Muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash tartibi tasdiqlandi

    DXX raisining buyrugʻi bilan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi tasdiqlandi.

    DXX raisining “Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” buyrugʻi imzolandi (11.11.2024-y. AV roʻyxat raqami-3570).

    Tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga koʻra, muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga egalik qiluvchi subyektlar har yili kamida bir marta ushbu obyektlarni toifalashi shart. Buning uchun tegishli komissiya tuzish lozim.

    Muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalashning quyidagi mezonlari belgilanmoqda:

    yuqori darajadagi:

    kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli juda koʻp miqdorda zarar yetishi, 20 dan ortiq odamning sogʻligʻiga zarar yetishi, 500 dan ortiq odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi yoki katta ekin maydoniga* teng boʻlgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi mumkin boʻlgan obyektlar;
    davlat sirlariga oid maʼlumotlar aylanmasi mavjud boʻlgan, shuningdek yoqilgʻi-energetika, atom energetikasi, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya va qoʻriqlanadigan shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik turgan joylardagi obyektlar;

    oʻrta darajadagi

    kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli koʻp miqdorda zarar yetishi, 10 dan ortiq, biroq 20 dan koʻp boʻlmagan odamning sogʻligʻiga zarar yetishi, 100 dan ortiq, biroq 500 dan koʻp boʻlmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi, oʻrtacha kattalikdagi** ekin maydoniga teng boʻlgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi yoki davlatning nufuzi va obroʻsiga zarar yetishi mumkin boʻlgan obyektlar;

    past darajadagi:

    yuqori va oʻrta darajadagi muhim axborot infratuzilmasi obyektlari toifasiga kirmaydigan obyektlar.

    Obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining reyestrinini yuritish uchun Davlat xavfsizlik xizmatiga yuboriladi.

    *Katta ekin maydoni – 1000 kvadrat metr va undan ortiq boʻlgan ekin maydoni
    **Oʻrtacha kattalikdagi ekin maydoni – 250 kvadrat metrdan 1000 kvadrat metrgacha boʻlgan ekin maydoni (JK)

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 13.11.2024-yildan kuchga kirdi.