmatlar ommabopligi darajasining jadal surʼatlarda oʻsishiga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan,

    • mamlakat bank-moliya sektorining davlatning iqtisodiyotga aralashuvi yuqori darajada ekanligi, bank sektorining ustun mavqei va normativ-huquqiy bazadagi kamchiliklar sohada raqobat va innovatsiyalarni cheklamoqda;
    • moliyaviy texnologik (fintex) kompaniyalar, nobank kredit tashkilotlari, shu jumladan mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va lizing kompaniyalari yetarli darajada rivojlanmaganligi sababli ular banklarga raqobatchi boʻla olmayapti;
    • xarajatlarni optimallashtirish, moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash hamda ularning qamrovini oshirishda zamonaviy texnologiya yutuqlaridan yetarli darajada foydalanilmayapti;
    • moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish boʻyicha koʻrilgan choralarda asosan isteʼmolchilar manfaatlari koʻzlanib, xizmat koʻrsatuvchilarning iqtisodiy manfaatdorligiga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan.

    Milliy strategiyaga koʻra, 2023-yilgacha tijorat banklarining ayrim xizmatlari agentlik shartnomasi asosida uchinchi shaxs tomonidan koʻrsatiladi.

    Sinov tariqasida Aloqabank plastik kartalarini Oʻzbekiston pochtasi orqali mijozga yetkazib berish, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish kabilar amalga oshiriladi. Shuningdek, omonatlar jozibadorligi, naqd pulsiz hisob-kitob shakllarining keng qoʻllanilishi, kliring tizimining rivojlanishiga imkon yaratiladi.