Mudom yongay uyda chirogʻing

    Quyi Chotqol GES ishga tushirilgach, 122 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi

    Bu yil togʻlarga qor erta tushdi. Uning choʻqqilarga yoygan choyshabi quyosh nurlarida kumushday yatiraydi. Oftob yogʻdusi Chotqol daryosi kesib tushgan daraga ham taralayotganiga qaramay, esayotgan sovuq shamol etni junjiktiradi, koʻzni ochirtirmaydi.

    — Bu yerda shamol gidrostansiyasini ham qurish kerak ekan, — deyman hamrohlarimizga shamolning katta kuchiga ishora qilib.

    —Bu jihat ham har tomonlama oʻrganilgan, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov. — Hozirgi tehnologiyalar uchun bu yerda esadigan shamol tezligi kuchlilik qiladi. Generatorlar koʻtara olmaydi. Nasib etsa, olim-muhandislarimiz ularni takomillashtirsa, kuchli shamollarda ham ishlaydigan stansiyalar yaratilsa, albatta, ulardan ham foydalanamiz.

    Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, endilikda biz gibrid stansiyalar qurishimiz kerak. Quyi Chotqol GESi ham shunday barpo etiladi, Togʻ yon bagʻirlariga quyosh panellarini oʻrnatamiz, Suvdan ham, quyoshdan ham elektr energiyasi hosil qilinadi.

    Chotqol daryosi dengiz sathidan 4000 metrgacha balandlikda joylashgan muzliklardan boshlanadi. 217 kilometr yoʻl bosib Chorvoq suv omboriga kelib quyiladi. Uning Boʻstonliq tumanidagi togʻ etaklariga tutash qismi Quyi Chotqol deb ataladi. Mana shu kenglikda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan,“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan qurilish ishlari olib borilyapti.

    Har qanday katta qurilish loyihadan, muayyan maydonni tanlashdan boshlanadi. GESning loyihasi Markaziy Osiyoda eng nufuzli tashkilotlardan hisoblangan “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar Turkiyaning “Dolsar Engineering“ va Eronning “U suv alan ” Ltd loyiha tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

    GES qurilishi uchun bu yer tanlanganida, daraning ikki tomoni tik toshli togʻlardan iborat boʻlgani uchun texnika tugul, odamning yurishi qiyin boʻlgan. Quruvchilar bu yerda avtotransport yoʻllarini qurish, koʻpriklar solish uchun tunu kun, har qanday ob-havo sharitida ishlashlariga toʻgʻri keldi. Xususan, daryo ustidan oʻtgan uzunligi 63, eni oʻn metr boʻlgan yangi koʻprik 100 tonna yukni koʻtara oladi. U zamonaviy standartlar asosida mustahkam barpo etilgan. Undan yelkasiga oʻnlab tonna yuk ortgan qudratli texnikalar bemalol oʻtib,qaytmoqda. GES yonida koʻchma beton zavodi ham barpo etildi. Bu yerda soatiga 60, kuniga 400—600 kub metr tayyor beton qorishmalari qurilish ishlariga yetkazib berilmoqda. Shu tufayli quruvchilar GESning asosiy 438 metrlik suv tunnelini belgilangan rejaga muvofiq, bitkazilib, betonlash ishlari ham sifatli bajarishdi.

    Endilikda ana shu tunneldan daryo suvi oqmoqda. Bu, oʻz navbatida, Quyi Chotqol oʻzanini toʻsish va toʻgʻon qurilishi uchun suvning yoʻnalishini vaqtincha boshqa tomondan yoʻnaltirib turishga zaruriy sharoit yaratdi.

    Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda mazkur GESning iqtisodiyotimizda tutgan oʻrni va afzalliklari haqida soʻz bordi.

    Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning qayd etishicha, yangi gidroinshoot 60 oy davomida, yaʼni 2025-yilgacha qurilib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, GES ishga tushirilgach, uning mamlakat ichki yalpi mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 25 477,8 ming yevroni tashkil qiladi va 122 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Qurilish jarayonida uch mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilsa, inshoot ishga tushgach, 50 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    — Barpo etilayotgan ushbu GES loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt boʻlgan 4 ta gidroagregatni oʻrnatish moʻljallangan, — deydi “Gidroproyekt” bosh direktori Roman Orishkuk. — Ularning oʻrnatilgan quvvati 90 MVt boʻlib, yillik oʻrtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 292,24 million kilovatt-soatga teng. Uning asosiy asbob-uskunalari normativ muddatlarga koʻra, 40 yilgacha xizmat qilishi mumkin, amalda esa ular 80 yilgacha ham ishlaydi. Yana bir jihati, u temir betondan quriladi. Inshoot gidrologik rejimga taʼsir qilmaydi va gidrobiologik obyektlarga zarar yetmaydi, atrof-muhit va tabiat oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatmaydi.

    Qurilishi boshlanayotgan Quyi-Chotqol suv omborining loyiha boʻyicha umumiy suv toʻplash hajmi 6,8 million kub metrni tashkil etadi. Lekin bu jarayonda yaylov yoki qishloqlar suv tagida qolmaydi, Daraning besh kilometrdan ortiq qismi suv ombori vazifasini oʻtaydi.

    Hisob-kitoblarga qaraganda, yangi GES ishga tushirilgach, uning mamlakat ichki yalpi mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 25 477,8 ming yevroni tashkil qiladi va 122 mingdan ortiq uy xoʻjaligini elektr energiya bilan taʼminlashga xizmat qiladi. 50 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    — Agar qurayotgan ushbu GESimizni issiqlik elektrostansiyalariga nisbatan qiyoslaydigan boʻlsak, kun davomida elektr energiyaga talab keskin oshgan davrda ham uni yetkazib bera oladi, — deydi Abdugʻani Sanginov. — Har yili 91 283,4 ming kub metr tabiiy gazni iqtisod qiladi, Ekologik jihatdan toza elektr energiyasini ishlab chiqarishi bois atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi qisqaradi. Elektr energiya tannarxi nisbatan past, yaʼni issiqlik elektrostansiyalari tomonidan uzatiladigan elektr energiya narxidan 8-10 barobar arzon boʻladi. GES va uning asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qilishning texnik muddati uzoq, issiqlik elektrostansiyalardan ikki barobar koʻproq vaqtga xizmat qiladi.