Muammolarga mahallaning oʻzida yechim topilmoqda

    Prezidentimiz tashabbusi bilan 22-mart yurtimizda mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilangan. Anʼanaviy tarzda nishonlanayotgan ushbu bayram yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi – Navroʻz tantanalari davom etayotgan shukuhli kunlarga toʻgʻri kelishida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor.

    Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish orqali fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu tamoyil asosida mahallaning oʻrni va nufuzini yuksaltirish borasidagi islohotlar bugun oʻz samarasini bermoqda.

    Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz keng koʻlamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholini ijtimoiy qoʻllab­quvvatlash borasidagi katta xizmatlari, xalqimiz orasida oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash, koʻp asrlik anʼanalarimizni asrab­avaylash, maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash hamda oilalarda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Mening ham kamtarona xizmatlarim yuksak baholanib, “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrildim. Bu mukofot zimmamizga katta masʼuliyat yukladi.

    Bugun Toshkent viloyatining 1020 ta mahalla fuqarolar yigʻinida shuncha hokim yordamchisi faoliyat yuritmoqda. Ular uyma-uy yurib, har bir xonadon holatini oʻz koʻzi bilan koʻrib, iqtisodiy ahvolni tahlil qilmoqda. Bu ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlarni ishga joylashtirish hamda imtiyozlarning toʻgʻri va shaffof yetkazilishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

    Taraqqiyot strategiyasida koʻzlangan maqsadlar samarasi Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Chigʻiriq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashayotgan oddiy odamlar hayotiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Buni ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish, davlat organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani taʼminlash, mahalladan davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni qoʻllab-quvvatlash, hokim yordamchisi institutining samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish kabi bir qator muhim jihatlarda koʻrish mumkin.

    Ayni paytda mahallamizda 1600 ga yaqin kishi istiqomat qiladi. Ular toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi. Yaqin-yaqingacha mahallada ishsizlik darajasi yuqoriligi bois, yoshlar orasida jinoyatchilik, oilaviy ajralishlar soni nisbatan yuqori edi.

    Odamlarning iqtisodiy farovonligi oshgani, mehnat bilan band boʻlgani hisobiga mahallada bu yil jinoyatchilik umuman yuz bermadi, ajrashish ham boʻlmadi. Sababi, yoshlar ham, oʻrta yoshdagilar ham ish bilan band. Ish bilan band boʻlmaganlari hunar oʻrganyapti yoki biror kasbga yoʻnaltirilyapti.

    Mana, hozir ayni ekin-tikin payti. Mahallada aholining 18 gektardan oshiqroq tomorqa maydoni bor. Ular avvallari bir marta hosil olgan boʻlsa, tajribali dehqonlar tushuntirish ishlari olib borishi natijasida endi uch-toʻrt martadan hosil olib, daromad topyapti. Kimdir qalampir, kimdir baqlajon, yana kimdir loviya ekkan. Boshqalarida esa issiqxona bor. Qisqasi, boʻsh tomorqaning oʻzi yoʻq. Bularning tag zamirida mehnat va uning orqasidan keladigan iqtisodiy daromad yotibdi.

    Agar oʻtgan yillar misolida koʻradigan boʻlsak, fuqaro murojaat bilan hokimlikka borgan, bugun esa mahallaga kelyapti. Hokim yordamchilari tashkilotlarni bevosita mahallaga chaqirib, aholi muammolarini birgalikda yechyapti. Natijada fuqarolar murojaatlari oʻtgan yildagiga nisbatan 50 foiz qisqardi.

    Oʻzim tadbirkorman. Shu bois, aholini ham tadbirkorlikka undab kelaman. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida “Onlayn mahalla” platformasi orqali jami 48 ta loyihaga ijobiy tavsiyanoma olishga erishdik. Shuningdek, birgina oʻtgan yili 25 ta yangi subyekt tashkil etildi, 4 oilaga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi. Qiziqishi va xohishi bor xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, hali oldimizda bajarilishi muhim boʻlgan qator vazifalar bor. Bizga yaratib berilgan imkoniyat va bildirilgan yuksak ishonch esa ana shu yoʻlda barchamizga kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

    Odiljon OTAULLAYEV,

    Nurafshon shahridagi

    “Chigʻiriq” MFYdagi hokim yordamchisi